Jamiyat | 13:09 / 13.07.2022
13748
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘lishni istamayman, onajon” - yuragi xasta bola orzusi

Jizzaxdagi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi o‘quvchisi, orzulari bir olam Qurbonbek 12 yoshda. Yuragidagi nuqson sabab 8 oydirki shifoxonaning jonlantirish bo‘limida hayot kechirayotgan bolaga murakkab operatsiya zarur.

Qurbonbek yashashni, o‘qishni davom ettirishni, tengdoshlari safida yugurib-yelishni istaydi: “Kun sayin charchab, holdan toyib boryapman, burnimdan qon kelyapti. O‘lishni istamayman. Do‘stlarim, opa-ukalarim bilan yugurib yurgim keladi”, – deydi u.

Onasi Oyshirin Azimovaning aytishicha, farzandi bilimga chanqoq, tirishqoqligi bilan boshqalardan ajralib turadi. Litseyga ham katta umidlar bilan kirgan o‘g‘lining oradan 3 oy o‘tib koma holatiga tushib qolganidan xabar topgan ota-ona uchun bu kutilmagan zarba edi.

Bola birinchi operatsiyani boshdan o‘tkazgan, buning uchun oila bor-budini: uyidagi mollari, avtomobilini sotib sarflashgan. Ammo navbatdagi operatsiya uchun ularda mablag‘ yo‘q.

“Ona bo‘lib farzand dunyoga keltirdim-u, lekin joniga ora kira olmayapman. Bolamni saqlab qolish uchun mablag‘ topa olmadik.

Chekka qishloqda yashaymiz, uyimdan hatto tuman markazini topib borolmasdim. Lekin onalik mas’uliyati, o‘g‘limni saqlab qolish umidi meni shu yergacha yetaklab keldi. Bolam tuzalib ketishini juda xohlayman”, – deya yig‘laydi bemorning onasi.

Bir farzand o‘stirib, voyaga yetkazish, jamiyatga qo‘shish mashaqqatini hamma biladi. O‘z kelajagi uchun kurashayotgan, xalqiga manfaatli farzand bo‘lishni istayotgan o‘g‘lonning hayotini saqlab qolishga ko‘mak bo‘laylik.

Qurbonbek Murodinovga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0423 5420 8687 onasi Oyshirin Azimova nomida

Humo: 9860 0803 5874 0761 onasi Oyshirin Azimova nomida

Manzil: Jizzax viloyati, Forish tumani, Uchma qishlog‘i.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.

Tasvirchi – Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid