Jahon | 11:43 / 13.07.2022
16321
8 daqiqa o‘qiladi

Ular sakkiz kishi qoldi. Britaniyada bosh vazirlikka nomzodlar ro‘yxati shakllandi

Buyuk Britaniyadagi hukmron Konservativ partiyasi mamlakatning yangi bosh vaziri lavozimi uchun sakkiz nomzod, jumladan tashqi ishlar vaziri Liz Trass, moliya vaziri Nadim Zahaviy va sobiq moliya vaziri Rishi Sunak kurash olib borishini ma’lum qildi.

Rishi Sunak, Liz Trass va Jyeremi Hant (chapdan o‘ngga)

«Komitet 1922» (Konservativ partiyaning boshqaruvchi organi) rahbari Grem Bredining so‘zlariga ko‘ra, torilarning parlamentdagi fraksiyasi a’zolari o‘rtasidagi ovoz berishning birinchi raundi 13 iyul kuni o‘tkaziladi, sakkiz nomzod seshanba kuni kechqurun deputatlar qarshisida chiqish qilish imkoniga ega bo‘ladi. Ularning har biri 12 daqiqadan gapirishi mumkin.

Birinchi raundda 30 tadan kam ovoz olgan nomzodlar chiqib ketadi (agar shundaylar bo‘lsa). Shundan keyin yana bir qancha raundlar o‘tkaziladi, natijada yetakchilik uchun kurashuvchi asosiy ikki nomzod qoladi. Ularning nomzodi Konservativ partiyaning barcha a’zolarining umumiy ovoziga qo‘yiladi (endi ovoz berish faqatgina parlament deputatlari o‘rtasida bo‘lmaydi).

Torilarning yangi rahbarini aniqlash bo‘yicha saylovning yakuniy natijalari va mamlakatning yangi bosh vaziri nomi 5 sentabr kuni aniq bo‘ladi.

Bukmekerlar ma’lumotiga ko‘ra, poygada Rishi Sunak va Penni Mordont favoritlik qilmoqda. Bukmekerlar talqiniga ko‘ra, kuchli beshlikni Liz Trass, Tom Tugendhat va Kemi Badenok to‘ldirishgan.

SMarkets bukmekerlik idorasining siyosiy tahlilchisi Patrik Flinnga ko‘ra, birinchi raunddan keyin Suella Breyvermen, Jyeremi Hant, Kemi Badenok va Nadim Zahaviy poygadan chiqadi, keyingi raundlarda esa - Tom Tugendhat va Liz Trass yutqazadi. Uning talqiniga ko‘ra, finalda Rishi Sunak va Penni Mordont kurashishi mumkin.

Bukmekerlar Britaniya mudofaa vaziri bo‘lgan tarixdagi ilk ayol Penni Mordontni bosh vazirlik uchun favorit deb hisoblashmoqda
Foto: ISABEL INFANTES/AFP

Ayrim tahlilchilar nomzodlar saralanishi juda qisqa vaqt olishini taxmin qilayotgan bo‘lsa, Flinn ikki finalchini aniqlash uchun besh tur o‘tkazishga to‘g‘ri kelishi mumkinligini aytmoqda.

7 iyul kuni Jonson jinsiy zo‘ravonlikda ayblangan siyosatchini parlamentdagi muhim lavozimga tayinlagani bilan bog‘liq mojaro ortidan Konservativ partiya rahbarligidan iste’foga chiqishini e’lon qildi. Parlamentariylarni Jonson bu deputat avval ham shu kabi ishlarda ayblanganini bilgani, ichki tekshiruvda esa ayblovlar asosli bo‘lgani haqida xulosaga kelinganiga qaramay uni yuqori lavozimga tayinlagani qattiq g‘azablantirgan.

Jonson avvaliga bu haqda hech narsa bilmasligini aytdi, ammo keyin unga hodisa haqida shaxsan hisobot berilganining rad etib bo‘lmas dalillari paydo bo‘ldi. Bosh vazir uzr so‘rashiga to‘g‘ri keldi, keyin uning kabinetidagi vazirlar va boshqa mansablardagi amaldorlarning 50 dan ortig‘i iste’foga chiqib ketdi.

Dastlab Britaniya bosh vazirligi uchun 10 dan ortiq nomzodlar ko‘rilayotgandi. Ko‘p o‘tmay so‘rovnomalarda favorit bo‘lib turgan mudofaa vaziri Ben Uolles poygada qatnashmasligini ma’lum qildi. Ekspertlar fikricha, bu u keyingi saylovlarda, to‘laqonli bosh vazirlik uchun qatnashishga qaror qilganini anglatadi. Yana bir favorit, sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Sajid Javid ham nomzodini qaytarib olgan. Shuningdek, transport vaziri Grant Shapps, partiya raisining sobiq o‘rinbosari Rahmon Chishtiy va ichki ishlar vaziri Priti Patel ham kurashdan chiqishini e’lon qildi.

Buyuk Britaniya hukumati rahbarligi uchun nomzodlar:

  • Kemi Badenok. 2017 yildan buyon parlament deputati, Boris Jonson hukumatida mahalliy boshqaruv, din, ayollar va tenghuquqlilik ishlari bo‘yicha vazir bo‘lgan.
  • Suella Breyvermen. 2020 yildan buyon Angliya adliya vaziri. Tereza Mey hukumatida breksit bilan shug‘ullangan, ammo bosh vazirning yakuniy kelishuv bo‘yicha loyihasi taqdim etilgach, iste’fo bergan.
  • Jyeremi Hant. 2005 yildan buyon parlamentning quyi palatasi a’zosi, 2010 yilda Hant madaniyat vaziri sifatida Devid Kemeron hukumatidan o‘rin olgan. Kemeron hukumatida Hant sog‘liqni saqlash vaziri va tashqi ishlar vaziri lavozimlarida ham ishlagan. 2019 yilda u torilar yetakchisini saylashda finalga qadar yetib borgan va Boris Jonsonga yutqazgan. Hant - britan admiralining o‘g‘lidir. U dastlabki katta mablag‘ini oliy o‘quv yurtlarini qidirishga mo‘ljallangan Hotcourses saytini yaratish orqali topgan.
  • Penni Mordont. 2019 yilda Penni Mordont Britaniya mudofaa vaziri lavozimini egallagan tarixdagi ilk ayol kishi bo‘lgandi. Bungacha Qirollik floti zaxiradagi harbiysi bo‘lgan Mordont xonim Devid Kemeron hukumati davrida qurolli kuchlar ishlari bo‘yicha vazir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
  • Rishi Sunak. 2015 yilda parlament deputatiga aylangan, 2019 yilga kelib moliya vaziri etib tayinlangan. 2019 yilga kelib u moliya vaziri lavozimini egallagan va bu lavozimda shu yilning 5 iyuliga qadar ishlagan, o‘shanda u o‘z hamkasbi, sog‘liqni saqlash vaziri Sajid Javid ortidan iste’fo bergan. Ularning ikkisi ham Boris Jonsonning siyosatiga qo‘shilmasliklarini keskin ohangda bildirishgan.
  • Liz Trass. Tashqi ishlar vaziri Elizabet Trass Rishi Sunak va Sajid Javid o‘z lavozimlarini tark etishi ortidan  Boris Jonsonni qo‘llab-quvvatlab chiqdi va bu amaldagi hukumat tarafdorlari orasidagi mavqeyini mustahkamladi. Tashqi ishlar vazirligini boshqargan ikkinchi ayol bo‘lgan Trass xonim allaqachon o‘z hisobiga ikkita ko‘zga ko‘rinarli harakatni yozib qo‘ygan - Eron qamoqxonasidan jurnalist Nazanin Zagari-Retkliffni ozod qilish hamda Rossiya va uning oligarxlariga qarshi sanksiyalar qo‘llash. U Ukrainadagi urush tufayli Rossiya rahbariyatini keskin tanqid qilib kelishi bilan tilga tushgan.
  • Tom Tugendhat. Sobiq harbiy, Iroq va Afg‘onistonda xizmat qilgan, uni anchadan buyon konservatorlar partiyasining bo‘lg‘usi yetakchisi sifatida ko‘rishadi. 2020 yildan u Umum (jamoalar palatasi) palataning xalqaro munosabatlar qo‘mitasini boshqarmoqda. Tugendhat G‘arbni - aniqrog‘i AQShni - Afg‘onistondan qo‘shinlar olib chiqilgani uchun tanqid qilgan, Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari haqida ham keskin fikrlar bildirgan.
  • Nadim Zahaviy. Iroqda tug‘ilgan, mamlakatda hokimiyatga Saddam Husayn kelishi ortidan oilasi bilan Britaniyaga immigrant sifatida kelgan. Zahaviy savdo merchendayzi bo‘yicha «Telepuziki» brendi ostidagi kompaniyaga asos soladi, keyinroq YouGov sotsiologik xizmatini yaratadi, 2010 yilda esa Stratford-on-Eyvon okrugidan (bu joy Shekspirning vatani sifatida ma’lum) parlamentga saylanadi. Jonson hukumatida sog‘liqni saqlash vazirining vaksinatsiya ishlari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan, shuningdek ta’lim vaziri sifatida ishlagan. Sunak moliya vazirligidan iste’foga chiqqach, Jonson hukumatda bosh vazirdan keyingi ikkinchi eng yuqori lavozim bo‘lgan lavozimga Zahaviyni tayinlagandi, ammo ikki kun o‘tmay u bosh vazirdan iste’fo talab qildi.

Boris Jonsonning o‘rniga kim keladi? Ehtimoliy nomzodlar ro‘yxati

 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid