O‘zbekiston | 22:11 / 06.07.2022
65269
6 daqiqa o‘qiladi

“Bizda ularga qarshi qurol ishlatishga ruxsat yo‘q edi” - Nukusda yaralangan harbiylar

Qoraqalpog‘istondagi talato‘plarda jarohatlangan va ayni paytda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik hospitalida davolanayotgan harbiylar muxbirlar savollariga javob berdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1–2 iyuldagi tartibsizliklarda vafot etgan 18 kishidan 4 nafari – harbiy xizmatchilar bo‘lgan. 243 kishi jarohatlanib, shifoxonalarga murojaat qilgan, shuning 93 nafari – harbiylar.

Harbiy hospitalning Travmatologiya bo‘linmasi katta ordinatori Nodirjon Xoldarovning aytishicha, 3-4 iyul kunlari Nukus shahridan turli tan jarohati olgan 20 dan ziyod harbiy xizmatchi Toshkentga olib kelingan.

“Kerakli jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi, hozirgi paytda (bemorlar) kerakli muolajalarni olishmoqda. Ularning holati barqaror. O‘qotar quroldan, keyin turli xil toshlardan, temir buyumlar va turli xil kesuvchi, qirquvchi buyumlardan tan jarohati olgan bemorlarimiz bor. Lekin ko‘rsatilgan tibbiy muolajalardan so‘ng, ularning ahvoli yaxshi stabil holatda, muolajalarni davom ettirishmoqda.

Tez kunlarda ularni oyoqqa turgazib, safga qaytaramiz va ular xizmatini davom ettirishadi”, – deydi u.

Hospitalda davolanayotgan harbiylarning har biri turlicha holatda, ular tartibsizliklarning turli nuqtalarida bo‘lishgan.

“Birinchi yechintirib olib, keyin do‘pposlashdi”

Abbos Namozov, milliy gvardiya xodimi, kapitan:

— Tarqatishga borsak, ikki chekkadan odamlar chiqib, bizga nisbatan nafrat uyg‘onib, shunday toshlar otib, so‘kinib: “Ketinglar, sizlar aralashmanglar”, – deb baqir-chaqir qildi. Biz qo‘limizdan kelgancha qaytardik.

Biz ham endi jami 50 kishi “tolpa” bo‘lib boryapmiz-da, mana shu yerda men nimagadir qoqildimmi, yiqilib tushdim. Endi o‘zimga kelaman degandim, birdaniga tortib ketishdi. Tortib ketib, urdi-da.

Birinchi yechintirib olishdi, yechintirib olib, tosh bilan ham, tayoq bilan ham uryapti. Katta tosh bilan boshimga urgan vaqtida bir o‘zimdan ketib, bir o‘zimga kelsam, haliyam urib yotgan ekan-da.

Biz alohida mustaqil bo‘lamiz deb, shunday ohangda gapirib yotgan edi. Hammasi ichib olgan, hididan bildim. O‘zini tutishidan ham ma’lum bo‘lib turgan edi.

Menda [o‘qotar] qurol yo‘q edi, biz qurollantirilmagan edik. Oldimizda o‘zimizni himoya qiladigan qalqon, “dubinka”, bosh kiyimimiz, “kaska”miz bor edi, shu bilan qurollangan edik.

Hamma yerim qonga belanib bo‘lgan edi, qoraqalpoqchasiga gapirdi: “Bo‘ldi, bu ta’zirini oldi, qo‘yib yuborsak bo‘ladi endi”, – dedi-da, bir amallab chiqqanimizda, yana kiyimimdan ushlab qaytib olib kiryapti-da, uryapti.

“Ov quroli bilan oyog‘imdan otishdi”

Shaxsini sir saqlashni iltimos qilgan harbiy xizmatchi:

— Tartibbuzarlarni qaytardik, ancha tarqatdik. Ular o‘zi nima qilayotganini bilmaydi, tushunmayapti. Lekin ergashyapti. U yerda ular (namoyishchilar)ni boshqarayotgan besh-oltitasini taniyapmiz, yuziga niqob tortib, ko‘zoynak taqib olgan. O‘shalar (namoyishchilarni) boshqaryapti.

Birinchisiga ularni tarqatib yubordik, ikkinchisiga (namoyishchilarga) gap o‘rgatgach, bizga qarab kelaverishdi. “Ularning otishga haqqi yo‘q, otolmaydi, faqat “dubinkasi” bor, qo‘rqma, xalqim”, deyapti. Keyin haqiqatan bizning otmaganimizni ko‘rishdi-da, ishonch hosil qilib kelaverishdi.

Ko‘payib ketishdi, keyin uyning oralaridan ham tartibbuzarlar chiqdi-da, shu orada ov quroli bilan oyog‘imga otishdi, son qismining orqasidan.

Biz tinchlik uchun kelganmiz deb aytsak ham, “o‘zbeklar, ket” deb haydashdi. Xalq bunchalik ko‘tarilib ketishini bilmagandik, shunga 80-90 kishi bilan borgandik.

“BTRning lyukini ochib, boshimga temir bilan urishdi”

Muzaffar Eshjonov, milliy gvardiya xodimi, serjant:

— Shaxsiy tarkib bilan bizga biriktirilgan BTR-80 zirhli texnikasi bilan chiqib, harbiy qismga harakatlanayotgan vaqtimizda, taxminan 300-400 kishilik mahalliy aholi oldimizdan chiqdi. Biz ularga jabr yetkazmaslik maqsadida BTR-80ni to‘xtatdik. Boshida bizni BTRdan chiqarib yuborish uchun tezroq taslim bo‘lishimizni aytishdi, biz ularning bu buyrug‘ini bajarmadik.

Keyin biz o‘zimizdan katta boshliqlardan ogohlantiruvchi o‘q uzishga ruxsat so‘radik, shundan so‘ng tepaga qarab ogohlantiruvchi o‘q uzdik. Tartibbuzarlikning oldini olish maqsadida tepaga qarab o‘q uzgandik. Bizda namoyishchilarga qarshi kuch ishlatishga ruxsat yo‘q edi.

Bunga (o‘q uzishimizga) qaramasdan ham aholi bizga qarata har xil narsalar otib, kuch ishlatib, BTRning lyukini temir bo‘laklari orqali buzib ochishdi.

dpGJ6TLQX3saoZaU7g9FHmIim6IA8PYt.jpg (900×625)

Keyin biz BTRdan chiqdik, men lyukni ushlab, tortib o‘tirgandim. Namoyishchilar buni buzib ochishdi, keyin birdaniga temir bo‘lagi bilan boshimga urishdi. Shu payt boshimdan jarohat oldim. Namoyishchilar har birimizni alohida joylarga olib borib, do‘pposlab, kaltaklay boshlashdi.

Xivada xizmat qilaman. Nukusga safarbar qilinganimizda yon qo‘shnilarimiz orasida bunaqa fikrlaydiganlar bor deb o‘ylamagandim. Haligacha men qoraqalpoq xalqining bunday ishlarga qodirligiga ishonmayman. U namoyishchilar yaqqol tayyorlangan, yetakchilar tomonidan boshqarilayotgan edi. Bo‘lmasa, BTR lyukini bemalol ocha olishmagan, Molotov kokteyllari bilan hujum qilishmagan bo‘lardi.

Mavzuga oid