Jahon | 12:11 / 26.07.2022
10399
2 daqiqa o‘qiladi

The Jerusalem Post: Rossiyadagi yahudiy tashkilotlariga Adliya vazirligi tahdid qilmoqda

Avvaliga Adliya vazirligi sudga «So‘xnut»  yahudiy agentligini tugatish talabi bilan murojaat qildi, endi u RFdagi bir qator yahudiy tashkilotlariga «xorijiy agent» maqomini berish bilan tahdid solmoqda, deb yozadi The Jerusalem Post.

Foto: minjust.ru

Rossiyada bir qancha yahudiy tashkilotlari RF Adliya vazirligidan ular «xorijiy agent» deb e’lon qilinishi mumkinligi haqida ogohlantirish xati oldi. Bu haqdagi xabarni 25 iyul, dushanba kuni The Jerusalem Post gazetasi ma’lumot manbasini oshkor etmagan holda e’lon qildi

RF Adliya vazirligining maktublari yuborilgan tashkilotlar faoliyati asosan Isroil va AQSh tomonidan moliyalashtiriladi, ular majburiy yopilish xavfi ostida, deya ta’kidlagan gazeta. Shu bilan birga, chet eldan mablag‘ va ta’sirga ega bo‘lmagan Rossiya yahudiy tashkilotlari bunday xatlarni olmagan. 

The Jerusalem Post’da ta’kidlanishicha, «tahdidlarga ega bo‘lgan maktub» iyul oyi boshida Isroilga repatriatsiya bilan shug‘ullanuvchi hamda repatriantlarga yordam beruvchi «So‘xnut» yahudiy agentligi tomonidan ham olingan. 21 iyul kuni RF Adliya vazirligi sudga Rossiyadagi «So‘xnut» idoralarini tugatish talabi bilan murojaat qilgani ma’lum bo‘ldi. Moskvaning Basmanniy sudi da’voni 28 iyul kuni ko‘rib chiqadi. 

The Jerusalem Post ma’lumotiga ko‘ra, Isroil «So‘xnut»ning Rossiyadagi vakolatxonalari yopilgan taqdirda bir qator javob choralarini tayyorlamoqda. Xususan, Isroil hukumati Rossiya o‘z mulki deb hisoblagan Quddusdagi Aleksandr majmuasiga egalik qilish bo‘yicha sud jarayonini kechiktirishi mumkin. Gap, shuningdek, Ukrainani Rossiya bilan urushda qo‘llab-quvvatlash va elchini maslahatlashuvlar uchun Moskvadan chaqirib olish haqida ham boryapti. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid