Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Myanmada so‘nggi o‘n yilliklarda ilk bor o‘lim jazosi qo‘llandi - harbiy xunta muxolif yozuvchi va deputatni qatl etdi
To‘rt nafar demokrat faol Myanma qurolli kuchlari tomonidan qatl etildi, bu so‘nggi o‘n yilliklarda mamlakatda ilk bor o‘lim jazosi qo‘llanishi hisoblanadi.
Myanma parlamentining sobiq a’zosi, mamlakatda hip-hop janri pionerlaridan sanalgan 41 yoshli Fio Zeyya Tou hamda 53 yoshli yozuvchi va muxolifatchi faol Chjo Min Yu (Ko Jimmi laqabi bilan tanilgan) qatl etilgan. Ularning ikkisi ham iyun oyidagi apellyatsiyada yutqazishgan. Qatl qilinganlarning yana ikkisi esa Xla Mio Aung va Aung Tura Zau bo‘lgan. Reuters agentligi yozishicha, ularning barchasi «terrorchilik akti» amalga oshirishda ayblangan.
Bu 1980-yillardan buyon - va 2021 yil fevralidagi harbiy to‘ntarishdan keyingi ilk qatl hukmi ijro etilishi bo‘ldi, o‘shanda xunta «Demokratiya uchun milliy liga» partiyasi yetakchisi, demokratik yo‘l bilan saylangan Aung San Suu Ki hukumatini ag‘dargandi. Uning o‘zi ham aprel oyida korrupsiyada ayblanib, besh yilga ozodlikdan mahrum etildi.
- 2021 yil fevralida Nobel mukofoti sovrindori Aung San Suu Ki hamda mamlakat saylangan hukumati ag‘darilgach, boshlanib ketgan ommaviy mitinglar, ish tashlashlar va fuqarolar itoatsizligiga bo‘lgan barcha urinishlar harbiylar tomonidan shafqatsizlarcha bostirildi. BMT mamlakat bo‘ylab shaharlarda namoyishchilarga qarata o‘q uzilganini qayd etgan. Huquq faollariga ko‘ra, rejimning kamida 1756 nafar muxolifi o‘ldirilgan, 13 mingdan ortiq kishi hibsga olingan.
Harbiylarning hisoblashicha, Aung San Suu Ki partiyasi ishonchli g‘alabaga erishgan saylov natijalari soxtalashtirilgandi. Saylov komissiyasi bunday ayblovlarni inkor etgan.
Ko Jimmi «88-avlod» talabalar guruhi faxriysi bo‘lgan - demokratiya tarafdori bo‘lgan bu guruh 1988 yildayoq harbiy xuntaga qarshi chiqqandi. U bir necha yilni qamoqda o‘tkazgan, 2012 yilda ozodlikka chiqqan va o‘tgan yil oktyabrida kvartirada qurol va o‘q-dorilar saqlashda ayblanib hibsga olingandi.
Fio Zeyya Tou — nafaqat sobiq reper, balki «Demokratiya uchun milliy liga» partiyasidan parlament deputati hamda Aung San Suu Kining yaqin safdoshlaridan bo‘lgan. Hip-hop ijrochisi sifatida u harbiylarga qarshi so‘zlari tufayli tez-tez xunta rahbarlarining g‘azabini qo‘zg‘ab turardi. U noyabr oyida terrorchilik jinoyatlarida ayblanib qo‘lga olingandi.
Qolgan ikki mahkum haqida ma’lumotlar kam. Ular xunta xabarchisi bo‘lgan ayolni o‘ldirishda ayblangan.
Yanvar va aprel oylarida yopiq sud jarayonlarida sud qilingan to‘rt kishiga ham o‘tgan yilgi davlat to‘ntarishiida hokimiyatni egallab, o‘z muxoliflarini qatag‘on qilishga kirishgan armiyaga qarshi kurashgan ayirmachilarga yordam berish bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.
Harbiylar tomonidan ilk bor iyun oyida e’lon qilingan qatl hukmi xalqaro hamjamiyat tomonidan qattiq tanqidga uchradi. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish xunta qarorini «yashash, erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqini qo‘pol ravishda buzish» deb atadi.
Myanma milliy birlik hukumati (bu soyadagi ma’muriyat bo‘lib, hukmron xunta tomonidan faoliyati taqiqlangan) qatl hukmini qoraladi va xalqaro hamjamiyatni xuntaga qarshi harakatlanishga chaqirdi. «Jahon hamjamiyati ularni beshafqatlik uchun jazolashi kerak», dedi tashkilot vakili.
«Bu qatllar o‘zboshimchalik bilan hayotdan mahrum qilishga teng va Myanmada inson huquqlari dahshatli darajada poymol etilayotganining yana bir namunasi bo‘lib xizmat qiladi. Xalqaro hamjamiyat zudlik bilan harakatga kelishi kerak, chunki shu kabi ayblovlar bilan ayblangan va o‘limga hukm qilingan 100 dan ortiq odam kameralarda qolmoqda», degan Amnesty International tashkilotining mintaqaviy bo‘limi direktori Ervin van der Borxt.
Qatl qilinganlar mustamlakachilik davriga mansub bo‘lgan Inseyn qamoqxonasida saqlanayotgandi, Reuters manbasiga ko‘ra, ularning oila a’zolari o‘tgan haftaning juma kunida qamoqxonaga kelishgan. Manba so‘zlariga ko‘ra, qarindoshlardan faqat bittasiga mahbus bilan Zoom orqali gaplashishga ruxsat berilgan.
Myanma davlat nashrlari qatllar haqida dushanba kuni xabar tarqatdi, xunta vakili keyinroq «Myanma ovozi»ga bu ma’lumotni tasdiqladi. Hech kim boshqa tafsilotlarni keltirmagan - xususan, qatl qanday yo‘l bilan ijro etilganiga aniqlik kiritilmagan.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, bu 1988 yildan buyon ilk qatl hukmi ijrosi bo‘ldi. Myanmada so‘nggi qatl dorga osish orqali ijro etilgan.
Iyun oyida harbiy hokimiyat vakili general Zo Min Tun o‘lim jazosi ko‘plab mamlakatlarda oqlanishi va qo‘llanishi haqida gapirgandi. «Xavfsizlik kuchlarini hisobga olmaganda, tinch aholi vakillaridan kamida 50 kishi ular tufayli halok bo‘lgan Qanday qilib buni adolatsizlik deyish mumkin?» degan u qatlga hukm qilingan mahbuslarni nazarda tutgan holda.
Xunta qatlga yo‘l qo‘yib bo‘lmaslik to‘g‘risida xorijda yangrayotgan bayonotlarni «mulohazasizlik» deb atagan.
Global News Light of Myanmar davlat axborot agentligi to‘rt erkak «beshafqat va noinsoniy terrorchilik harakatlari amalga oshirish uchun ko‘rsatma berish va til biriktirish»da aybdor deb topilgani uchun qatl qilingani haqida xabar bergan.
Mavzuga oid
21:24 / 25.04.2025
Myanmada zilzila haqida noto‘g‘ri prognozlar tarqatgan tiktoker hibsga olindi
20:02 / 18.04.2025
Tailand Myanmada qullikdan ozod etilgan 7 ming kishini vataniga yubordi
15:18 / 13.04.2025
Myanmada odam savdosi qurboni bo‘lgan ikki o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi
10:23 / 03.04.2025