O‘zbekiston | 18:14 / 15.06.2022
22401
7 daqiqa o‘qiladi

«Men hali bu yerga ko‘p kelaman» - AQSh qo‘mondoni O‘zbekistonga safari taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi

Kuni kecha O‘zbekistonga tashrif buyurgan AQSh Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Maykl Kurilla kelishdan asosiy maqsadi mintaqa xavfsizligini ta’minlashda zarur bo‘lgan munosabatlarni o‘rnatish ekanligini bildirdi.

Chapdan QK Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Shuhrat Xolmuhammedov va AQSh Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Maykl Kurilla / Foto: Kun.uz

«O‘zbekiston mintaqada yetakchi, O‘zbekistonning xavfsizligi esa mintaqa xavfsizligidir. Bu men uchun «boshqalarni tinglash»ga asoslangan tashrifning bir qismidir, bu Markazqo‘m mas’ul bo‘lgan hududlardagi mamlakatlarga tashrifdir. Men har bir mamlakat rahbariyatidan ular duch kelayotgan tahdidlar, munosabatlardagi bo‘shliqlar va eng muhimi, sherikchiligimizni mustahkamlash uchun istiqboldagi imkoniyatlar haqida eshitishni istayman. Bu safar yakunida men o‘zimning 90 kunlik hisobotimni AQSh rahbariyatiga topshiraman.

…Men o‘z kuzatuvlarimda AQShdagi bosh qarorgohimizda turgan holda emas, balki shaxsan va yuzma-yuz uchrashuvdagi suhbatlarimizga asoslanaman», – deydi AQSh rasmiysi.

General Kurilla, shuningdek tashrif davomida unga O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Shuhrat Xolmuhammedov hamrohlik qilgani va u bilan ko‘plab muhim masalalarni muhokama qilganini ta’kidlagan.

Mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov AQSh Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Maykl Kurillani kutib olmoqda / Foto: Kun.uz

«Muhokamalar chog‘ida biz harbiylarimiz 20 yil davomida to‘plagan jangovar tajribalardan olgan saboqlar bilan bo‘lishish imkoniyatini izladik. Bu saboqlar qatorida jangovar tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash ham bor. So‘nggi 20 yildagi janglar davomida qurolli kuchlarimiz texnologiya, harbiy texnika va ilg‘or tajribalar to‘plash borasida ko‘p narsalarni o‘rganishdi. Endi biz o‘zbekistonlik hamkorlarimiz bilan o‘sha olgan tajribamizni o‘rtoqlashamiz. Shuningdek, biz o‘zbekistonlik harbiylar amerikalik harbiylar uchun qimmatli bo‘ladigan jangovar tayyorgarlik, texnika va qoidalarni ham o‘rganib olishga umid qilamiz».

AQSh Markazqo‘m rahbari O‘zbekiston rahbariyatini Yaqin Sharqdan o‘z vatandoshlarini qaytarish bo‘yicha qilgan sa’y-harakatlarini olqishlashini aytgan.

Shuningdek, Maykl Kurilla uchrashuvlarda maxsus amaliyotlar bo‘yicha ikki davlat harbiylari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘llari muhokama qilinganini ta’kidlagan.

«Bizning maxsus amaliyot kuchlarimiz bo‘lishish uchun juda katta tajribaga ega, ammo ular bu borada o‘zbekistonliklardan ham o‘rganishlari mumkin. Ikki mamlakat maxsus amaliyot kuchlari o‘rtasida allaqachon mustahkam hamkorlik o‘rnatilgan va biz bu hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish yo‘llarini izlamoqdamiz. Darhaqiqat, tashrifim chog‘ida qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etayotgan Amerika va O‘zbekiston maxsus kuchlari rahbarlari soha yangiliklari borasida menga qisqa hikoya qilib berishdi», – deydi u.

Prezident Shavkat Mirziyoyev general Maykl Kurilla boshchiligidagi harbiy delegatsiyani qabul qilmoqda / Foto: Prezident matbuot xizmati

Samarqandga tashrifi taassurotlari bilan ham o‘rtoqlashgan amerikalik general o‘zi guvohi bo‘lgan ko‘pkari – xalq o‘yiniga qattiq qiziqib qolganini va keyingi safar qatnashish uchun yana kelishini aytgan.

«Bir muddat o‘zbek xalqi bilan bo‘lish hayotimga katta ma’no olib kirdi. Ofisda o‘tirgan holda biror xalq madaniyatini his qilib bo‘lmaydi. Dunyoning narigi chekkasida turarkan, videoanjuman orqali murakkab, jasur va ajoyib bir jamiyatni tushunish ham osonmas. Buning o‘rniga, O‘zbekistonni chin ma’noda anglashni istagan kishi viloyatlarga borib, raqslarini tomosha qilishi, qo‘shiqlarini eshitishi, ko‘pkarida bellashayotgan tulporlarning jiqqa terga botishini ko‘rishi, «Registon» majmuasi me’morchiligidan zavqlanishi lozim.

Bahodir Qurbonov general Maykl Kurillaga Mudofaa vazirligi binosidagi Amir Temur hayotiga doir bo‘rtma tasvirlar haqida ma’lumot bermoqda / Foto: Kun.uz

Tashrifim chog‘ida ko‘rganim ko‘pkari ishtirokchilarining mahorati, shijoati va saboti meni shu qadar qiziqtirib qo‘ydiki, bu yil salqin oylarda bu musobaqada o‘zim ham ishtirok etish uchun yana qaytib kelishga qaror qildim

Bu men uchun ajoyib tashrif bo‘ldi. Lekin bu oxirgi safarim emasligiga ishonchim komil. Ayniqsa, bu yerda ko‘rganlarim, eshitganlarim va uchrashganim dilkash odamlar meni bu yerga yana kelishga undamoqda. Men hali bu yerga ko‘p kelaman. Tez orada meni O‘zbekistonda ko‘pkari o‘tkaziladigan maydonda ko‘rasiz, degan umiddaman», – deydi general.

Eslatib o‘tamiz, 13 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Maykl Kurilla boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgan edi. Tomonlar O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish, mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi amaliy aloqalarni davom ettirishning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqqan.

Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov va general Maykl Kurilla boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilmoqda. / Foto: “Nigoh” telegram kanali

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov va general Maykl Kurilla o‘rtasidagi uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy va harbiy-texnikaviy sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingan.

Mudofaa vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuv / Foto: Kun.uz

AQSh Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Maykl Kurilla va Mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov o‘rtasidagi uchrashuvda esa aloqalardagi bo‘shliqlar va hamkorlikni rivojlantirish uchun qanday imkoniyatlar borligi muhokama qilingan.

Mavzuga oid