O‘zbekiston | 17:15 / 27.07.2022
19541
7 daqiqa o‘qiladi

“Fermerlar mahallamiz arig‘iga nasos o‘rnatib olgan” - Urganchdagi mahalla suv muammosidan qiynalmoqda

Xorazm viloyati, Urganch tumani, Qipchoq mahallasi aholisining bir qismi ekinlarini sug‘orishda qiynalmoqda. Mahallaga suv keltiradigan yagona ariq bilan bog‘liq muammolar odamlarni qiynab qo‘ygan. Aholi dehqonchilik, chorvachilik qilish imkoniyati cheklanib borayotgani tufayli tashvishga tushib, yordam so‘ramoqda.

Foto: KUN.UZ

Urganch tumani, Qipchoq mahallasida 4 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Uning chekka hududida yashovchi odamlar ko‘p yillardan buyon tomorqalarini sug‘orishda qiynalmoqda. Gap suv tanqisligida emas, balki mahallaga suv keltiruvchi yagona ariq bilan bog‘liq muammoda bo‘lib turibdi.

Bu haqda mahallada istiqomat qiluvchi 58 yoshli O‘ktam Mavlonov shunday dedi:

«Mahallamizga Do‘stlik kanalining 12-piketidan suv berilishi kerak. Kanaldan mahallamizga keluvchi yagona ariqqa boshqa mahalla aholisi, ba’zi fermerlar nasos bilan ulanib, suvni tortib olmoqda. Oqibatda, 700 metrlik ariqning oxirigacha suv yetib bormayapti. Vaholanki, Qipchoq mahallasi aholisining 3/4 qismi shu ariqdan foydalanishi, tomorqasini sug‘orib, dehqonchilik qilishi kerak. Nasos o‘rnatgan fermerlarda boshqa ariq qazish orqali kanalga ulanish imkoniyati bor. Ammo ular mahallamiz arig‘iga nasos o‘rnatib olgan. Oqibatda, ariqqa suv kelgan paytda tomorqalarimizni sug‘orish imkonsiz. 2-3 fermerning bog‘i tufayli minglab odamlarning tomorqasiga qiron yetyapti. Yerlar qaqrab, ekinlar qurib yotibdi. Bog‘larimizda mevalar to‘kilib qolyapti».

So‘nggi yillarda suv tanqisligi bois, har bir tumanga limit asosida suv berilmoqda. Ammo o‘sha limit doirasida ariqlarga suv kelganida ham, Qipchoq mahallasi aholisi tomorqalarini sug‘ora olmayapti. Boshqa mahalla aholisi, fermerlar o‘rnatgan nasoslar tufayli bu imkonsiz.

Bundan tashqari, mahallaga suv keltiruvchi ariq bilan bog‘liq boshqa muammolar ham bor. Ular haqida 80 yoshli Rajabboy Saparov shunday dedi:

«15 yildan buyon ariqdan suv muntazam kelmay qoldi. Tomorqalarimizni sifatsiz yer osti suvlari bilan sug‘oryapmiz. Bunday suv sho‘r bo‘ladi. Xorazm viloyati sharoitida yerlarning sho‘rlanish darajasi yuqori. Har yili bahorda dalalar, tomorqalar kamida 2-3 marta bostirib sug‘orilmasa, sho‘ri yuvilmaydi. Yer osti suvlari bilan buni amalga oshirish imkonsiz. Ariq suvi bilan sug‘orishimiz kerak, ammo buning iloji bo‘lmayapti».

Har qanday qishloq aholisi kabi qipchoqliklarning turmush tarzi dehqonchilik bilan bog‘liq. Odamlar tomorqasiga ekilgan sabzavotlar, poliz ekinlari, mevali daraxtlar hosilidan foydalanishadi, qo‘shimcha daromad olishadi. Tomorqadagi o‘t-o‘lanlar bilan qoramol, qo‘y, echki boqishadi. Biroq, suvsizlik bilan bog‘liq muammo tufayli, buning imkoniyati kamayib boryapti.

