Fan-texnika | 19:45 / 19.07.2022
40401
2 daqiqa o‘qiladi

Dubay 40 mingta virtual ish o‘rni yaratish rejasi haqida e’lon qildi

Henley & Partners konsalting firmasi taxminiga ko‘ra, yil oxiriga qadar Amirliklarga 4 ming nafar millioner ko‘chib o‘tadi. 

Foto: Angel Garcia/Bloomberg

Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahri hokimligi besh yil ichida 40 mingta virtual ish o‘rni yaratish va budjetga 4 mlrd dollar keltirishi mo‘ljallangan «Dubay metakoinoti» loyihasi ishga tushirilganini e’lon qildi

Amirlik valiahd shahzodasi shayx Hamdon bin Muhammadning ma’lum qilishicha, hozirda Dubayda metakoinot va blokcheyn sohasida mingdan ortiq kompaniya faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular milliy iqtisodiyotga 500 mln dollar foyda keltirmoqda.

Strategiya besh yil ichida Dubaydagi blokcheyn-kompaniyalar sonini besh baravarga ko‘paytirishga qaratilgan. Hukumat foydalanuvchilar uchun xavfsiz va ishonchli platformalarning global standartlarini ishlab chiqish hamda infrastruktura yaratish ustida ish olib bormoqda. 

Shahardagi yirik kompaniyalar «Dubay metakoinoti»ga qo‘shilmoqda. Emirates aviakompaniyasi ushbu texnologiyadan foydalanishni kengaytirishini bildirdi, Damac Group developeri raqamli shaharlar qurish rejasini e’lon qildi.

BAA bu yil boy emigrantlar keladigan asosiy nuqta bo‘lishi mumkin, deb prognoz qilmoqda Henley & Partners konsalting firmasi. Ularning taxminiga ko‘ra, yil oxiriga qadar Amirliklarga 4 ming nafar millioner ko‘chib o‘tadi. Bu 2019 yildagiga qaraganda 208 foizga ko‘p (1300 kishi). Henley & Partners taxminicha, Rossiyani bu yil 15 ming millioner tark etadi.

Mavzuga oid