Jamiyat | 11:56 / 17.07.2022
26946
4 daqiqa o‘qiladi

Yoz jaziramasida oftob urishidan qanday saqlanish kerak? Mutaxassis tavsiyalari

Quyosh nuri inson salomatligi uchun juda foydali. Ayniqsa, infraqizil nurlar tanada qon aylanishini yaxshilab, organizmdagi barcha hayotiy jarayonlarni faollashtiradi. Biroq quyoshdan keladigan issiqlik har doim ham inson tanasiga foydali ta’sir etavermaydi. Xususan, yozning jazirama kunlarida oftob urishidan ehtiyot bo‘lish lozim.

Xo‘sh, buning uchun nima qilish kerak?
 
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati tibbiyot fanlari doktori Sevara Ubaydullayevaga ayni shu savol bilan murojaat qildi.

— Ma’lumki, yurtimiz iqlimi keskin kontinental bo‘lib, yozi issiq, qishi esa o‘ta sovuq, — deydi mutaxassis. — Qolaversa, quruq havo va namlikning minimal darajasi ham o‘lkamizga xos ekani bilan ahamiyatli.

Biroq so‘nggi yillarda mamlakatimizda yoz faslida kuzatilayotgan anomal issiq havo ko‘proq iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq.

Albatta, bunday jazirama keksalar, surunkali kasalliklar (yurak-qon tomir, endokrin, nafas olish a’zolari, metobolik va ruhiy xastaliklar) bilan og‘riydigan bemorlar uchun xavfli. Shu sababli bunday paytda bir necha tavsiyalarga amal qilish lozim.

Eng avvalo, ko‘chaga chiqayotganda ochiq rangli tabiiy matolardan tikilgan yengil libos kiyish, issiqdan saqlaydigan bosh kiyim, ko‘zoynak va soyabonlardan foydalanish maqsadga muvofiq.

Shuningdek, imkon qadar yog‘li, dudlangan taomlarni iste’mol qilmaslik, tez buziladigan ovqatlardan ehtiyot bo‘lish kerak. 

Tanada suv balansini ushlab turish uchun kuniga o‘rtacha 2-3 litr suyuqlik (sovitilgan ko‘k choy, gazsiz mineral suv, mevali, kam yog‘li sutli ichimliklar, quritilgan mevalarning qaynatmalari) ichish tavsiya etiladi.

Gazlangan, energetik va alkogol ichimliklar, qahva iste’mol qilish mumkin emas. 

Kun davomida iliq dush qabul qilish, vaqti-vaqti bilan badanni sovuq suvda namlangan dastro‘mol bilan artib turish ham tanani haddan ziyod qizib ketishdan saqlaydi.

Qolaversa, jazirama payti imkon qadar to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh nuri tushadigan joyda jismoniy mehnat bilan shug‘ullanmaslik tavsiya etiladi. Agar shunday bo‘lgan taqdirda quyoshdan himoyalanish uchun bosh kiyim kiyish, ora-ora salqin joyda dam olish maqsadga muvofiq. Bu esa tanani haddan ziyod qizib ketishdan saqlaydi.

Jazirama payti quyosh urishi — eng xavfli holat bo‘lib, u tashqi termal omillar ta’sirida organizmning umumiy qizib ketishi natijasida yuzaga keladi. Jabrlanuvchida ko‘ngil aynishi, qusish, burundan qon ketish, ko‘rishning buzilishi, yurak urishi va nafas olish kuchayadi.

Og‘ir holatlarda esa alahsirash boshlanadi. Tana harorati, hatto, 41-42 darajagacha ko‘tarilishi, chuqur behushlik holati kuzatilishi mumkin.

Bunday paytda bemorni, eng avvalo, salqin joyga ko‘chirib o‘tkazish lozim. So‘ng gorizontal holda yotqizilib, oyoqlarini sal ko‘tarish, kiyimlarini yechish, yuzini sovuq suvda yuvish va biror ho‘llangan matoni yurak sohasiga qo‘yish kerak.

Shuningdek, unga salqin ichimlik yoki qatiq ichirish va zudlik bilan shifokorga murojaat qilish lozim. Sababi quyosh urgan inson shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj.

Mavzuga oid