O‘zbekiston | 14:21 / 20.07.2022
6186
3 daqiqa o‘qiladi

Bino va inshootlar tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni kelishish tartibi ma’lum qilindi

Bino va inshootlarning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni kelishish tartibi to‘g‘risida ma’lumot berildi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanalida tegishli axborot e’lon qilindi.

Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markazlariga murojaat etadi yoki xizmatdan elektron shaklda foydalanish uchun yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz)da ro‘yxatdan o‘tadi.

Bino va inshoot tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni kelishish uchun arizalar YaIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qat’iy nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin.

So‘rovnoma to‘ldirilib, unga bino va inshoot fasadining elektron ko‘rinishdagi eskiz loyihasi ilova qilinadi.

Tuman (shahar) qurilish bo‘limlari (vakolatli organ)ga bino va inshootning devorlari rejasi, kesimi (mavjud bo‘lsa), fasad va kadastr pasporti nusxasi elektron shaklda yuboriladi.

Vakolatli organ 5 ish kuni mobaynida joyiga borib bino va inshootning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish imkoniyatini o‘rganib chiqadi.

Bino va inshoot tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni kelishib bergan kunning o‘zida kelishilgan loyiha eskizi elektron shaklda Davlat xizmatlari markaziga yoki ariza beruvchiga YaIDXP orqali yuboriladi.

Tartib bino va inshoot hajmi va maydonini o‘zgartirmasdan turib ko‘cha (ko‘chalar)dan ko‘rinadigan old va yon fasadlar (fasad maydonining 25 foizidan ortiq qismi)dagi arxitekturaviy elementlar (sokoli, quyoshdan himoyalash elementlari, parapetlari, ustunlari, tomi, derazalari, peshayvoni, ayvonlari va shu kabilar)ning rangi, konfiguratsiyasi va o‘lchamlari o‘zgartirilishiga tatbiq etiladi.

Bino va inshoot, yakka tartibdagi uy-joy tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish bo‘yicha agar bino va inshoot, yakka tartibdagi uy-joy magistral ko‘chalar, xalqaro, davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan avtomobil yo‘llari bo‘ylab joylashgan hollarda fasad maydoni 25 foizidan ortiq qismidan qat’i nazar kelishish talab etiladi.

Yakka tartibdagi uy-joylar, tumanlar ma’muriy markazi bo‘lmagan shaharchalarda, qishloq aholi punktlari (qishloq va ovullar)da hamda aholi punktlari tashqarisida joylashgan bino va inshootlarning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish uchun kelishish talab etilmaydi.

Xizmatni ko‘rsatish muddati: 5 ish kunida. Xizmat narxi: BHMning 50 foizi miqdorida – 150 ming so‘m; Yagona portal orqali topshirilganda miqdor – 135 ming so‘m.

Mavzuga oid