Jahon | 11:54 / 18.07.2022
5749
3 daqiqa o‘qiladi

Abramovich Yevroittifoqdan o‘z xayriya jamg‘armasiga million dollar o‘tkazishni talab qildi

Milliarderning fikricha, Yevropa ittifoqi sanksiyalari uning huquqlarini buzgan. Roman Abramovich yetkazilgan zarar uchun tovon puli «Chelsi» klubini sotishdan tushgan daromad olish uchun o‘zi ta’sis etgan xayriya jamg‘armasiga o‘tkazilishini talab qilmoqda.

Foto: Getty Images

Rossiyalik milliarder Roman Abramovich Yevropa umumiy yurisdiksiya sudiga da’vo arizasida Yevropa ittifoqidan unga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni bekor qilishni va xayriya jamg‘armasiga 1 million dollar o‘tkazishni talab qildi. Bu haqda The Wall Street Journal nashri xabar berdi.

Abramovichning ta’kidlashicha, joriy etilgan sanksiyalar uning Yevropa ittifoqi tomonidan kafolatlangan asosiy huquqlarini buzadi, chunki u Portugaliya fuqaroligiga ega. Milliarder Yevropa ittifoqidan «Chelsi» futbol klubini 4 milliard funt sterling (taxminan 5 milliard yevro)ga sotishdan tushgan mablag‘larni olish uchun o‘zi ta’sis etgan xayriya jamg‘armasiga bir million dollardan ortiq tovon puli to‘lashni talab qilmoqda. 

Sotuvdan keyin Abramovich bitimdan tushgan sof daromad (2,5 milliard funt sterling yoki taxminan 3 milliard yevro) xayriya va «urush qurbonlari»ga yordam berish uchun yo‘naltirilishini ma’lum qildi. U BMT va yirik global xayriya tashkilotlarining yuqori martabali vakillariga xayriya fondini tashkil etish va uning faoliyati rejasini ishlab chiqishni topshirdi.

Rossiyalik milliarderlar, «Alfa-Bank» asoschilaridan biri Mixail Fridman va Petr Aven sanksiyalar qo‘llanilganidan so‘ng darhol ularga sud orqali e’tiroz bildirishlarini ma’lum qilishdi. Ular cheklovlar uchun asoslarni «yolg‘on» deb atashgan. Ikkala biznesmenni ham bir xil advokatlar himoya qilgan. Milliarderlar YeIning ular iqtisodiyotning «Rossiya Federatsiyasi hukumati uchun muhim daromad manbasini ta’minlovchi» tarmoqlarida ishtirok etishi haqidagi da’vosiga e’tiroz bildirmoqda, deb yozadi WSJ.

Yana bir milliarder Alisher Usmonov Yevropa ittifoqining da’volariga qarshi chiqmoqda va sud xarajatlari uchun 20 ming dollar talab qilmoqda. Usmonov sud jarayonini tezlashtirishni istayapti va sanksiyalar oqibatlari bir nechta biznes bitimlarini izdan chiqarganini va uning uchta kompaniyasining bankrot bo‘lishi xavfini tug‘dirayotganini tushuntirdi. O‘tgan oy sud uning arizasini rad etdi, deb yozadi WSJ. 

Mavzuga oid