O‘zbekiston | 16:44 / 14.07.2022
20797
4 daqiqa o‘qiladi

Foto: Turkmaniston prezidenti Ko‘ksaroyda tantanali kutib olindi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Ko‘ksaroy» qarorgohida Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovni kutib oldi.

Oliy martabali mehmonni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov maxsus shohsupaga ko‘tarildilar. Ikki davlat madhiyalari yangradi. 

Faxriy qorovul bo‘linmasi boshlig‘i raport bergach, davlat rahbarlari qorovul safi oldidan o‘tib, o‘zbek harbiy xizmatchilarini qutladilar va O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘iga ehtirom ko‘rsatdilar.  

So‘ng prezidentlar rasmiy delegatsiyalar a’zolarini bir-biriga tanishtirdi. 

Birgalikda suratga tushish marosimidan so‘ng davlat rahbarlari tor doirada muzokara o‘tkazish uchun mo‘ljallangan zalga o‘tdilar.

Davlat rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlar ekan, ushbu uchrashuv O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlari tarixida yangi sahifa ochishiga ishonch bildirdi.

«Ular zamirida azaldan mustahkam do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash rishtalari yotadi», - dedi O‘zbekiston prezidenti.

O‘zbekiston yetakchisi Turkmaniston prezidentini joriy yil mart oyida o‘tgan Prezident saylovidagi g‘alabasi bilan yana bir bor tabrikladi.

«Donishmand turkman xalqi mamlakatdagi keng ko‘lamli islohotlar davom ettirilishini to‘liq qo‘llab-quvvatlab, sizga o‘z kelajagini ishonib topshirdi. Sizning bilim va tajribangiz, kuch-g‘ayratingiz va yetakchilik qobiliyatlaringiz ko‘zlangan barcha rejalarni ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishiga shubha yo‘q», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, O‘zbekiston prezidenti Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi munosabatlarda yuksak darajaga erishishga va Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashga qo‘shgan beqiyos hissasini qayd etdi.

Davlat rahbari keyingi yillarda birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli ikki tomonlama hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida ijobiy sur’atga erishilganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.

«Shuni qayd etmoqchimanki, biz uchun Turkmaniston – mintaqadagi ishonchli va muhim hamkor. Bizning keng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish borasidagi intilishimiz qat’iy, eng yaqin qo‘shnimiz bilan strategik sheriklik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlash niyatidamiz», – dedi prezident.

Turkmaniston prezidenti mehmondo‘stlik va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisining salomini yetkazdi.

«Siz Gurbanguli Myalikguliyevich bilan birgalikda ikki tomonlama munosabatlarning poydevorini qurdingiz va mustahkamladingiz, hamkorlikning puxta siyosiy va huquqiy asosini yaratdingiz. Bu galgi davlat tashrifimiz strategik sheriklikka yangi sur’at bag‘ishlashga qaratilgan va men qo‘yilgan maqsadlarga erishishimizga ishonaman», - dedi Serdar Berdimuhamedov.

Uchrashuv chog‘ida davlat rahbarlari O‘zbekiston-Turkmaniston hamkorligining istiqbollarini muhokama qildilar, alohida e’tiborni savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, o‘zaro savdoni ko‘paytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish, transport-tranzit imkoniyatlaridan foydalanishga qaratdilar.

Tomonlar hududlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda ulkan salohiyat mavjudligini qayd etdilar.

Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Markaziy Osiyoda qaror topgan ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik muhitini mustahkamlash muhim ekani ta’kidlandi.

Serdar Berdimuhamedov O‘zbekiston prezidentini o‘ziga qulay vaqtda Turkmanistonga javob tashrifi bilan kelishga taklif etdi.

Mavzuga oid