O‘zbekiston | 15:05 / 19.07.2022
7829
2 daqiqa o‘qiladi

Parlament komissiyasi Qoraqalpog‘istondagi voqealarni o‘rganishni davom ettirmoqda

Foto: KUN.UZ

2022 yilning 15 iyul kuni Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi Qoraqalpog‘istonda iyul oyi boshida sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha komissiya tuzgan edi.

Ombudsman Feruza Eshmatova rahbarligidagi komissiya 16 iyul kunidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘z faoliyatini boshladi.

Ombudsman axborot xizmati xabariga ko‘ra, komissiya oldiga qo‘yilgan vazifalar ijrosini bajarishi uchun guruhlarga bo‘lingan holda o‘rganishlar olib bormoqda. Har bir guruh faoliyatida shaffoflikni ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar hujjatlashtirilmoqda. Ular audio, foto va video vositalari yordamida qayd etilmoqda.

Komissiya a’zolari dastlab Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali, Markaziy shifoxonada davolanayotgan bemorlar bilan suhbatlashib, yuz bergan voqealarda inson huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari bilan bog‘liq holatlarni o‘rgandi.

Shimoliy-g‘arbiy harbiy okrugi harbiy gospitali va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi harbiy gospitalida davolanayotgan harbiy xizmatchilar, ichki ishlar idoralari xodimlari bilan muloqotlar qilindi. Suhbat davomida namoyishchilar va harbiy xizmatchilar xatti-harakatlari o‘rganildi.

Komissiya a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi sud tibbiy ekspertiza markaziga tashrif buyurib, voqealar bilan bog‘liq barcha kerakli materiallar bilan tanishdilar.

Komissiya a’zolari o‘rganishlari davom etmoqda, deyiladi rasmiy xabarda.

Mavzuga oid