O‘zbekiston | 10:21 / 06.07.2022
10046
2 daqiqa o‘qiladi

Avtomaktablar reytingini aniqlash tartibi belgilandi

Avtomaktablar reytingini tuzishda ularning bitiruvchilari nazariy va amaliy imtihonlarda qanday natija ko‘rsatgani, haydovchilik guvohnomasi olgandan keyin yil yakunigacha yo‘l harakati qoidalariga amal qilmasdan qancha jarima ballini yig‘gani, bitiruvchilarning aybi bilan nechta YTH sodir etilgani hisobga olinadi.

Foto: Sputnik

Hukumat qarori bilan, avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi ta’lim tashkilotlarining reytingini aniqlash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, reyting baholash quyidagi ko‘rsatkich (indikator)larga asoslangan holda tuziladi:

  • ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihon natijalari;
  • ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgandan keyin, yil yakunigacha yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslik hollaridagi jarima ballari;
  • yil yakunigacha qonuniy kuchga kirgan sud qaroriga asosan ta’lim tashkilotlari bitiruvchilari aybi bilan sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari soni;
  • ta’lim tashkilotlarida to‘liq shtatda faoliyat yuritadigan oliy ma’lumotga yoki ilmiy darajaga ega o‘qituvchilarning soni to‘g‘risida ma’lumotlar.

Ta’lim tashkilotlari reytingini baholash ko‘rsatkich (indikator)lar asosida Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan amalga oshiriladi.

Qarorga ko‘ra, ta’lim tashkilotlari reytingi quyidagicha toifalarga ajratiladi:

  • 81 balldan 100 ballgacha – “yashil”;
  • 51 balldan 80 ballgacha – “sariq”;
  • 50 balldan past – “qizil”.

Reyting ball ko‘rsatkichlari respublika bo‘yicha yagona shaklda yuritiladi hamda yil yakunlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha alohida hisoblab chiqiladi.

Qayd etilishicha, reyting natijalari har yili 25 yanvarda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinadi. Nizom 2022 yil 1 sentabrdan e’tiboran kuchga kiradi.

Mavzuga oid