Putinning qizi import o‘rnini bosish bo‘yicha kengash hamraisiga aylandi
Katerina Tixonova sanksiyalar ostida, ammo Rossiyada rahbarlik lavozimlarini egallashda davom etmoqda. Endi bu ro‘yxatga «Innopraktika» fondi va MDUdan, tashqari Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi ham kiradi.
«Milliy intellektual rivojlanish» jamg‘armasi (MIR, «Innopraktika» brendi ostida ishlaydi) bosh direktori Katerina Tixonova Rossiya Sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi (RSTI) qoshidagi import o‘rnini bosish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash hamraisi bo‘ldi. Bu haqda 13 iyul, chorshanba kuni RBK agentligi RSTI boshqaruvi byurosining Tixonovani tayinlash to‘g‘risidagi qarori nusxasiga, shuningdek, uyushma matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.
RSTI matbuot xizmati yangi kengash «import o‘rnini bosish bo‘yicha RSTI organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, import o‘rnini bosuvchi uskunalarni almashtirish bo‘yicha muvaffaqiyatli amaliyotlarni umumlashtirish, import o‘rnini bosishni qo‘llab-quvvatlash uchun raqamli xizmatlarni yaratish va qonunchilik tashabbuslarini shakllantirish uchun» tuzilganini tushuntirdi. Uni RSTI raisi Aleksandr Shoxin boshqaradi.
Hozirda 35 yoshli Katerina Tixonova «Innopraktika» fondiga rahbarlik qiladi. Bundan tashqari, u MDU qoshidagi Murakkab tizimlarning matematik tadqiqotlari instituti direktorining o‘rinbosari va MDU qoshidagi Sun’iy intellekt va intellektual tizimlarni ilg‘or o‘rganish instituti rahbari sanaladi.
G‘arb va Rossiya OAVlari, jumladan Reuters, Bloomberg, BBC mediakompaniyasi va «Meduza» internet nashri Tixonovani Rossiya prezidenti Vladimir Putinning kenja qizi deb bir necha bor atagan. Kreml uning Putin bilan oilaviy aloqalari haqidagi ma’lumotni tasdiqlamagan, lekin rad ham etmagan.
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan AQSh, Yevropa ittifoqi, Kanada va Yaponiya Katerina Tixonova, shuningdek, Putinning to‘ng‘ich qizi Mariya Voronsovaga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Rossiya Federatsiyasi prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Moskva bu sanksiyalarga javob beradi. Shu tariqa, u Tixonova va Voronsovaning prezident bilan munosabatlarini bilvosita tan olgan.
Mavzuga oid
20:43
«Mosfilm» kinostudiyasi o‘z omboridagi tanklarni Rossiya armiyasiga topshirdi
22:15 / 12.11.2024
OAV: Putin Trampning inauguratsiyasigacha Kurskni qaytarishni buyurdi
13:11 / 12.11.2024
Siyosatshunos Gallyamov: Tramp Putin uchun tuzoq qo‘ymoqda
09:58 / 12.11.2024