O‘zbekiston | 11:25 / 16.06.2022
17672
2 daqiqa o‘qiladi

Abdulaziz Komilov prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili lavozimiga tayinlandi 

Abdulaziz Komilov yangi lavozimga tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar bermoqda.

Foto: TIV matbuot xizmati

Qayd etilishicha, O‘zbekiston prezidentining tegishli farmoni bilan prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdulaziz Komilov O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili lavozimiga tayinlandi.

Kun.uz manbasi xabariga ko‘ra, Abdulaziz Komilov yangi lavozimga tayinlanishi bilan bir qatorda, Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida o‘z ishini davom ettiradi.

1994-2003 yillarda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligini boshqargan Abdulaziz Komilov 2003-2010 yillarda O‘zbekistonning AQShdagi elchisi bo‘lgan.

U 2010-2012 yillarda O‘zbekiston TIV rahbari o‘rinbosari sifatida ishlagan, 2012 yildan yana tashqi ishlar vaziri sifatida faoliyat yuritib kelgandi. 

2022 yil martida Abdulaziz Komilov salomatligidagi muammo tufayli xorijga davolanishga ketgani ma’lum qilindi

Aprel oyida esa O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri lavozimini egallab kelgan Abdulaziz Komilov prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Mavzuga oid