Mahalla oqsoqollari so‘zlariga ko‘ra, oldin deyarli har bir uyda chorva mollari boqilgan bo‘lsa, hozirda ularning soni barmoq bilan sanarli darajada oz qolgan. Suvsizlik tufayli mollarni yem bilan ta’minlash imkoni bo‘lmayapti.

Ariq bilan bog‘liq yana bir muammo – uning tobora ko‘milib, yo‘qolib borayotganida.

«700 metrlik ariq tobora ko‘milib boryapti, keyinchalik yo‘qolib ketsa kerak. Biz uni o‘z kuchimiz va mablag‘imiz hisobiga qazib, kengaytirib, tozalatishga tayyormiz. Ammo shuning ham iloji bo‘lmayapti», deydi O‘ktam Mavlonov.

Gap shundaki, ariq atrofiga odamlar uy, molxona qurishgan. O‘zboshimchalik bilan elektr simyog‘ochlari o‘rnatilgan. Shuningdek, turli daraxtlar ekib tashlangan. Oqibatda, ariq atrofi torayib, kichrayib qolgan.

«Ariqni qazib, tozalatishga tayyormiz. Ammo uning atrofida ekskavator harakatlana olmaydi, chunki sig‘maydi. Ariqning muhofaza hududi allaqachon odamlar tomonidan egallangan. Ular ushbu hududga qurilgan uylari, molxonalarini qandaydir yo‘llar bilan hujjatlashtirib olishgan. Axir katta mahallaga suv keltiradigan ariqning muhofaza hududiga uy qurish mumkinmi? Nega bu hudud mutasaddi tashkilotlar tomonidan himoya qilinmagan? Biz ariq atrofiga ekilgan daraxtlarni ham kesa olmaymiz, chunki «Ekologiya» darhol jarimaga tortadi», deb kuyinadi O‘ktam Mavlonov.

Ko‘milib borayotgan bo‘lsa-da, ariq orqali mahalla hududiga suv keltirish imkoniyati hali yo‘qolmagan.

«Yaqinda viloyatimizga oliy martabali mehmonlar tashrif buyurdi. Shunda ariqlarimiz suvga to‘ldi. 2-3 marta bir amallab tomorqalarni sug‘ordik. Demak, hali imkoniyat bor ekan. Agar boshqa mahalla fermerlari o‘rnatgan nasoslar olib tashlansa, ariq tozalansa, bundan ham yaxshi bo‘ladi. Suv sathi past bo‘lgan taqdirda ham mahallaga yetib keladi», deydi Rajabboy Saparov.

Oqsoqollar mahalla aholisi nomidan bu borada yordam so‘rab viloyat hokimligiga, tuman hokimligiga murojaat qilishgan. Ammo hozirgacha vaziyat bir qadam ham oldinga siljimagan.

«Viloyat hokimi qabuliga, tuman hokimi qabuliga bordik. Mahalla raisiga, hokimning mahalladagi yordamchisiga aytdik, foydasi bo‘lmadi. Turli tashkilotlardan kelib vaziyatni o‘rganishadi, yordam haqida va’da berishadi. Qandaydir qog‘ozlarga «E’tirozimiz yo‘q» deb yozdirib, imzo chektirishadi. Vaziyat esa o‘zgarmasdan qolyapti», deydi O‘ktam Mavlonov.

Mahalla aholisi qilgan murojaatlarga kelgan javob xatlari mazmuni ham qiziq. Misol uchun, Urganch tumani hokimligi tomonidan yuborilgan javob xatida «Urganch arna kanali to‘liq qazilib, suv bilan ta’minlangani, mahallalarga suv navbatma-navbat berilishi» haqida yozilgan. Vaholanki, mahalla ahli murojaatda suv so‘ramagan, balki ariq bilan bog‘liq muammoning hal qilinishida yordam so‘ragan (Urganch arna kanalini emas).

Urganch tumani prokuraturasining javob xatida «ariq atrofiga texnikaning kirishi uchun yo‘l ochib berilgani, ariqni qazish ishlari boshlangani» to‘g‘risida yozilgan. Vaholanki, yo‘l hamon ochilmagan, ekskavator ariq atrofiga kirolmaydi, qazish ishlarini boshlash uyoqda tursin.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid