O‘zbekiston | 07:36 / 16.06.2022
30973
2 daqiqa o‘qiladi

Endi talabalarga o‘qishini ko‘chirishga faqat 2ta holatda ruxsat beriladi

Prezident qarori bilan, davlatga qarashli bir oliygohdan boshqasiga o‘qishni ko‘chirish tartibi qat’iylashtirildi. Endilikda oila qurgan talabaning turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi OTMga o‘qishini ko‘chirishi va davlat xizmatchisining ish joyi o‘zgarganda uning turmush o‘rtog‘i yoki 18 yoshga to‘lmagan farzandi o‘qishini ko‘chirishi mumkin.

Foto: Kun.uz

"Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida" prezident qarori qabul qilindi.

Oliy ta’lim vazirligining ma’lum qilishicha, talabalar o‘qishini davlat oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish bo‘yicha yangi tartib joriy etilmoqda.

Unga ko‘ra, davlat oliy ta’lim muassasalararo talabalar o‘qishini ko‘chirishga faqatgina quyidagi holatlarda ruxsat beriladi:

  • talaba oila qurishi munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda;
  • davlat organlari xodimlari ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda, tegishli vazirlik (idora) rahbari tavsiyasi asosida.

Boshqa hollarda bir davlat OTMdan boshqasiga (hududidan qat’i nazar) o‘qishni ko‘chirishga ruxsat etilmaydi.

Xorijiy mamlakatlar hamda respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy OTM filiallari va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha amaldagi tartib saqlanib qoladi.

Xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim muassasalarining mos bo‘lmagan va turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishga ruxsat etilmaydi.

Mavzuga oid