O‘zbekiston | 18:03 / 21.06.2022
22255
5 daqiqa o‘qiladi

“Tonirovka”ni bepul qilishni Konstitutsiyaga kiritish taklif qilindi. Akmal Saidov munosabat bildirdi

“Xalqning boshini oftob urib, issiqdan aziyat chekyapti”, degan fuqaro Konstitutsiyaviy komissiya a’zolaridan “tonirovka”ni bepul qilishni so‘radi. Komissiya raisi Akmal Saidov bu asosiy qonunga kiritadigan darajadagi masala emasligini aytdi. “Judayam to‘g‘ri, lekin buni Konstitutsiyada yozolmaymiz”, dedi u.

Fuqarolardan Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida kundalik hayotga doir ko‘plab maishiy takliflar ham kelib tushmoqda. Bu haqda Konstitutsiyaviy komissiyaning 17 iyun kungi yig‘ilishida komissiya raisi, Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov aytib o‘tdi.

“Judayam to‘g‘ri takliflar bor, lekin bizning Konstitutsiyamiz darajasida bo‘lmaganlari ham bor. Masalan, Yo‘l harakati xavfsizligiga doir taklif yuborilgan: “Hozirgi kunda YXH qoidalariga amal qilmaydiganlar ko‘p, shuning uchun ko‘p noxush hodisalar yuz beryapti. Shularni bartaraf etish maqsadida qat’iy choralar ko‘rish kerak. Ya’ni qoidani buzganlarga bir yil davomida haydovchilik guvohnomasini [qaytarib] bermaslik kerak. Undan keyin, boshidan nazorat ostida o‘qitib, komissiya oldida imtihon topshirishi kerak”, degan talablar qo‘yilmoqda.

Bu kundalik voqea juda ko‘pchilikni bezovta qilyapti. To‘g‘ri taklif, lekin Konstitutsiya darajasidagi taklif emas. Shuning uchun yig‘ma axborot-tahlil guruhi bu taklifni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni ko‘rayotganda e’tiborga olish mumkinligini aytmoqda.

Yana bir taklifda “Tonirovkani bepul qilinglar, xalqning boshini oftob urib, issiqdan aziyat chekyapti”, deyilgan. Judayam to‘g‘ri, lekin buni Konstitutsiyada yozolmaymiz. Buni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 126-moddasi “Ko‘zgusimon va (yoki) tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali, shuningdek tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish”ni cheklashga doir norma bor. Shu yerda qilish mumkin”, – dedi Akmal Saidov.

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda 1 iyuldan avtomobillar oynasini qoraytirish uchun belgilangan to‘lovlar bekor qilinishi haqida xabarlar tarqaldi, Kun.uz'ga izoh bergan IIV bunday masalada xabari yo‘qligini bildirdi.

Bundan tashqari, tarmoqlarda tonirovkani bekor qilish so‘ralgan murojaatlar yana ko‘paymoqda. Bunga yildan yilga jazirama tafti kuchayib borayotgani, 40-50 daraja issiqda qoraytirilgan oynalar huzur-halovat emas, hayotiy ehtiyoj hisoblanishi bot-bot takrorlanmoqda. Internet foydalanuvchilari davlat va hukumat mas’ullariga murojaat qilib, fuqarolarning talablariga e’tibor qaratishni so‘rashmoqda.

Aslida aprel oyidayoq internetda foydalanuvchilar avtomobil oynalarini qoraytirishni bepul qilishni so‘rab chellenj boshlashgan, ko‘plab o‘zbekistonliklar o‘z sahifalariga #tonirovka_jinoyat_emas heshtegi bilan videolar joylashgandi.

Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov ham O‘zbekistonda oxirgi vaqtlarda yoz haddan ziyod issiq bo‘layotgani, shu sabab avtomobillar oynasini qoraytirishni bepul qilish kerakligi, “tonirovka” uchun to‘lovlarning bekor qilinishi aslida inson qadrining bir ko‘rinishi ekanini ta’kidlagandi.

Allamjonovning ushbu chiqishi jamoatchilik faollari tomonidan iliq kutib olindi. Jumladan, deputat Rasul Kusherbayev ham bu fikrga qo‘shilishini ma’lum qildi. “Darhaqiqat, tonirovka jinoyat emas, xalq hisobidan, budjetdan tonirovka qildirish jinoyat. Gap egasini topadi”, deb yozgandi u.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun avtomobil oynalarini qoraytirishga ruxsat olish to‘lovi quyidagicha:

  • orqa yon oynalar – yiliga 4,5 BHM (1 mln 350 ming so‘m);
  • barcha yon oynalar – yiliga 45 BHM (13 mln 500 ming so‘m).

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 126-moddasiga ko‘ra, avtomashinani ruxsatsiz “tonirovka” qilish 25 BHM – 7,5 mln so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, 40 BHM – 12 mln miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid