Jamiyat | 16:53 / 07.07.2022
2732
14 daqiqa o‘qiladi

Xorijiy til o‘rganishda bosh jihat yetuk o‘qituvchining bo‘lishi - tilshunos professor bilan suhbat

Ustozning mehri daryo, deyishadi. Uzoq yillar davomida talabalarga dars berib, o‘nlab yetuk shogirdlar tarbiyalab chiqargan, ulkan hayotiy tajribasi va bilimini hamon yosh avlodga tortiq qilib kelayotgan ana shunday ustozlardan biri Samarqandda.

Professor Shahriyor Safarov

Filologiya fanlari doktori, professor Shahriyor Safarov ayni kunda Samarqanddagi Konfutsiy institutining O‘zbekiston tomonidan faxriy direktori bo‘lib ishlamoqda.

Samarqand davlat universitetining ingliz tili yo‘nalishi bo‘yicha tugatgach, domla Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) shahrida nomzodlik va doktorlik dissertatsiyani yoqlagan.

Mehnat faoliyati davomida aspirant, kafedra dotsenti, kafedra mudiri, prorektor, jumladan, Samarqand davlat chet tillar uzoq yillar institutida rektor bo‘lib ishlagan. Shuningdek, jamoatchilik asosida Ombudsmanning mintaqaviy vakili, inson huquqlari bo‘yicha respublika komissiyasi a’zo hamdir.

Domla bir qator nufuzli xorijiy universitetlarda tilshunoslikka oid ma’ruzalari bilan chiqish qilgan

Bu yil muborak 77 yoshni qarshilayotgan professor Shahriyor Safarovich bilan ustozning ulkan ilmiy va hayotiy tajribasi, bugungi kunda O‘zbekistonda ingliz tilini o‘qitish usullari va muammolari, kelajakdagi rejalari haqida suhbatlashdik.

— Domla, shogirdlaringiz haqida gapirib bering.

— Olimning olimligi shogirdlari sonida ko‘rinadi. Olim agar mevasiz daraxt bo‘lsa, garchi u fan doktori, hattoki akademik bo‘lsa ham undan foyda yo‘q. Agar ilm kishisi atrofida bilimli shogirdlarni to‘plab, muntazam «hosil» berib turadigan o‘z maktabini yaratmas ekan, uning qilgan mehnatlari zoye ketadi. U yaratgan bilim va ko‘nikmalar kimlargadir meros bo‘lib qolishi, yanada sayqallanib borishi kerak kerak. Aks holda ko‘p narsa yo‘qolib, eskirib yo unutilib ketadi.

O‘zim ham davrimizning zabardast olimlarining sabog‘ini olganim uchun o‘zim ham shogirdlar tarbiyalash ishiga astoydil qaraganman. Mening birinchi aspirantlarim ilmiy ishlarini Leningradda yoqlashgan. Sobiq ittifoqning turli shaharlaridan kelgan shogirdlarim bo‘lishgan. Shogirdlarim Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Tojikiston, Dog‘iston, yurtimizning turli shaharlari, jumladan, Qoraqalpog‘istonda ham bor.

 

Shahriyor Safarov Leningraddan Samarqandga qaytib kelganidan so‘ng Samarqand pedagogika institutida kafedra mudiri bo‘lib ish boshladi. So‘ngra ko‘p yillar davomida SamDUda xalqaro aloqalar markazi direktori, prorektor bo‘lib ishlagan.

Domla ingliz tilini o‘qitish borasida o‘zbek tilshunosligiga yangiliklar kiritgan, yangi yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy maqolalar, monografiyalar chop etgan. Zamonaviy o‘quv kitoblarining o‘zbek tilidagisini yaratishda bosh-qosh bo‘lgan.

— Ilmiy ishlar, yangiliklar qaynagan joyda yoshlarning ham sohaga qiziqishi orta boshlashi tabiiy. Atrofda yoshlar yig‘ildi, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, hozirgacha ular bilan birgalikda ishlashda davom etib kelayapmiz, — dedi professor.

— Ustoz, shogird tanlashda talablaringiz qanday? Sizning shogirdlaringiz va ilmiy maktabingiz dunyo tillaridan qaysilariga tatbiq qilindi?

— Shogird tanlash og‘ir masala. Ayniqsa hozir. Bizda hozir juda ko‘pchilik ilm bilan shug‘ullanmoqda. Birdan dissertatsiya yozib yoqlashga harakat qilmoqda. Mening prinsipim biroz boshqacha. Yonimga suhbatga kelgan yosh olimga avvalo adabiyotlar ro‘yxatini beraman. Shu adabiyotlar bilan puxta tanishganidan so‘ng u bilan savol-javob qilaman. U bosqichdan o‘tsa, keyin ma’lum bir vazifalarni berib, uning qanday o‘zlashtirayotganini ko‘rib, layoqati borligiga ishonch hosil qilganimdan so‘ng uni shogirdlikka qabul qilaman. Agar layoqati bo‘lmasa «birodar, hamma olim bo‘lishi shart emas, yaxshi o‘qituvchi ham kerak», deb maslahat beraman.

Ko‘pchilik mening oldimga kelishdan avval obdon o‘ylab, o‘z kuchi va bilimiga ishonganlarigina keladi.

Men tilga olib o‘tgan ilmiy g‘oyalar bo‘yicha shogirdlarim yapon, xitoy, ispan, italyan, nemis, fransuz, nihoyat, o‘zbek va rus tillarida dissertatsiyalar tayyorlab, himoya qilishdi. Qoraqalpoq va tojik tilida ilmiy ish qilganlari ham bor.

 

— Domla, hozir ingliz tilini o‘rganishga talab haddin oshgan payt. Turli xususiy til o‘rgatish markazlari ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning faoliyatiga mutaxassis sifatida qanday baho berasiz?

— Ha, ochiq tan olish kerak, bu ish biznesga aylanib ketdi. Ularning faoliyati ham turlicha. Orasida ilg‘or g‘oyalar, o‘qitish metodikalaridan foydalanayotganlari ham bor. Unaqalar yetuk mutaxassislarni ishga jalb qilgan, albatta. Menimcha, bolani bunday o‘qitish markaziga berganda uning bekgraundiga qarab tanlash kerak. Salohiyatiga e’tibor berish kerak. Aks holda mablag‘ va vaqt behudaga sarflanadi. Albatta, ularning ko‘p bo‘lgani yaxshi, albatta. Lekin ulardagi ta’lim sifati nazorati sust. Menimcha, sekin-asta odamlarning o‘zi saragini sarakka, puchagini-puchakka ajratib olishadi.

Xorijiy til o‘rganishda asosiy omil bir narsani yodlab olish emas, mohir o‘qituvchining bo‘lishi, deb hisoblayman. Bola o‘qituvchining talaffuzi, harakatlarini tinglab, ko‘rib o‘rganishi lozim. Shu sababli ko‘r-ko‘rona kompyuterdan o‘rganishga o‘tib olish yaramaydi.

 

Shahriyor Safarov Muxin singari grammatika emas, Ginzburg kabi leksikologiyada emas, nega aynan kognitiv tilshunoslik, pragmalingvistika sohasida istiqbol ko‘rgan. Domladan buning sababini so‘radik.

— Qaysi soha bo‘lishidan qat’iy nazar, fan bir joyda depsinib to‘xtab qolmaydi. U muntazam yangilanishda va yangi yo‘nalishlar paydo bo‘ladi, yangi vazifalar kelib chiqadi. Tilshunoslik ham bundan mustasno emas.

Nazariy fanlarda asosiy e’tibor inson va tilning bog‘liqlik tomoniga qaratilmoqda. Til Alloh tomonidan insonga ato etilgan ne’mat bo‘lgani bilan, har bir shaxs va har bir jamoa tilni, boylikni o‘zicha qabul qiladi. Ishlab chiqarish ham o‘ziga xos. Millatlar orasida ham, shaxslar o‘rtasida ham, jamoalar o‘rtasida ham bir biriga taqlid bor.

Pragmalingvistika — tilni inson qanday tasarruf etishini o‘rganadigan yo‘nalish. Kognitiv tilshunoslik esa inson ko‘rayotgan, idrok etayotgan narsalarni tiliga qanday chiqarib berishni o‘rganadigan soha. Bu tafakkur va til biri biri bilan chambarchas bog‘liqligini anglatadi. Buni bir-biridan ajratib o‘rganish quruq bir sxemani o‘rganish, degani. Bunda tasavvur qanday yaratilishi, qanday ishlab chiqilishi va uning yakunda til mahsulotiga aylanish masalasini o‘rganadi. Shundan kelib chiqib so‘z, ibora va matn yaratiladi hamda insonlar o‘rtasida muloqot kechadi.

Hozir bu sohaga dunyodagi barcha tilshunoslarning qiziqishi baland.

Professor o‘zi-tug‘ilib o‘sgan Urgut tumanidagi 41-maktabda kutubxona tashkil qilganini gapirib berdi. Domla o‘zi o‘qigan maktabga ilmiy va o‘quv adabiyotlaridan iborat kitoblar to‘plami, filmlar va boshqa o‘quv qo‘llanmalarini taqdim etgan.

— Urgutdagi 41-maktabda o‘tgan yili 40 dan ortiq bolalar xitoycha o‘rganmoqda. O‘tgan yili shunday o‘quvchilarning orasida SamDChTIga o‘qishga kirganlari ham bo‘ldi. Samarqandda o‘tadigan ShHT sammitiga tayyorgarlik ko‘rishda o‘sha bolalarning xizmatidan foydalanish g‘oyasi ham paydo bo‘ldi. Hozir SamDChTI talabalaridan 10 nafari, Konfutsiy instituti o‘qituvchilari har hafta borib ular bilan birga mashg‘ulotlar o‘tashmoqda. Xitoycha raqs, u-shu gimnastikasi, kalligrafiya kabilar o‘rgatilmoqda.

Konfutsiy instituti butun dunyoda tarqalgan. Jahon bo‘ylab 600 ga yaqin Konfutsiy instituti ochilgan. Bunday o‘quv dargohlarining ochilishidan asosiy maqsad — xitoy tili va madaniyatini targ‘ib qilish. 2013 yilda XXR raisi Si Jinping kelganida Samarqandda ham Konfutsiy instituti ochilishi haqida kelishildi. Ungacha faqat poytaxtimizda ochilgan edi.

2014 yilda Shanghay xalqaro aloqalar instituti bilan aloqalarga kirishilib, Samarqandda ham ochildi. Buni Xitoy davlatining o‘zi to‘liq mablag‘, darsliklar va o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlaydi, o‘qituvchilar yuboradi.

Konfutsiy institutida nafaqat xitoy tilini, bundan tashqari Xitoy madaniyatiga oid raqslar, kalligrafiya, ko‘rgazmalar va hokazolar o‘rgatiladi. Pandemiya tufayli biroz to‘xtab qoldi, lekin madaniy delegatsiyalar almashinuvi ham o‘tkazib kelinayotgan edi.

Yaqinda Afrosiyobdagi arxeologiya muzeyida ipakchilik tarixi bo‘yicha ko‘rgazma o‘tkaziladi. Hangjou shahrida ipakchilik muzeyi bor. Samarqand va Hangjou muzeyi hamkorligi samarasida mana shunday ko‘rgazma tashkillashtirilmoqda. Xitoydan juda katta ko‘razma keltirilgan, yaqinda omma e’tiboriga havola etiladi.

Shahriyor Safarov Samarqanddagi Konfutsiy instituti direktori Li Chensyuy bilan

— Domla, xorijiy tillardagi so‘z va atamalarning o‘zbek tilida ifodalash masalasi haqida fikringizni bilmoqchi edim. Mustaqil bo‘lganimizga 31 yil bo‘lgan bo‘lsak, hamon Sharqiy Osiyo davlatlariga xos joy nomlari, odamlarning ismlari va boshqa juda ko‘p iboralarni rus tili orqali qabul qilib kelyapmiz. Shularni to‘g‘ridan to‘g‘ri original talaffuzidan olib o‘zbekchalashtirish masalasiga qanday qaraysiz?

— Bu to‘g‘ri fikr. Biz joy nomlari va ismlarning yozilishini avval rus tili orqali olib, ko‘nikib ketganmiz. Keyingi paytlarda ingliz tili orqali olish urf bo‘lmoqda. Bu yerda terminlar masalasi ham bor. Ko‘pchilik agar birorta xorijiy termining forscha yoki arabcha ekvivalentni bersam, u milliylashadi, degan xato fikr yuritadi. Aslida unday emas, arab yo fors tilidan olinsa ham xorijiy iboraligicha qolaveradi.

Bu yerda ikkita farqli holat bor. Birinchisi — o‘sha so‘zning o‘zbekcha muqobilini topish imkoniyatini izlash kerak. Masalan, adabiy tilimizda bo‘lmasa ham biror variant shevalarimiz ichidan chiqib qolishi mumkin. Masalan, “ikra” so‘zini olaylik. Uning adabiy tilda muqobili yo‘q. Ayrimlar foydalanadigan “uvildiriq” varianti Xorazm shevasidan olingan.

Joy nomlari va ismlar masalasida juda ehtiyotkorlik bilan yondashish kerak. Haqiqatdan juda ko‘p narsa rus tili orqali tilimizga kirib kelgan. Masalan, Pekin ham, Shanxay ham, Pxenyan ham.

AQShda yirik tilshunos va siyosatshunos olim bor. Amerikaliklarning o‘zi Chomskiy (Chomsky) deydi. Ruslar Xomskiy deydi, binobarin, o‘zbek tiliga ham Xomskiy bo‘lib o‘tgan. Men doim uni originalidek, Chomskiy deb yozish kerakligini ta’kidlab o‘taman.

Tilda muqobil degan narsa bor. Leksik (lug‘aviy) duplet deyiladi. Ayrim holatlarda baynalmilal terminni ham saqlab qolish mumkin. Masalan, butun dunyo tillarida tushunarli bo‘lgan kompyuter, sayt, raketa kabi so‘zlarda.

Yana bir holat, milliy so‘zlarimizni chetda ham targ‘ib qilish yo‘llarini izlashimiz kerak. Xorijiy davlatlarning universitetlarida sotsiolingvistika fani bo‘yicha ma’ruza o‘qiganimda albatta o‘zbek tilidagi so‘z va iboralarni qo‘shib, targ‘ib qilishga harakat qilaman. Maqsad xorijda o‘zbek tilining mavjudligi, unda mana bunday boyliklari bor degan narsani ko‘rsatish. Bu vazifani ko‘pchilik bo‘lib amalga oshirish kerak.

Milliy tilning targ‘ibi, tilimiz ichidan muqobil variantlarni topish masalasida oqsaydigan bir joyimiz bor. Tilning butun boyligini qamrab oladigan milliy korpus degan narsa bor. Shu narsa yaratilsa, targ‘ibot uchun ham, ilmiy tadqiqot uchun ham oson bo‘ladi. Qolaversa, tilning sof holda saqlanishi, tozaligi uchun ham o‘sha narsa kerak. Lekin bizda hanuzgacha bu narsa qilinmagan.

Men o‘tgan yili Fanlar akademiyasida ma’ruza o‘qiganimda bu borada o‘z takliflarimni bildirdim. Olimlarimiz yozib olishdi. Endi tezroq amaliyotga tatbiq etish kerak. Buning ustida juda katta guruh ish boshlashi kerak. Unga nafaqat tilshunos, filolog olimlar, yaxshi ayti mutaxassislar ham jalb qilinishi kerak.

Professor Shahriyor Safarov uzoq suhbatlashdik. Kelgusida ham olimning tilshunoslik muammolari, fandagi yangiliklar haqidagi mulohazalarini yoritishga kelishib oldik. 

Shuhrat Shokirjonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid