O‘zbekiston | 16:32 / 19.07.2022
25867
8 daqiqa o‘qiladi

Doniyor G‘aniyev – Umrzoqov va Xo‘jayev rotatsiyasi, YeOIIga yaqinlashish vaqti emasligi va JSTga a’zolik haqida

11 iyul kuni Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi boshqaruvi raisi Mixail Misnikovich amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Hukumat e’lon qilgan relizga ko‘ra, tashrifda YeOII va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolangan.

Savol tug‘iladi, tashrif O‘zbekiston va tashkilot o‘rtasidagi munosabatlarda nimani anglatadi? U ayrim tahlilchilar aytayotgani kabi JST bilan muzokaralari fonida O‘zbekistonga ortayotgan bosimning navbatdagisimi?

Shuningdek, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligi masalasi bunchalik cho‘zilib ketayotgani sabablarini qanday izohlash mumkin? Gap tashkilot rahbariyatidami yoki harakatlari yetarli bo‘lmayotgan O‘zbekiston tarafidami?

Kun.uz muxbiri shu kabi savollar bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyevga yuzlandi.

— Doniyor aka, suhbatimiz Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi va Jahon savdo tashkiloti haqida. Lekin undan avval sizdan shanba kuni O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim ikki tayinlov haqida so‘ramoqchiman. Chunki siz ijtimoiy tarmoqlar orqali bu tayinlovlar bo‘yicha fikr bildirgan kam sonli deputatlardan biri bo‘ldingiz.

Sardor Umrzoqovning prezident administratsiyasi rahbarligiga o‘tishi va undan bo‘shagan ikki vazifaga endilikda sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayevning kelishi. Xo‘sh, ikki vazifaga qanchalik munosib nomzodlar olib kelindi-yu, ular haqida shaxsan siz qanchalik bilasiz?

Aytgancha, shu savolning yana bir qismi deb qabul qiling, sizlar, deputatlar biror bir lavozimga nomzod ma’qullayotganda o‘zaro keng davrada maslahatlashasizlarmi, qanday bo‘ladi mana shu jarayon? Chindan bo‘ladimi shu maslahatlashuvlar? Juda tekis o‘tkazasizlar mana shunaqa tadbirlarni.

Avvalo, juda to‘g‘ri aytdingiz, oxirgi bir hafta yoki 10 kunda O‘zbekiston kadrlar tizimida kutilmagan o‘zgarishlar bo‘ldi.

Shaxsan men bu jarayondan xursand bo‘ldim. Nega? Chunki men bu yerda 3 ta “message”ni ko‘rdim. Birinchidan, administratsiya rahbarining almashtirilishi – juda katta signal bo‘ldi. Qaysi ma’noda? Yaxshi bilamiz, amalda bu juda katta lavozim. Mana shu yuqori organ rahbarining almashishi bu – davlat rahbari tomonidan jamiyatga berilayotgan katta signalki, hali islohotlar to‘xtab qolgani yo‘q va hech kim almashtirib bo‘lmaydigan shaxs emas. Ya’ni har qanday vazir, hukumat a’zosi bo‘ladimi, agar mamlakat islohotlari talabiga javob bermaydigan bo‘lsa, almashtirilishi mumkin.

Ko‘pchilikda, balki faqat menga shunday tuyulayotgandir, so‘nggi vaqtlarda mamlakatdagi islohotlar dinamikasi sekinlashib, talabchanlik kamayayotgandek edi. Chunki oxirgi 2 yilda biz bunday keskin o‘zgarishlarni ko‘rmagandik. Mana shu o‘zgarish esa rahbarlarga ham o‘z ishlariga qarab olishlari uchun chaqiruv bo‘ldi.

Ikkinchidan, bu almashinuv ortidan lavozimga jamoatchilik orasida faol bo‘lgan, xalqaro va mahalliy OAV bilan ochiq faoliyat yuritadigan, xalqaro doirada ham obro‘yi nisbatan yuqori bo‘lgan va eng asosiysi islohot tarafdori bo‘lgan kadr keldi. Bu aytganimdek, nafaqat ichki jamiyat, balki xalqaro doirada investorlar, xalqaro hamkorlarimiz uchun ham signaldir.

Ya’ni bu “islohotlar davom etadi, biz islohotlarga sodiqmiz, eski davrga qaytish, muzlab qolish kabi gaplar puch degani” hamdir.

Uchinchidan va eng asosiysi shu bo‘ladiki, yaqinda Qoraqalpog‘istonda bo‘lgan voqealar hammamiz, davlatimiz, davlatchiligimiz, jamiyatimizning birligi uchun katta sinov bo‘ldi. Ammo o‘zbekchilikda “yomon narsada ham bir hikmat bo‘ladi” degan gap bor. Shu ma’noda bu o‘zimizga ko‘zgu tutgan holda biroz sekinlab qolgan islohotlar, reforma jarayonlarini yana bir marta jonlantirib yuborish uchun foydali bo‘lishi mumkin, degan yaxshi umid paydo bo‘lyapti.

Endi to‘g‘ridan to‘g‘ri kadrlarning o‘ziga keladigan bo‘lsak, Sardor Umrzoqov menimcha, bu vazifaga to‘g‘ri tanlov bo‘ldi. U yosh, zamonaviy, xalqaro tajribaga ega, nafaqat ta’lim olish, balki xalqaro tashkilotlarda ishlagan kadr hisoblanadi. 2019 yilda hukumatga vazir bo‘lib kelgan bo‘lsa, qisqa muddat ichida jamoatchilik orasida eng tanilgan, eng faol, OAV va blogerlar bilan doimiy faoliyatini ochiq, erkin muloqot asosida tashkil qiladigan rahbar sanaladi.

Sardor O‘ktamovichning rahbarligi ostida 1 yil muddat ishlaganman ham. Yaqindan taniyman. 2019 yilda vazir bo‘lgan bo‘lsa, men o‘sha vaqtda viloyat boshqarmasida faoliyat yuritganman. Shundan bu shaxsning juda talabchan ekanini bilaman. Umrzoqov yuqori notiqlik qobiliyatiga ham ega. Buning bevosita guvohiga aylanganman.

— Siz Umrzoqovni maqtayapsiz, uning harakatchanligi, zamonaviy kadr ekaniga urg‘u beryapsiz. Aytaylik, mana shunday kadrlar ijro hokimiyatida yurgani yaxshi edi, degan fikrlarga qanday qaraysiz?

— Albatta, bu ham tushunarli. Umrzoqov ijro organlarida ham mana shunday rahbar bo‘la oldi va o‘zining yo‘nalishida ma’lum bir islohotlarni yo‘lga qo‘ya oldi. Endi ko‘pchilik administratsiyaga o‘tishi natijasida hujjatlarning ichiga ko‘milib, islohotlar to‘xtab qoladimi, degan fikrlarni ham bildirishmoqda. Men bunga qo‘shilmadim.

Prezident administratsiyasi haqida gapirsak, uning asosiy vazifasi prezident nomidan 3 ta hokimiyatni muvofiqlashtirish hisoblanadi. Va davlatning ichki hamda tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini shakllantirishdir.

Shuningdek, islohot tarafdori bo‘lgan rahbar sifatida Sardor Umrzoqov ijroda payti ma’lum sohalarda islohot qilolgan bo‘lsa, mana endi unda kattaroq imkoniyat bor, o‘zining islohot tarafdori sifatida ko‘proq imkoniyatiga ega.

Ko‘pchilik administratsiyani prezidentga yordamchi ofis sifatida ko‘radi, lekin amalda uning qudrati juda katta. Bu nafaqat bizda, butun sobiq sovet davlatlarida shunday. Bu qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri, bu – boshqa masala, buni alohida muhokama qilish kerak.

Lekin o‘ylaymanki, hozirgi sharoitda islohotlarni jadal olib borish, barchani bitta g‘oya, maqsad atrofida birlashtirib, ularning ishlarini muvofiqlashtirib, jamoa sifatida ilgari surishda bu tizim natija berishi mumkin. 

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Unda Sardor Umrzoqov o‘rniga Bosh vazir o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimiga tayinlangan Jamshid Xo‘jayev, uning JST bilan qanchalik muvaffaqiyatli ishlay olishi, shuningdek, ayni paytda YeOIIga yaqinlashish xavflari borasida so‘z boradi.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid