Jamiyat | 20:24 / 02.07.2022
19288
2 daqiqa o‘qiladi

“Bolani yoshligidan pulga o‘rgatish kerak”

“Metallinvest” kompaniyasi rahbari Kamoliddin Sultonov 13 yoshida Chimkentdan tovar olib kelib bozorda sotganidan boshlab O‘zbekistondagi yirik metall sotuvchi kompaniyaga asos solguniga qadar bosib o‘tgan yo‘li haqida Transformatsiya ko‘rsatuvining bugungi sonida so‘zlab berdi.

“Yoshligimda otam og‘ir kasal bo‘lib qoldilar, 3 ta opam va meni boqish o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan onamning zimmalariga tushib qoldi. Onamning mushkullarini oz bo‘lsa-da yengil qilish maqsadida 13 yoshimdan boshlab Karvon bozorda savdo qilishni boshladim, lekin shu bilan birga maktabdagi o‘qishimni qoldirmadim, a’lochi o‘quvchilar qatorida edim”, - deb bolalik davrini eslaydi tadbirkor Kamoliddin Sultonov.

U 13 yoshida Chimkentga, 15 yoshida Bishkekka, 16 yoshida Olmaotaga, 18 yoshida esa Xitoy davlatiga borib tovar olib kelgani haqida gapirar ekan, taqdir taqozosi bilan yoshlikdan pul bilan muomala qilishni boshlagani bugungi erishgan yutuqlariga kuchli poydevor bo‘lib xizmat qilganini aytdi.

“Tadbirkor birinchi o‘rinda halol bo‘lishi kerak, ikkinchi o‘rinda qat’iyatli bo‘lishi va uchinchi o‘rinda qiyinchiliklarga  tayyor bo‘lishi kerak, deb yosh tadbirkorlarga maslahat beraman. Undan tashqari muvaffaqiyatli biznes egasi bo‘lish uchun albatta, “biznes ilmi”ni o‘rganish kerak. Dunyo istasang ham ilm o‘rgan, oxirat istasang ham.

Biznesda asosiysi pul emas, juda ko‘p marotaba 0 ga, hatto minusga ham tushib qolganman, lekin orttirilgan bilim va tajriba, qolaversa yaxshi jamoa bo‘lsa, yangitdan biznesni boshlab, katta marralarga erishsa bo‘ladi.

Bugungi kunda tadbirkorlarga bozor faqat Toshkent yoki O‘zbekiston emas, butun dunyoni bozor deb ko‘rishni, mahsulotlar sifatini oshirib, chet el davlatlariga eksport qilishdan cho‘chimaslikni, arzon mahsulotlar ishlab chiqarishni emas, yuqori texnologik tovarlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni tavsiya qilaman”, - deb ta’kidladi tadbirkor.

Ko‘rsatuv muallifi va boshlovchi – Abbos Rizqiyev.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid