Jahon | 18:34 / 14.07.2022
20807
3 daqiqa o‘qiladi

«Men dunyodagi eng boy odamlar ro‘yxatini tark etaman». Bill Geyts deyarli barcha boyligini xayriyaga sarflaydi

Milliarderning yozishicha, pullar u sobiq rafiqasi Melinda Geyts bilan birgalikda asos solingan xayriya jamg‘armasiga o‘tkaziladi.

Microsoft kompaniyasi asoschisi Bill Geyts deyarli barcha boyligini sobiq rafiqasi Melinda bilan hamkorlikda tashkil etgan xayriya jamg‘armasiga o‘tkazishini ma’lum qildi.

«Boyligimning deyarli barchasini fondga berishni rejalashtirganman. Pastga qarab harakatlanaman va oxir-oqibat dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatini tark etaman.

So‘nggi bir necha yil ichida, deb yozdi Microsoft asoschisi, dunyo bir qancha dahshatli zarbalarni boshdan kechirdi, jumladan, koronavirus pandemiyasi va Ukrainadagi urush. Ular «ko‘plab odamlarni qayg‘uga soldi va dunyodagi vaziyat bundan ham yomonlashadimi deb o‘ylashga majbur qildi», deb yozdi Geyts Tvitterda.

«Ammo men hamon yaxshi niyatdaman», deb tan oldi Geyts. Uning fikriga ko‘ra, «zararni kamaytirish va dunyo intilayotgan taraqqiyotga yana qaytish mumkin».

2000 yilda u sobiq rafiqasi Melinda bilan xayriya jamg‘armasini tashkil qilib, yiliga 6 milliard dollar ajrata boshlagan edi. Biroq, «zamonimizning buyuk inqirozlari barchamizdan yanada ko‘proq narsani talab qiladi», deb yozdi u va endi jamg‘armaga har yili 9 milliard dollar ajratilishini qo‘shimcha qildi. Bu yili esa fondga 20 milliard dollar berdi.

«Odamlarning azob-uqubatlarini kamaytirish va hayotini yaxshilashga eng ko‘p ta’sir qiladigan usullar bilan boyligimni jamiyatga berishni o‘z vazifam deb bilaman. Umid qilamanki, juda boy va imtiyozli lavozimdagi boshqa odamlar ham shu lahzalarda oldinga qarata qadam tashlashadi», degan u.

Jamg‘arma Bill va Melinda Geytslar nomi bilan atalgan bo‘lsa-da, to‘plangan mablag‘larning yarmi investor Uorren Baffet tomonidan berilgan. «Uning do‘stligi va rahbarligini qanchalik qadrlashimni hech qachon yetarli darajada ifoda eta olmayman», deb yozdi Geyts.

Bloomberg Geytsning boyligini 114 milliard dollarga baholaydi va uni dunyodagi to‘rtinchi eng boy odam deb hisoblaydi. Forbes real vaqt rejimida yangilaydigan dunyoning eng badavlat biznesmenlari reytingida Geytsning boyligi 13 iyul oqshomida 122,1 milliard dollarga baholangan. Bu reytingda ham u to‘rtinchi o‘rinni egallagan.

Mavzuga oid