O‘zbekiston | 21:38 / 15.06.2022
10944
4 daqiqa o‘qiladi

Har yilgi an’ana: OTMga qabul yana kech boshlanadi, kvotalar haligacha aniqmas

Qonunchilikka ko‘ra, OTMlarning bakalavriatiga qabul 15 iyundan boshlanishi kerak edi, biroq hali ham kvotalar tasdiqlanmadi, hozircha jimjitlik. Lekin bu yangilik emas: avvalgi yillari ham mas’ullar belgilangan muhlatga ulgurishmasligi ko‘p marta kuzatilgan.

Foto: Kun.uz

Bugun, 15 iyun kuni OTMlarning bakalavriat bosqichi uchun onlayn qabul boshlanishi kerak edi. Lekin Davlat test markazi jim: qabul boshlanishi haqida xabar bergani yo‘q. Sababi – qabul kvotasiga oid qaror hali qabul qilinmagan, qaror qabul qilingandan keyin esa yana bir jarayon – kvota tillar kesimida va maqsadli qabul parametrlari tasdiqlanishi kerak.

Demak, oldinda hali 2 ta jarayon bor: kvotaga oid prezident qarori va undan so‘ng Ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasining bayoni tasdiqlanishi kerak.

Qachon tasdiqlanishi mumkin?

Davlat test markazidan olingan ma’lumotga ko‘ra, hozircha kvotalar qachon tasdiqlanishi va qabul qachondan boshlanishi aniq emas.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kun.uz'ga bergan ma’lumotiga ko‘ra esa, kvotalar “yaqin orada” tasdiqlanishi kutilmoqda.

Biroq hozircha qachon degan savolga javob yo‘q. Lekin bir narsa aniq: baribir kechikildi, belgilangan sana – bugundan qabul boshlanmadi.

Qonunchilik nima deydi

Hukumat qarori bilan Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlangan.

Mazkur reglamentga ko‘ra, OTMlarga bakalavriatga hujjat topshirish har yili 15 iyundan 15 iyulgacha amalga oshirilishi kerak.

Umuman olganda, OTMlarga qabul bilan bog‘liq qonunchilikka aksar hollarda amal qilinmaydi. Kirish imtihonlarining javoblari ham kech e’lon qilinishi bunga misol.

Biroq...

Reglament muddatiga qaramasdan qabul kvotalari tasdiqlanmadi va onlayn hujjat topshirish boshlangani yo‘q. Huquqshunos-bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev bu haqda shunday yozadi:

“Demak, 2022 yil ham kvotalar qabul boshlangandan keyin kechikib tasdiqlangan yil sifatida tarixga kiradi.

Umuman olganda, bu O‘zbekiston uchun yangilik emas. Bunaqasi ilgari ham ko‘p bo‘lgan va bu ketishda hali yana ko‘p bo‘lsa kerak. Uzoqqa bormaymiz, masalan, o‘tgan yili qabul kvotalari 22 iyun kuni tasdiqlangandi. Ya’ni rasman qabul boshlanishi kerak bo‘lgan sanadan 1 hafta kechroq. Shu sababli qabul muddati ham 22 iyundan 22 iyulga qadar deb uzaytirilgandi.

Joriy yilda ham kvotalar kechikayotgani sababli qabul muddatlari uzaytirilsa kerak”.

Nimalar kechikyapti?

Joriy yildan 6 ta OTMda chet tili birinchi fan bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlarida ijodiy imtihon olinadi. Qabul kvotasiga oid prezident qarori loyihasida bu ta’lim yo‘nalishlarida qabul boshqalarga qaraganda ertaroq – 15 iyundan 5 iyulgacha etib belgilanishi qayd etilgan. Va ularda imtihon asosiy testdan oldinroq o‘tkazilishi reja qilingan. Umumiy qabulning kechikishi imtihonlarni, o‘z navbatida, ijodiy imtihonlarni kechiktirishi mumkin.

Qolaversa, bu yil istisno tariqasida 5 yil stajga ega bo‘lgan xotin-qizlarga ajratiladigan 500 ta kvota uchun tavsiyanoma oluvchilar ham qabul boshlanadigan kundan Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining hududiy bo‘limlariga murojaat qilishlari kerak. Qabul kechiksa, bu jarayon ham kechikishi ehtimoli yo‘q emas.

Tayyorgarlik uchun qo‘shimcha vaqt

Amaldagi tartibga ko‘ra, kvotalar tasdiqlanishi kechikayotgan bo‘lsa-da, abituriyentlar xavotirga tushmasdan tayyorgarlik ko‘rishda davom etishlari lozim. Qabul boshlanguncha esa eng yaxshisi – qaysi kasb tanlashni yaxshiroq o‘ylab olishlariga ham yana bir bor vaqt ajratishlari imkoni bor.

Зилола Ғайбуллаева
Muallif Зилола Ғайбуллаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid