O‘zbekiston | 11:31 / 27.07.2022
31795
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda shifokor qabuliga pichoqlar va shurup qotirish uskunasi bilan kelgan shaxs ushlandi

Joriy yilning 20 iyul kuni soat 15:44 da Andijon shahar Qo‘riqlash bo‘limiga xodimlar tomonidan qo‘riqlanayotgan Chorguzar ko‘chasi, 12-uyda joylashgan 2-sonli tug‘uruqxonadan "tashvish" xabari kelib tushgan.

Foto: Milliy gvardiya

Milliy gvardiya xabariga ko‘ra, tezkor guruh xodimlari tug‘uruqxonaga yetib borganida, Asaka shahrida yashovchi, 1978 yilda tug‘ilgan fuqaro R.D tug‘uruqxona bosh shifokori Q.S.ning xizmat xonasiga kirib, eshikni ichki qismidan qulflab olgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, Asaka shahrida yashovchi fuqaro tug‘uruq vaqtida vafot etgan farzandining o‘limida shifokorlarni ayblab, bosh shifokorni o‘ldirish bilan tahdid qilayotgani ma’lum bo‘lgan. Xodimlar huquqbuzardan eshikni ochishni so‘raganda, u prokurorni chaqirishni talab qilgan.

Voqea joyiga Andijon shahar IIO va FMB rahbarlari, Andijon shahar prokurori yetib kelib, fuqaro R.D.ni eshikni ochishga ko‘ndirgan. 

Tezkor guruh xodimlari xonaga kirganda huquqbuzarning yonida o‘tkir tig‘li pichoqlar va shurup qotirish uskunasi borligi aniqlangan. Ushbu hodisa natijasida tan jarohati olganlar yo‘q.

Holat yuzasidan dastlabki surishtiruv ishlari Andijon shahar IIB tomonidan olib borilmoqda, deyiladi MG xabarida.

Mavzuga oid