Jamiyat | 15:45 / 25.07.2022
23762
2 daqiqa o‘qiladi

15 sutkaga qamalgan bloger Olimjon Haydarov 2 kundan so‘ng ozod qilindi. Uning sherigiga chiqarilgan qaror o‘zgarishsiz qoldi

Diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallar tarqatishda ayblanib, 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosiga tortilgan farg‘onalik blogerlarning apellyatsiya shikoyati 24 iyul kuni JIB Farg‘ona viloyat sudida ko‘rib chiqildi. 

Olimjon Haydarov va Komiljon Ahmedov / Foto: Facebook

Oliy sud matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, JIB Qo‘qon shahar sudi tomonidan 22 iyulda chiqarilgan qarorning Olimjon Haydarovga oid qismi bekor qilinib, ish qo‘shimcha surishtiruv o‘tkazish uchun Qo‘qon shahar IIBga yuborilgan.

Shunday qilib, birinchi instansiyada 15 sutkaga qamalgan bloger oradan ikki kun o‘tib ozod qilindi. Sud undan ikki sutka ma’muriy qamoqda saqlangan kuni uchun 90 ming so‘m qamoq xarajatlari undirish bo‘yicha ajrim chiqargan.

Birinchi instansiya sudi qarorining Komil Ahmedovga tegishli qismi esa o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan Olimjon Haydarov o‘zi bilan birga qamalgan bloger Komil Ahmedov ajrimdan norozi ekanligini, ayni vaqtda Oliy sudga kassatsiya tartibida shikoyat kiritishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

«Birinchi sudda ham menga oid dalillar yo‘q edi. O‘sha post ostiga meni ism-familiyam qo‘yib tarqatilgan. Shu sababli ish qo‘shimcha surishtiruvga qaytdi.

Hozir Komil aka Oliy sudga kassatsiya shikoyati yozmoqchi», - deydi Olimjon Haydarov.

Eslatib o‘tamiz, 22 iyul kuni farg‘onalik blogerlar Olimjon Haydarov va Komiljon Ahmedovlar diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallar tarqatishda ayblanib, 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Blogerlar tomonidan tarqatilgan post matni Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertiza xulosasiga ko‘ra, davlat idoralari vakillari faoliyatiga noto‘g‘ri baho berilgan hamda islom diniga e’tiqod qiluvchi fuqarolarda xristian diniga e’tiqod qiluvchi fuqarolarga nisbatan diniy adovatni targ‘ib qiluvchi xususiyatda, deb topilgan edi.

Mavzuga oid