O‘zbekiston | 11:01 / 20.07.2022
5867
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryodagi tuz g‘origa zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan holatlar mavjud - Madaniy meros agentligi 

Surxondaryo viloyatida joylashgan «Xo‘jayikon» tuz g‘ori madaniy meros obektiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan holatlar mavjud. Bu haqda Madaniy meros agentligi ma’lum qildi.

Foto: Madaniy meros agentligi

Agentlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ayni vaqtda «Xo‘jayikon» tuz g‘ori madaniy meros obektiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan holatlar mavjud. 

Xususan, ushbu obektdan Surxondaryo viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tarkibidagi Sherobod tumani tibbiyot birlashmasi xo‘jalik hisobidan tegishli asoslantiruvchi hujjatlarsiz foydalanib kelmoqda. Bu madaniy meros obektining muhofazasini ta’minlashda bir qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda.

«Xo‘jayikon» tuz g‘ori madaniy meros obektidan Sherobod tumani tibbiyot birlashmasining majburiy tartibda chiqarilishini so‘rab, joriy yilning 18 aprel kuni «Termiz» davlat muzey-qo‘riqxonasi tomonidan Termiz tumani tumanlararo iqtisodiy sudiga davo arizasi kiritilgan.

Termiz tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan yakuniy sud qarori chiqarilishida «Xo‘jayikon» tuz g‘ori madaniy meros obektining kadastr hujjatlari rasmiylashtirilishi yuzasidan Termiz tumanlararo ma’muriy sud qarori chiqarilishi kutilmoqda.

15 iyun kuni Termiz tumanlararo ma’muriy sudi tomonidan ko‘rib o‘tilgan ishda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari asosida «Xo‘jayikon» tuz g‘ori madaniy meros obektining «Termiz» davlat muzey-qo‘riqxonasiga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilib, egalik huquqi berilgani noqonuniy deb topilmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur tuz g‘ori 1989 yilda ochilgan bo‘lib, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani Ko‘hitang tog‘ tizmasi etaklarining janubi-sharqiy yonbag‘rida, dengiz sathidan 1200 metr balandlikda joylashgan.

Mavzuga oid