O‘zbekiston | 17:41 / 04.07.2022
19421
4 daqiqa o‘qiladi

“Mirziyoyevning tezkor reaksiyasini olqishlaymiz” - Yevroittifoq Qoraqalpog‘iston voqealariga munosabat bildirdi

Yevropa Ittifoqi Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan voqealarga barham berishda prezident Shavkat Mirziyoyevning tezkor reaksiyasini e’tirof etdi. YeI o‘z bayonotida holat yuzasidan ochiq va mustaqil tergov o‘tkazish zarurligini ta’kidlab, rasmiylarni islohotlar jarayonini xalq bilan bamaslahat olib borishga chaqirdi.

Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishel / Foto: YeI

“Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish taklifi ortidan Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan qonli voqealarni ochiq va mustaqil tergov qilishga chaqiradi. Biz qurbonlar borligidan chuqur afsusdamiz va voqealar rivojini yaqindan kuzatishda davom etamiz.

Biz taklif etilgan konstitutsiyaviy o‘zgarishlarga nisbatan jamoatchilik xavotirlariga prezident Mirziyoyev tomonidan tezkor reaksiya bildirilganini olqishlaymiz. Barcha tomonlarni nizo keskinlashishi va zo‘ravonliklar davom etishining oldini olish maqsadida o‘z harakatlarida vazminlikka chorlaymiz.

Yevropa Ittifoqi rasmiylarni O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga binoan fundamental inson huquqlari, xususan so‘z erkinligi va yig‘ilish erkinligini ta’minlashga chaqiradi.

Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan kuchli va mustahkamlanib borayotgan hamkorlikka ega. Biz O‘zbekistonning islohotlarga intilishini qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz hamda mazkur islohotlar jarayonini xalqaro huquq va umume’tirof etilgan tamoyillar asosida, fuqarolar va manfaatdor tomonlar bilan maslahatlashgan holda davom ettirishga da’vat qilamiz”, – deyiladi Yevropa Ittifoqining diplomatik xizmati tomonidan e’lon qilingan bayonotda.

Yuqoridagi bayonot e’lon qilingan kun, 4 iyulda Shavkat Mirziyoyev va Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel o‘rtasida telefon muloqoti ham bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati xabariga ko‘ra, suhbat avvalida davlat rahbari “Yangi O‘zbekistonda ortga qaytmas demokratik va ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlarni amalga oshirishda ko‘rsatilayotgan har tomonlama ko‘mak uchun” minnatdorlik bildirgan.

O‘z navbatida, Yevrokengash prezidenti O‘zbekistonning “kuchli fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat barpo etish sari ochiq islohotlar yo‘lini davom ettirish borasidagi sa’y-harakatlari”ni qo‘llab-quvvatlagan.

“Shu ma’noda Qoraqalpog‘istondagi vaziyatning ba’zi buzg‘unchi kuchlar tomonidan izdan chiqarilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi alohida qayd etildi. Sharl Mishel jinoiy unsurlar tomonidan uyushtirilgan tartibsizliklar natijasida qurbon bo‘lganlarning oilalari va yaqinlariga hamdardlik so‘zlarini yetkazishni so‘radi”, deyiladi xabarda.

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, suhbat chog‘ida O‘zbekiston va YeI o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning tayyorlanishini yakuniga yetkazish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.

“Preferensiyalar bosh tizimi plyus” (GSP+) afzalliklaridan foydalangan holda o‘zaro savdo va investitsiyalarni ko‘paytirish muhimligi ta’kidlangan.

  • 25 iyun kuni O‘zbekiston Konstitutsiyasini takomillashtirishga oid qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilgan edi. Loyihaga kiritilgan Qoraqalpog‘istonga oid takliflar qoraqalpoq jamoatchiligida turlicha qarshi olindi.
  • 1 iyul kuni Nukus shahri markazida ommaviy namoyish bo‘lib o‘tdi. 2 iyulda esa, rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, noma’lum shaxslar Xo‘jayli tumanidagi harbiy postga hujum uyushtirib, qurol-yarog‘larni tortib olgan; shuningdek, Nukus xalqaro aeroportiga, Nukus shahridagi ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar saqlanuvchi Reabilitatsiya markaziga, Nukus shahar IIB binosiga hujumlar uyushtirilgan.
  • Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 iyul kuni Qoraqalpog‘istonga yetib borib, Konstitutsiyaning mazkur avtonom respublikaga oid moddalari o‘zgarishsiz qolishini ta’kidladi hamda bu taklifni Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari kiritganini aytib, ularga e’tiroz bildirdi.
  • Davlat rahbarining bayonotidan keyin tartibsizliklar barham topdi. Qoraqalpog‘iston hududida xavfsizlik va tartibni saqlash maqsadida 1 oylik favqulodda holat joriy etildi.
  • O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga ko‘ra, bu voqealarda 18 kishi halok bo‘ldi, 243 kishi (shu jumladan 38 nafar huquq organi xodimi) jarohatlandi. Holat yuzasidan konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid