Jahon | 19:39 / 04.07.2022
14133
3 daqiqa o‘qiladi

Italiyada muzlik ko‘chishi oqibatida olti alpinist halok bo‘ldi, yana 19 kishi qidirilmoqda 

Ko‘chki yuz bergan hududda bo‘lgan alpinistlarning aniq soni ma’lum emas. 

Foto: Getty Images

Italiyada Shimoliy Alpdagi muzlik ko‘chishi oqibatida yuzaga kelgan ko‘chki natijasida olti kishi halok bo‘ldi

Qutqaruvchilarning ma’lumot berishicha, to‘qqiz kishi jarohatlangan. O‘n to‘qqiz kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda, ular vertolyot va dronlar yordamida qidirilmoqda. 

Hududdagi eng baland Marmolada tog‘ida ulkan muz massasi ko‘chib tushgan. 

"Qor, muz va toshlardan iborat ko‘chki bir-biri bilan arqonlar yordamida bog‘langan alpinistlar guruhi bo‘lgan yo‘lga tushgan", - dedi Italiya favqulodda yordam xizmati matbuot kotibi Mikela Kanova. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘chki yuz bergan hududda bo‘lgan alpinistlarning aniq soni ma’lum emas. 

Jabrlanganlar yaqin-atrofdagi shifoxonalarga yotqizilgan, ulardan birining ahvoli o‘ta og‘ir deb baholanmoqda. 

Muzlik ko‘chishiga nima sabab bo‘lgani hozircha noma’lum. Italiya FVV vakili Uolter mahalliy televideniyega bergan intervyusida oxirgi kunlarda mintaqada g‘ayrioddiy yuqori harorat kuzatilganini aytdi. Muzliklar joylashgan tog‘ cho‘qqisida harorat 10 darajagacha isigan.

"Bu g‘ayrioddiy issiq", - dedi Milan.

Italiyalik alpinist Raynhold Messner La Repubblica gazetasiga bergan intervyusida muzlik oxirgi yillarda kichrayib borgani va tog‘larda juda kam muz qolganini aytdi.

Uning qayd etishicha, muzliklar ba’zan o‘z og‘irligi sababli ko‘chadi, biroq ularning erishiga global isish va yuqori harorat sababchi.

Jastin Roulatt, iqlim masalalari bo‘yicha muharrir

Biz Marmolada tog‘ida muzlik ko‘chishiga aynan nima sabab bo‘lganini bilmaymiz, biroq bunda global isish o‘z rolini o‘ynagani aniq. 

Alp tog‘larida iqlim juda tez o‘zgarmoqda: ayrim baholashlarga ko‘ra, u yerda harorat 2 darajagacha yuqori – bu sayyoradagi o‘rtacha haroratdan ikki baravarga baland. Natijada muzliklar erimoqda. 1850 yildan buyon ularning maydoni ikki baravarga kamaydi, 80-yillar oxirlaridan boshlab erish tezlashdi. 

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid