Jang qilishdan bosh tortgan rus askarlari qamoqda saqlash sharoitlari haqida gapirib berdi
Ukrainada jang qilishdan bosh tortgan rus askarlari Lugansk oblastidagi maxsus markazda saqlanmoqda. Ular psixologik va jismoniy bosim haqida gapirishdi.
Ukrainada jang qilishdan bosh tortgan rossiyalik harbiylardan biri, shuningdek, yana bir askarning otasi The Insider nashriga Lugansk oblastining Bryanka shahridagi «bosh tortganlar» uchun maxsus markazda saqlash sharoitlari, qiynoqlar va tahdidlar haqida gapirib berdi. Ularning hikoyasi 24 iyul, yakshanba kuni The Insider nashrida chop etildi.
Erkak The Insider nashriga ma’lum qilishicha, u ma’naviy tayyor emasligi sababli urushda qatnashishdan bosh tortganligi haqida raport yozgan. U bilan birga yana ikki yuzga yaqin odam buni qilgan, deya aniqlik kiritdi u. Ulardan ba’zilari uylariga jo‘natilgan, biroq ko‘plari qo‘yib yuborilmagan va avvaliga «lagerga» olib ketilgan, so‘ngra panjarali kamerada saqlangan, keyin Bryankadagi «markaz»ga jo‘natilgan, dedi u.
U yerda harbiylarga disbat, qurilish bataloni va lager bilan tahdid qilingan. Qo‘mondonlik harbiylar bilan nima qilish kerakligini shaxsiy suhbatlardan so‘ng, jumladan, psixolog bilan hal qiladi, dedi askar. «Ular menga: «Senda ikkita yo‘l bor - oldinga borishing mumkin yoki rad etishing mumkin, lekin seni tergov izolyatoriga tashlashadi». Ular chuqurni shunday deb atashadi. Men rad etishni rejalashtirmoqdaman. Balki bu yerdan chuqursiz, xotirjamlik bilan ketish mumkin bo‘lar. Bo‘linmaga qaytish varianti ham bor», dedi harbiy xizmatchi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «bosh tortganlar» uchun telefonlarga ruxsat berilmagan va ulardan faqat qo‘riqchilardan yashirin foydalanish mumkin. «Buni yashirishimizga to‘g‘ri kelyapti. Agar topib olishsa, sindirib tashlashadi», dedi u jurnalistlarga.
Nashrning yana bir suhbatdoshi – jang qilishdan bosh tortgan askarlardan birining otasi so‘zlariga ko‘ra, uch oylik xizmatdan so‘ng shartnoma bo‘yicha askarlarga ta’til va jangovar harakatlarda qatnashishdan bosh tortish imkoniyati va’da qilingan. Shunga qaramay, ular xizmatni davom ettirishdan bosh tortayotganini e’lon qilgach, hibsga olinib, Bryankaga olib ketilgan hamda bir oydan ortiq vaqtdan beri hibsda saqlanmoqda. Askarning otasining aytishicha, uning ma’lumotiga ko‘ra, shartnoma bo‘yicha askarlar dahshatli sharoitda saqlanyapti. «Qandaydir chuqurlar, qiynoqlar va shunga o‘xshash narsalar. U yerdan kelgan odamlar shunday deyishyapti», - deya uning so‘zlarini keltiradi The Insider.
«Verstka» nashrining hisob-kitobiga ko‘ra, fevral oyidan beri kamida 1793 nafar harbiy xizmatchi Ukraina bilan urushda qatnashishdan bosh tortgan. Ularning kamida 234 nafari Lugansk oblastining Bryanka shahri yaqinida majburan saqlanmoqda, dedi ularning yaqinlari «Verstka» nashriga.
Markazda saqlanayotgan boshqa harbiy xizmatchilar onalarining hikoyalari ham «Nastoyashcheye vremya» nashrida chop etilgan. «Yerto‘lada ovqatsiz o‘tiribmiz. Ikki kunga yaqin shu yerda ushlab turamiz deyishdi. Endi qayerga borishim ma’lum emas. Yashirincha telefonni olib keldim. Buyumlarimni olib qo‘yishdi. Kimda telefon topilsa, joyida sindirib tashlashdi. Zambillarda uxlayapmiz. Chiroq yo‘q, qorong‘ida o‘tiramiz. Uyga hech kim yuborilmaydi deyishdi. Avval tergov izolyatori, keyin sud. Sud shu yerda, Luganskda bo‘lar emish», deb yozgan askarlardan biri onasiga. Harbiy xizmatchilar ularni «Vagner» XHK xodimlari qo‘riqlashayotganini, askarlar esa kazarmaga aylantirilgan maktab yerto‘lasida saqlanayotganini aytdi.
Mavzuga oid
21:25 / 25.11.2024
Kurskka yana ATACMS uchdi. Navbat «Oreshnik»gami?
21:11 / 25.11.2024
Rossiyada rus tilini bilmaydigan migrant bolalari maktabga qabul qilinmasligi mumkin
13:37 / 25.11.2024
Rossiyaning yirik chakana savdo tarmog‘i O‘zbekiston mahsulotlarini eksport qilmoqchi
22:25 / 24.11.2024