Jahon | 08:53 / 16.07.2022
10517
3 daqiqa o‘qiladi

«Ochiq Rossiya» sobiq rahbari Pivovarov 4 yilga qamaldi

«Ochiq Rossiya»ning sobiq direktori Andrey Pivovarov «nomaqbul tashkilot» ishi bo‘yicha 4 yilni umumiy tartibli koloniyada o‘tkazadi. 8 yil davomida unga ijtimoiy va siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanish taqiqlandi.

Foto: severreal.org

Krasnodarning Leninskiy tuman sudi «Ochiq Rossiya»ning sobiq rahbari Andrey Pivovarovni «nomaqbul tashkilot» (Jinoyat kodeksining 284.1-moddasi) ishi bo‘yicha 4 yilga umumiy tartibli koloniyaga hukm qildi. Bu haqda 15 iyul, juma kuni advokat Sergey Badamshin ma’lum qildi va Pivovarov sakkiz yilga ijtimoiy va siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanish, jumladan, internetdan foydalanish huquqidan ham mahrum etilganini qo‘shimcha qildi.

Prokuror Pivovarovni besh yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘radi. Ayblanuvchi o‘z aybini tan olmadi va jinoiy ta’qibni o‘zi ishtirok etmoqchi bo‘lgan Davlat dumasiga bo‘lajak saylovlar bilan izohladi. «Ular nima qilmasin, men erkin odam bo‘lib qolaman», - deya yozdi Andrey Pivovarov hukm e’lon qilinishidan oldin, uning jamoasi tomonidan boshqariladigan Telegram-kanalida.

Pivovarov 31 may kuni Sankt-Peterburgdagi Pulkovo aeroportida Polshaga uchishi kerak bo‘lgan samolyotga o‘tirgan paytda qo‘lga olingan edi. Keyinchalik Pivovarovga nisbatan «nomaqbul tashkilot» - «Ochiq Rossiya» bilan hamkorlik qilish aybi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi. 

Bunga Pivovarovning Facebook’dagi bir yil avvalgi reposti sabab bo‘ldi. Sankt-Peterburgdagi kvartirada tintuv o‘tkazilgach, siyosatchi Krasnodarga ko‘chirildi va u yerda hibsga olindi. 

Hibsga olingan paytda Pivovarov «Ochiq Rossiya»da ishlamagan – 27 may kuni tashkilot tarafdorlarini Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 284.1-moddasi bo‘yicha ehtimoliy jinoiy ta’qiblardan himoya qilish maqsadida o‘zini o‘zi tugatganini e’lon qildi. 

«Memorial» inson huquqlari markazi Andrey Pivovarovni siyosiy mahbuslar ro‘yxatiga kiritdi. Yevropa ittifoqi Kremlni muxolifatchini ozod qilishga chaqirdi. 

Mavzuga oid