Sport | 12:24 / 25.07.2022
14420
13 daqiqa o‘qiladi

«Bavariya» transferlar bozorida faol. Nemis grandi tarkibni qanday yangilamoqda?

Myunxenliklar mavsumlar oralig‘ida transferlar uchun sarf-xarajatlar bo‘yicha peshqadamlar safida bo‘lib turishibdi. Klubning barcha xaridlari sifatli.

«Bavariya» bu yil yozda Yevropada transferlar uchun eng ko‘p pul sarflagan klublardan biri bo‘lib turibdi. Mavsumlar oralig‘ida nemis klubi yangi futbolchilar uchun 120,5 million yevro xarajat qildi, bu «Manchester Siti», «Barselona», «Chelsi», «PSJ» va «Real»nikidan ko‘proq.

Bild nashri talqiniga ko‘ra, hozirgacha eng ko‘p pul sarflagan klublar uchligi quyidagicha:

  1. «Arsenal» – 127,06 mln yevro (Gabriel Jyezus – 52,2 mln yevro, Fabiu Viyeyra – 35 mln yevro, Aleksandr Zinchenko – 30 mln yevro, Mett Tyorner – 6,36 mln yevro, Markinos Oliveyra – 3,5 mln yevro).
  2. «Bavariya» – 120,5 mln yevro (Matteys de Ligt – 70 mln, Sadio Mane – 32 mln, Rayan Gravenberx – 18,5 mln yevro)
  3. «Manchester Siti» – 108,75 mln yevro (Erling Holand – 60 mln yevro, Kalvin Fillips – 48,75 mln yevro)

Keyingi o‘rinlarda «Barselona» (103 mln yevro), «Chelsi» (94,2 mln yevro), «Borussiya Dortmund» (86 mln yevro), «Liverpul» (85,8 mln yevro), «Real» (80 mln yevro), «PSJ» (79,5 mln yevro) va «Manchester Yunayted» (72,37 mln yevro) bormoqda.

«Bavariya» nafaqat xarajat, balki sifat jihatidan ham boshqalardan oldinda boryapti. Bundan tashqari, nemislar hali transfer bozorida ishni tugatmagan.

Matteys de Ligt  mustahkam himoya varianti

Himoyachi Matteys de Ligt – «Bavariya»ning asosiy xaridi. U nemis klubi bilan 2027 yilgacha shartnoma imzoladi. Transfer summasi 67 mln yevro bo‘ldi. Myunxen klubi bu summani to‘rt yil davomida to‘lab beradi. Klublar o‘rtasidagi kelishuvda 10 mln yevro miqdorida bonuslar ham ko‘zda tutilgan.

«Bavariya» de Ligtning narxini tushirishga muvaffaq bo‘ldi. Dastlab «Yuventus» kamida 75 mln yevro va bonuslar talab qilgandi. Futbolchi nemislarga juda qimmatga tushdi, ammo ortiqcha to‘lov miqdori juda katta bo‘ldi deyishga asos yo‘q. Hali ham katta salohiyatga ega 22 yoshli himoyachi uchun maqbul narx.

De Ligt «Bavariya» safida o‘rtoqlik uchrashuvida ilk golini urishga ulgurdi.
Foto: TIM NWACHUKWU/GETTY IMAGES

«Yuve»da Matteysning ishi yurishmadi. Niderlandiyalik futbolchi 2019 yilda Turinga emas, balki «Ayaks»dan «Bavariya»ga o‘tmoqchi bo‘lganini tan olgan edi. De Ligtning orzusi amalga oshdi – endi u Myunxenda. Bundan buyog‘iga futbol maydonida o‘z salohiyatini isbotlashi kerak. Matteys yomon boshlamadi. «Di-Ci Yunayted»ga (6:2) qarshi o‘rtoqlik o‘yinida gol urdi.

Sadio Mane – Robert Levandovskiga munosib o‘rinbosar

«Bavariya» iyun oyida «Liverpul» vingeri Sadio Mane transferini taxminan 50 mln yevroga rasmiylashtirgandi. U «Barselona»ga o‘tib ketgan Robert Levandovskining o‘rnini egallaydi. Sadio klassik «to‘qqizlik» emas, lekin bu muammo bo‘lmaydi. Myunxenni tark etgan Levandovski vaziyatni juda yaxshi tahlil qildi.

«Menimcha, «Bavariya»da shuncha ko‘p iqtidorli hujumkor futbolchilar borki, ularga klassik «to‘qqizlik» kerak emas. Ular menga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘rinbosar bo‘lishi shartmas. Jamoa turli uslubda, yangicha o‘ynashi mumkin. Menimcha, Nagelsmann juda ko‘p g‘oyalarga ega. Unga klassik hujumchi kerak emas. Bu g‘oya «Bavariya»ga juda mos kelishi mumkin.

Kimlar gol uradi? Sadio Mane, Serj Gnabri, Kingsli Koman, Leroy Sane, Tomas Myuller, Jamol Musiala. O‘yinchilar gol urish uchun ko‘proq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishadi. Ularning ko‘rsatkichlari yaxshilanadi va ko‘proq gol urishadi», – dedi Robert.

Sadio Mane ham myunxenliklar uchun ilk golini urdi
Foto: TIM NWACHUKWU/GETTY IMAGES

Sadio, xuddi de Ligt kabi, «Di-Ci Yunayted»ga qarshi o‘yinda «Bavariya» uchun birinchi golini urdi. Shundan so‘ng, Afrikaning eng yaxshi futbolchisi sovrinini oldi. Senegallik hujumchining Yulian Nagelsmann jamoasiga foydali bo‘lishiga shubha yo‘q.

«Bavariya» prezidenti Gerbert Hayner de Ligt va Mane transferidan mamnun.

«Matteys – biz orzu qilgan futbolchi. Yangi mavsum rejasini tuzganimizda, u ro‘yxatning eng yuqorisida edi. Biz kelishuvdan juda mamnunmiz. U kelajakda biz qurmoqchi bo‘lgan jamoaning muhim bo‘lagidir. U har doim yetakchilik funksiyalarini o‘z zimmasiga olgan – bu bizga kerak.

Aytishlaricha, Bundesliga doimo xalqaro yulduzlar yetishmasligidan aziyat chekadi. «Bavariya» har doim ushbu toifadagi o‘yinchilarni sotib olishga harakat qilgan. Sadio Mane va Matteys de Ligt timsolida biz ikkita birinchi darajali yulduzni qo‘lga kiritdik. Albatta, Bundesliga bundan faqat jozibador bo‘ladi, bunga hech qanday shubha yo‘q», – dedi Hayner.

Sadio «Barselona»ga o‘tgan Levandovskidan uch yosh kichik. Klassik «to‘qqizlik» ham emas, lekin u muntazam ravishda qanday qilib gol urishni biladi. Qolaversa, top-klublar «to‘qqizlik» rolini bajaruvchi o‘yinchilardan tobora ko‘proq voz kechib, vingerlarga tayanishmoqda. «Bavariya»da esa ular ko‘p.

Rayan Gravenberx – arzon sotib olingan eng umidli futbolchilardan biri

 «Bavariya» iyun oyi o‘rtalarida «Ayaks»dan Rayan Gravenberxni sotib olganini e’lon qilgandi. 20 yoshli yarimhimoyachi bilan 2027 yilga qadar shartnoma imzolangan. Transfer 18,5 mln yevroga baholanmoqda (bonuslar bilan bu summa 25 mln yevrogacha yetishi mumkin). Shuningdek, «Ayaks» futbolchining keyingi transferi qiymatining 7 foizini olishi mumkin.

«Rayanning bu yerda ekanidan mamnunmiz. Gravenberx – Yevropaning eng zo‘r iste’dodlaridan biri, hamma uni qo‘lga kiritishni xohlardi», – dedi «Bavariya» sport direktori Hasan Salihamijich.

Foto: FCBAYERN.COM

Gravenberxga «Real», «Manchester Yunayted» va «PSJ» jiddiy qiziqish bildirgandi, ammo u «Bavariya»ni tanladi. Buning sababini otasi aytdi.

«Bavariya» rahbariyati klubini «Ayaks»ga o‘xshashini, ammo kattaroq miqyosda ekanini aytishdi. Agar «PSJ», «Manchester Siti» yoki «Real»ga qarasangiz, ular 15 futbolchi sotib oladi, ammo ularda allaqachon 40 futbolchidan iborat tarkib bor. «Bavariya» ko‘pi bilan uch, to‘rt yoki beshta maqsadli transferni amalga oshiradi. Ular bu futbolchilarning kelajagiga sarmoya kiritishadi. Bu Rayanning tanlovida muhim rol o‘ynadi», – dedi katta Rayan Gravenberx.

«Bavariya» darhaqiqat «PSJ» yoki «Manchester Siti» kabi ko‘plab o‘yinchilar sotib olmaydi. Demak, nemislarning sifatli xaridlariga shayxlar ham havas qilishi mumkin.

«Bavariya» an’analarga ega klub. Bizda investorlarni jalb qilish imkoniyati yo‘q. Agar Premer-liga va Bundesliga taqqoslansa, televizion shartnomalar bo‘yicha katta farqni ko‘rish mumkin. Ular investorlarni jalb qilish imkoniyatiga ega, ammo Germaniyada buning iloji yo‘q. Bizga o‘xshagan klublar uchun raqobat muhiti juda murakkab. Lekin biz kurashyapmiz va Yevropaning eng yaxshi klublari qatoriga kira olamiz», – dedi «Bavariya» bosh direktori Oliver Kan.

Darhaqiqat, nemislar uchun Ispaniya, Angliya klublari yoki «PSJ» bilan raqobat qilish qiyin. Ammo «Bavariya» buni muvaffaqiyatli bajarmoqda. Klub maqsadli va sifatli transferlarni amalga oshirmoqda. Myunxenliklar to‘xtab qolmoqchi emas.

«Bavariya» yangi transferlar uchun tarkibni tozalamoqda

«Bavariya» bir necha futbolchilari bilan xayrlashmoqchi. Myunxen klubi yarimhimoyachi Marsel Zabitser, hujumchi Joshua Zirkzeye, himoyachilar Kris Richards, Benjamin Pavar va Buna Sarrni sotishdan 75-85 mln yevro to‘plashni rejalashtirmoqda.

«Bavariya» eng ko‘p foydani Pavar transferidan ishlab olmoqchi – 35 mln yevro. L’Equipe xabariga ko‘ra, 26 yoshli futbolchiga «Manchester Yunayted», «Chelsi», «Atletiko» va «Yuventus» qiziqish bildirmoqda. Hozircha ulardan hech biri jiddiy taklif bermagan. Ammo tomonlarning shoshiladigan joyi yo‘q. «Bavariya» transfer oynasi tugaguncha kutishga tayyor.

Foto: CHRISTOF STACHE/POOL VIA GETTY IMAGES

Pavarning o‘zi «Bavariya»da qolishi kerakligiga shubha qilmoqda. Koronavirus pandemiyasi uning fikriga ta’sir qildi, chunki cheklovlar tufayli doimo oilasidan uzoqda bo‘ldi. Bu uning psixologik holati va o‘yin darajasiga ta’sir qildi. Bundan tashqari, fransiyalik futbolchi markaziy himoyachi sifatida muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘ladigan klubda o‘ynashni istaydi. «Bavariya»da u deyarli doim himoyaning o‘ng qanotida o‘ynadi.

Sky Sport jurnalisti Florian Plettenberg xabariga ko‘ra, 22 yoshli Kris Richards «Kristal Pelas»ga bonuslar bilan birga 15-20 mln yevroga sotiladi. O‘tgan mavsumda «Hoffenhaym»da ijarada o‘ynagan va o‘zini ko‘rsata olmagan futbolchi uchun yaxshi narx. Kris hali nisbatan yosh va o‘sishi mumkin, ammo u «Bavariya»ning asosiy jamoasi darajasida bo‘lishi dargumon. Zaxira o‘rindig‘iga mixlash va qiymatini pasaytirishdan ko‘ra, uni hozir sotish yaxshiroqdir.

Zirkzeye «Anderlext»da ijara asosida o‘ynadi. 38 o‘yinda 16 ta gol urdi. Yomon emas, lekin Levandovski ketganidan keyin ham Myunxenda 21 yoshli hujumchiga joy yo‘q. Vaziyat Zabitser va Sarr uchun ham xuddi shunday. «Bavariya» har biri uchun 10 mln yevro olsa, xursand bo‘ladi.

Tarkibning tozalanishi nemislarga yana bir yuqori saviyadagi futbolchini olish imkonini beradi. Krishtianu Ronaldu, albatta, «Bavariya»ni qiziqtiradigan sohada emas, ammo bozordagi boshqa taniqli o‘yinchilar Myunxenga borishi mumkin.

Hozircha nemislar nisbatan oddiy maqsadlarni ko‘zlamoqda. Insayder Nikolo Skira xabariga ko‘ra, klub «Renn»ning 17 yoshli istiqbolli hujumchisi Matis Tel bo‘yicha muzokaralarda muvaffaqiyatga erishgan. «Bavariya» 17 mln yevro + 5 mln yevro bonus taklif qilgan. «Leypsig»ning 25 yoshli yarimhimoyachisi Konrad Laymer borasida ham muzokaralar olib borilmoqda. «Bavariya» 20 mln yevro taklif qilishga tayyor, «Leypsig» esa 30 mln yevro talab qilmoqda. Tomonlar murosa izlashda davom etyapti. Umuman olganda, «Bavariya»ning maqsadli va sifatli transfer kampaniyasi hali tugamaydi.

Mavzuga oid