Jahon | 11:45 / 26.07.2022
13181
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya sobiq kansleri Gerhard Shryoder Moskvada dam olayotgani ma’lum bo‘ldi

Gerhard Shryoder Putinga yaqinligi tufayli Germaniyada e’tibordan chetda qoldi. Hozir Germaniya hukumatining sobiq rahbari Moskvaga qaytib ketgan. Uning nemis jurnalistlariga tushuntirishicha, «ta’tilda» bo‘lib turibdi.

Foto: Getty Images

Germaniya sobiq kansleri Gerhard Shryoder Moskvaga qaytdi. 25 iyul, dushanba kuni u Germaniyaning n-tv telekanali muxbiri Dirk Emmerixga shunday deb tushuntirdi: «Men bu yerda bir necha kunlik ta’tildaman. Moskva go‘zal shahar». Rossiyaning «Rosneft» neft kompaniyasining qarorgohi yaqin yerda joylashgani haqidagi gapga Shryoder hayrat bilan javob qaytardi: «Haqiqatan ham shundaymi? O, haqiqatan ham, siz haqsiz». May oyida Shryoder «Rosneft»dagi lavozimidan ketishga qaror qilib, «Gazprom» energetika kompaniyasi direktorlar kengashiga kirish taklifini qabul qilmasligini aytdi.

Shryoderning partiyadoshi, mehnat va ijtimoiy ishlar vaziri Hubertus Hayl Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) sobiq rahbaridan yana bir bor uzoqlashdi. «Men bu xatti-harakatni uzoq vaqtdan beri tushunmayapman, ayniqsa hozirgi paytda», deya ma’lum qildi u RTL va n-tv telekanallariga bergan intervyusida. Uning so‘zlariga ko‘ra, Shryoderning xatti-harakatlari na Germaniya hukumati, na sotsial-demokratlar partiyasi siyosatiga aloqador emas. «Federal kansler idorasi Gerhard Shryoderning Moskvaga safarlarini tashkil qilish bilan shug‘ullanmagan va shug‘ullanmaydi», deb ta’kidladi Hayl RTL hamda n-tv’ning tegishli savoliga javob berib. 

1998-2005 yillarda Germaniya hukumatini boshqargan Gerhard Shryoder ko‘p yillar davomida Rossiya davlat kompaniyalarida ishlagani va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan do‘stligi uchun tanqid ostiga olingan. Rossiya tomonidan Ukrainada boshlangan tajovuzkor urush fonida unga nisbatan bosim kuchaydi. Biroq, urushning birinchi kunidayoq Germaniya hukumati sobiq rahbari Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qoraladi. «Urush va u tufayli odamlarning azob-uqubat chekishiga tezroq barham berish kerak. Bu Rossiya hukumati mas’uliyati», - deb yozgan Shryoder LinkedIn’da. 

Ammo, Frankfurter Allgemeine Zeitung gazetasi xabar qilishicha, Shryoder Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga qaramay, Putin bilan aloqada bo‘lishni istaydi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Shryoder Ukrainadagi mojaroni qurol yordamida hal qilishiga ishonmasligini va bu davlatga qurol-yarog‘ yetkazib berilishini tushunmayotganini aytgan. 

May oyi oxirida Shryoder sobiq kansler sifatida Germaniyada ma’lum imtiyozlardan mahrum bo‘ldi. Masalan, bundestagning budjet qo‘mitasi uning ofisini yopishga qaror qildi, u 2021 yilning o‘zida davlat g‘aznasidan xodimlar xarajatlariga 400 ming yevrodan ortiq mablag‘ olgan. Shunga qaramay, 78 yoshli siyosatchi hamon shaxsiy himoya va pensiya olish huquqiga ega. 

GSDP hozirda Shryoderning partiyadan chiqarib yuborilishi ehtimolini tekshirmoqda. Bu masala bo‘yicha qaror yaqin uch hafta ichida qabul qilinishi mumkin. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid