O‘zbekiston | 09:05 / 22.06.2022
31144
5 daqiqa o‘qiladi

Kondagi “urush”, “yebto‘ymas” bakteriyalar – Uchquduqda oltin qazib olish jarayonidan reportaj

Ketma-ket chalingan ogohlantiruvchi va jangovar signallardan so‘ng karerda gumburlagan ovoz eshitiladi hamda osmonga chang-to‘zon ko‘tariladi. Bu kabi portlatish ishlari uchun kuniga 150 tonnagacha ammiakli selitra sarflanadi. 3-gidrometallurgiya zavodida esa tirik bakteriyalar oltinni ajratib olishda “ko‘maklashadi”. 

Uchquduq tumani hududida Buxoro amirligining yashirin oltin konlari bo‘lgani, u yerdan asosan tabiiy sochma oltin (samorodok) terib olingani haqida turli afsonalar uchraydi. Bu afsonalar qanchalik rost ekanini aniqlash mushkul. Ammo Qizilqum cho‘lining bu hududi uran va oltin zaxiralariga boyligi o‘tgan asrning 50-yillarida ma’lum bo‘lgan. Navoiy viloyati markazidan 300 km olisda joylashgan Uchquduqda sanoat usulida oltin qazib olish ishlari 1995 yilda, “Navoiy kon metallurgiya kombinati”ning Shimoliy kon boshqarmasi tarkibida 3-gidrometallurgiya zavodi ishga tushirilgach boshlangan. Bungacha hududda faqat uran qazib olingan. 

Uchquduqda oltin qazib olish biroz farqli. Ya’ni, oltinni ajratib olishda tirik bakteriyalar “yordami”dan foydalaniladi. Sababi hududdagi “Sharqiy” konidan asosan sulfidli ma’dan qazib olinadi. 4 893 gektar maydonni egallagan mazkur kon 27 ta karerdan iborat. Yillik qazib olinadigan ma’dan miqdori 4 mln tonna. Shu kabi “Daugiztov” konidan ham yiliga 4 mln tonna oltinli ma’dan qazib olinib, 3-gidrometallurgiya zavodiga olib kelinadi. 

Yer ostidagi rudani oltinga aylantirish bir nechta bosqichdan iborat va bunda minglab mutaxassis mehnat qiladi: geologlar ma’dan joyini aniqlaydi, hududga burovoy urish nuqtalari belgilanadi, chuqurlar kavlangach portlatuvchilar portlatish ishlarini bajaradi, ma’dan ulkan texnikalarda kondan tashib chiqilib, 3-gidrometallurgiya zavodiga jo‘natiladi, zavodda esa bir necha sexdan o‘tib, tayyor mahsulot ko‘rinishiga keladi.   

Ushbu jarayonlardan eng xavflisi, albatta, portlatish ishlari. Hozirda Shimoliy kon boshqarmasi tarkibidagi konlarda 20 nafardan ortiq portlatuvchi mutaxassislar ish olib boradi. Portlatish ishlari maxsus texnikalar yordamida kavlangan chuqurlarga ammiakli selitra yuborish orqali amalga oshiriladi.

27 yildan buyon faoliyatim bevosita portlatish bilan bog‘liq. Karerlarda kuniga uch marotabagacha portlatish ishlari olib boriladi, kunlik rejamiz 89 ming tonna metr³. Ushbu rejani bajarish uchun 130-150 tonna ammiakli selitra sarf qilamiz. Portlatishdan oldin 3 minut davom etadigan ogohlantiruvchi signal chalinadi. Bu vaqtda portlatishga aloqador bo‘lmagan xodimlar va texnikalar belgilangan hududdan chiqib ketishi kerak. Keyin ikki marta jangovar signal chalinadi va portlatiladi. Yarim soat davomida, havoga ko‘tarilgan chang va gazlar tarqalgunicha portlatilgan hududga hech kim kiritilmaydi”, — deydi “Sharqiy” koni portlatish uchastkasi boshlig‘i Vahobjon Boboyorov.

Urush sahnalarini eslatib yuboruvchi portlatish jarayonida xavfsizlikka qat’iy amal qilinadi. Shu sababli kondagi bu “urush”da ko‘ngilsiz hodisalar deyarli sodir bo‘lmaydi.

Oltin qazib olishdagi qiziq jarayonlardan biri 3-gidrometallurgiya zavodining biooksidlash sexida amalga oshiriladi. 138 nafar mutaxassis ish olib boradigan sexda tirik bakteriyalar yordamida oksidlash orqali sulfidli minerallardan oltin ajratib olinadi. Ya’ni bakteriyalar jarayonga salbiy ta’sir qiladigan minerallarni “yeyish” orqali oltinni ajratib olishda yordam beradi. 

3-gidrometallurgiya zavodida ushbu texnologiyaning 1-bosqichi 2008 yilda, 2-bosqichi esa 2011 yilda ishga tushirilgan. Hozirda u ishlab chiqarish quvvati bo‘yicha dunyoda yagona hisoblanadi. Kunlik ma’danni qayta ishlash quvvati 2 ming tonna konsentrantni tashkil qiladi. 

3-gidrometallurgiya zavodi biooksidlash sexi boshlig‘i Bobur Eshpo‘latov ushbu texnologiya haqida shunday deydi:

Ko‘kpatas” hamda “Daugiztov” konlaridan zavodga olib kelingan ma’dan dastlab maydalash sexidan o‘tadi. So‘ngra yanchish, flotatsiya jarayonlari olib boriladi. Navbatdagi bosqichda konsentrant bizning seximizga keladi. Bu yerda mahsulot bakteriya yordamida biologik va kimyoviy oksidlanadi. Qog‘ozga o‘ralgan shirinlikni tasavvur qiling, shu kabi oltinning ustini sulfid minerali o‘rab turgan bo‘ladi. Bakteriyalarimiz mana shu minerallarni oksidlab, oltinga yo‘l ochib beradi”. 

Biooksidlash sexida 96 soat mobaynida oksidlanib chiqqan mahsulot tozalash bosqichlaridan o‘tkazilib, quyish sexiga yuboriladi. U yerda esa 1 100 daraja issiqlikdagi maxsus pechlarda eritiladi va qoliplarga quyiladi.

Shimoliy kon boshqarmasi direktori Ne’matilla Ahatovning ta’kidlashicha, 3-gidrometallurgiya zavodi ishga tushgan ilk yillarda 1,27 mln tonna oltinli ma’dan qayta ishlangan bo‘lsa, 2021 yilda ushbu raqam 8 mln tonnani tashkil etgan. Yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni yanada oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid