Jahon | 09:30 / 19.07.2022
3813
2 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniyada muxolifat hukumatga ishonchsizlik votumini bildira olmadi

Ishonchsizlik votumi Buyuk Britaniyada yangi parlament saylovlari o‘tkazilishini anglatadi. Boris Jonsonning iste’foga chiqishiga hissa qo‘shgan konservatorlar ham buni xohlamayapti.

Foto: UK PARLIAMENT/JESSICA TAYLOR/PA WIRE

Sobiq bosh vazir Boris Jonsonga ishonchsizlik votumi tashabbusi bilan chiqqan Britaniya muxolifati 18 iyul, dushanba kuni hukumatga ishonch votumi bo‘yicha ovoz berish jarayonini o‘tkazdi. Ishonchni saqlab qolish uchun 349 deputat ovoz berdi, 238 nafari qarshi chiqdi. Agar muxolifat hukumatga ishonchsizlik votumiga erisha olganida, mamlakatda yangi saylovlar o‘tkazish kerak bo‘lardi. Hatto iyun oyida Jonsonga ishonchsizlik votumi uchun ovoz berganlar ham Konservativ partiyaning nufuzi pasayishi sababli buni amalga oshirishni xohlamadi. 

Boris Jonson bir qator siyosiy mojarolar fonida 7 iyul kuni hukmron Konservatorlar partiyasi raisligidan ketishini e’lon qildi. Shu bilan birga, u oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan yangi hukumat rahbari sayloviga qadar bosh vazir vazifasini bajarishda davom etishini ma’lum qildi.

Konservator deputatlarning 18 iyul kuni bo‘lib o‘tgan uchinchi ovoz berishi natijalariga ko‘ra, partiya yetakchisi lavozimiga da’vogarlar ro‘yxatida to‘rt nafar nomzod – sobiq moliya vaziri Rishi Sunak, tashqi ishlar vaziri Liz Trass, xalqaro savdo vaziri o‘rinbosari Penni Mordont hamda ayollar va tenglik bo‘yicha sobiq vazir o‘rinbosari Kemi Badenok qoldi. 

21 iyulga qadar ro‘yxatda faqat ikki nafar da’vogar qolishi kerak, ular orasidan Jonsonning vorisi tanlanadi, ammo u Jamoatlar palatasining konservator deputatlari tomonidan emas, balki Konservatorlar partiyasining barcha a’zolari tomonidan tanlanadi. Konservatorlar yetakchisi Buyuk Britaniyaning hukmron partiyasi bo‘lganligi sababli avtomatik tarzda hukumat rahbari lavozimini egallaydi. Buyuk Britaniyaning yangi bosh vaziri nomi 5 sentabr kuni e’lon qilinadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid