Jahon | 20:15 / 23.06.2022
9312
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda mashhur blogerlarga meditsina va yurisprudensiya haqida fikr yuritish taqiqlandi

Xitoy Xalq Respublikasining davlat organlari ijtimoiy tarmoqlardagi nozik axborotlar ustidan nazoratni kuchaytirmoqda.

Foto: iStock

Xitoyda omma o‘rtasida tanilgan blogerlar, strimerlar va boshqa fikr yetakchilariga, agar ularda tegishli ma’lumot bo‘lmasa, meditsina va yurisprudensiya kabi yuqori toifadagi malaka talab etiladigan mavzularda fikr yuritish taqiqlandi. Bu haqda CNBC nashri Xitoyning radio va televideniye davlat boshqarmasi hamda Xitoy madaniyat va turizm vazirligiga asoslanib xabar bermoqda.

Yangi qoidalarga ko‘ra, inflyuyenserlar o‘zlari translatsiya olib borayotgan platformada malakasini tasdiqlashi shart bo‘ladi. Onlayn-strimlar maydonchalari administratorlari esa ixtisoslashtirilgan kontent mualliflarining malakasini tekshirish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.

So‘nggi 16 oy ichida Xitoy hukumati onlayn kontentni tartibga solishni kuchaytirgan va foydalanuvchilar uchun qo‘shimcha cheklovlar joriy etgan. Jumladan, 16 yoshdan kichik bo‘lgan bolalarga soat 22:00 dan so‘ng strimlarni tomosha qilish taqiqlandi.

Translatsiya mualliflariga hashamatli narsalar va shohona yashash tarzini namoyish etish, shuningdek, shahvoniy va provokatsion mohiyatga ega kontent tayyorlash taqiqlanadi. 

Mavzuga oid