Jamiyat | 15:31 / 16.06.2022
18812
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand, Toshkent va Andijonda fuqarolarni pul evaziga o‘qishga kiritmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi

Samarqandda Samarqand davlat universiteti o‘qituvchisi, Toshkentda talaba, Andijonda esa texnikum direktori fuqarolarni o‘qishga kiritib qo‘yish uchun pul olayotganda qo‘lga olingan.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning xabar berishicha, departament hamda DXX Qo‘shrabot tumani bo‘limlari tomonidan 2022 yil 9 iyun kuni tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda, SamDU o‘qituvchisi S.M. fuqaro N.ni 4 ming dollar evaziga ushbu universitet qoshidagi “O‘zbekiston-Finlandiya” pedagogika institutining “Tasviriy san’at va chizmachilik” yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yishga kelishib, shundan 2 ming dollarni joriy yil 7 iyun kuni qo‘lga kiritib, qolgan 2 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tadbir davomida S.M. o‘z aybiga iqror bo‘lib, N.dan olgan 2 ming dollarni qaytargani protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Shu kabi, departamentning Toshkent shahar boshqarmasi hamda DXX xodimlari hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda, fuqaro U.M. va O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti talabasi N.R. fuqaro D.ni tanishlari yordamida ushbu universitetga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3,5 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bundan tashqari, departamentning Andijon viloyat boshqarmasi tomonidan fuqaro murojaatiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Bo‘ston tumani Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi direktori A.A. o‘z xizmat mavqeyidan foydalanib, fuqaro O.ni o‘zi rahbarlik qilib kelayotgan texnikumga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 300 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, yuqoridagi holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid