Sport | 19:51 / 12.07.2022
16035
6 daqiqa o‘qiladi

«Yuventus» - Pogba uchun faoliyatini qayta boshlashga so‘nggi imkoniyat

Turinda u «MYu»dagidan ikki barobar kam maosh oladi.

Foto: «Yuventus» matbuot xizmati

Pol Pogbaning «Yuventus»ga o‘tishi haqida gapirayotib, pul haqidagi oddiy fikrlarga berilish oson.

Masalan, yarimhimoyachi Turinga ikkinchi marta erkin agent sifatida kelayotgani, «Manchester Yunayted» ikkinchi marta tarbiyalanuvchisini yo‘qotayotgani, uni qaytarish uchun 2016 yilda rekord darajadagi 105 million yevro to‘lagani (hozircha bu Neymarning transferidan keyingi ikkinchi ko‘rsatkich), Pogbaning ishlari bilan shug‘ullangan marhum Mino Rayola o‘sha transfer uchun taxminan 20 million yevro komissiya olganini aytish mumkin.

Shuningdek, Pogmentary nomli hujjatli filmda keltirilgan va matbuotda keng tarqatilgan iqtibos – «MYu» yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralar chog‘ida futbolchiga taklif qilgan haftasiga 300 ming funt maosh «hech narsa emasligi»ni qo‘shimcha qilsa bo‘ladi (agar Romanoga ishonadigan bo‘lsak, Pogbaning «Yuventus»dagi maoshi bonuslarni hisobga olmaganda 8 mln yevroga teng. Bu esa «MYu» taklifidan 2 barobar kam). Va hokazolar.

Pogba va pul mavzusi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lsa-da, o‘sha Pogmentary filmidagi boshqa iqtibos qiziqarliroq. Rayolaning hamkori, Pogbaning ishlarini ko‘p yillar davomida olib borgan, unga nafaqat agent, balki hayotiy maslahatchi bo‘lgan Rafayele Pimentening so‘zlarini keltirish o‘rinli: «Pogbani biz yaratdik. Bu brend. Uning smayliklari bor, emodzilari, finjonlari bor. Uning shousi bor, soch turmagi bor... Va bu bilan odamlarning vaqtini chog‘ qilamiz degan umiddamiz».

Aslida, bu juda muhim so‘zlar. Masalan, 2016 yilda Pogba «Manchester Yunayted»ga o‘tganida, L'Equipe yozganidek, imij huquqining 20 foizini o‘zida qoldirgan. Bu esa unga yiliga qo‘shimcha 7 million yevro olib kelar edi. «Yunayted»ga Pogba imijini monetizatsiya qilishda Adidas yordam berishi lozim edi. Sport kiyimlarini ishlab chiqaruvchi ham klub, ham futbolchi bilan hamkorlik qilgan va uning ishtiroki muzokaralarda alohida tilga olingan. Shu tufayli, Joze Mourino bilan ziddiyat yuzaga kelganida, «Manchester Yunayted» futbolchining yonini oldi, Aleks Fergyuson davrida buni tasavvur qilish ilojsiz edi.

Ijtimoiy tarmoqlarda obunachilar soni, bank hisobvarag‘idagi nollar soni gollar va uzatmalar sonidan oz bo‘lmasligiga intilish ayb emas. Sport allaqachon global ko‘ngilochar industriyaning bir qismiga aylandi va 2022 yilda «sportchining ishi faqat mashq qilish va o‘ynash» degan bahslar eskilik sarqitiga o‘xshaydi. Pogba nafaqaga chiqsa, u tinchgina Pol Pogba bo‘lib ishlayveradi, buning uchun poydevor allaqachon qurilgan.

Ammo fransiyalik futbolchida bitta muammo bor: Pogba barcha kutayotgan o‘yin darajasini uzoq vaqt mobaynida namoyish eta olmaydi. Bunday salohiyatga ega futbolchi hatto Messi bilan Ronaldu davrida ham bir-ikki «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritishi mumkinligini 2018 yilgi jahon chempionatida ko‘rsata oldi. Pogbada shaxsiy brendini rivojlantirish bo‘yicha muammo yo‘qligini inobatga olsak, bu yanada qayg‘uli.

Foto Global Look Press

Marketing va biznes nuqtayi nazaridan «Yuventus» fransiyalik futbolchini qo‘lga kiritishdan albatta foyda ko‘radi. Turinliklar xo‘jayini Andrea Anelli uzoq vaqtdan beri klubni global ko‘ngilochar brendga aylantirishni orzu qilib keladi. Va Pogba Krishtianuning ketishi bilan yuzaga kelgan bo‘shliqni mukammal tarzda to‘ldiradi. Ammo umuman olganda, undan iste’dodi darajasiga loyiq, to‘laqonli kuchli mavsumni ko‘rishni juda istagan bo‘lardik.

So‘nggi olti yil ichida Pogba APL doirasida faqat 2018/19 yillar mavsumida 30 dan ortiq o‘yin o‘tkazishga erishdi. O‘shanda Mourino ketgan va Ole-Gunnar Sulsher tayinlangandi. Pogbaning ko‘rsatkichlari 35 o‘yin, 13 gol va 9 golli uzatmaga teng bo‘ldi. Shundan 10 ta gol va 6 ta golli uzatma norvegiyalik mutaxassis qo‘l ostidagi o‘yinlarda amalga oshirildi.

Foto Global Look Press

Oxirgi uch mavsumda fransuz biror marta 2000 daqiqa, ikki marta hatto 1500 daqiqa ham o‘ynamadi. Taqqoslash uchun, Premer-Liganing to‘liq mavsumi 3240 daqiqaga teng. Ya’ni Pogba ikkita chempionatda (2019/20 va 2021/22) o‘yin vaqtining yarmini ham maydonda o‘tkazmadi va bir marta 50 foiz ko‘rsatkichdan zo‘rg‘a oshdi.

Bu qisman jarohat bilan ham bog‘liq. So‘nggi uch yil ichida Pogba jami 454 kunni yoki barcha musobaqalarda 72 o‘yinni o‘tkazib yubordi. Ammo shu bilan birga, u hech qachon og‘ir jarohat olmadi, (masalan, xochsimon paylari uzilmadi). Bundan esa ushbu jarohatlar futbolchining o‘z karerasiga bo‘lgan munosabati tufayli degan fikr uyg‘onadi.

Shu bilan birga, Pogba hozir 29 yoshda. Uning yoshi zamonaviy standartlar bo‘yicha katta emas, ammo vaqt o‘tmoqda.

«U aql bovar qilmaydigan, iqtidorli yigit, u cho‘qqiga chiqadi. Ammo u xayolparast va agar unga hech kim yo‘l ko‘rsatmasa, o‘zi hech qachon topa olmaydi»,– degandi Fergyuson fransuz haqida.

Endi xayolparastlikni to‘xtatib, to‘g‘ri yo‘lga kirish vaqti kelganga o‘xshaydi.

Sport-Ekspress materiali asosida

Mavzuga oid