Sport | 18:42 / 29.07.2022
15785
3 daqiqa o‘qiladi

“Bunyodkor” futbol klubi prezidenti Mehriddin Abdullayev jamoa a’zolari bilan uchrashdi

Foto: Bunyodkor

Yozgi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini Belarus poytaxti Minsk shahrida o‘tkazgan “Bunyodkor” jamoasi 27 iyul kuni erta tongda yurtimizga qaytib keldi. E’tiborlisi, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruvi raisi, “Bunyodkor” futbol klubi prezidenti Mehriddin Abdullayev shu kunning o‘zidayoq “Bunyodkor” stadioniga tashrif buyurib, jamoa a’zolari bilan uchrashdi. Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda Minsk yig‘ini va jamoaning Superliga birinchi davrasidagi ishtiroki chuqur tahlil qilindi.

Foto: Bunyodkor

“Bunyodkor”ning Superliga birinchi davrasidagi ishtiroki meni umuman qoniqtirmadi. Vaholanki, jamoaga barcha sharoitlar yaratib berildi. Yoki kamchiliklar bormi? “Bunyodkor” yozgi yig‘inni xorijda o‘tkazgan O‘zbekistonning yagona jamoasi bo‘ldi. Shunday ekan, ikkinchi davrada natijalar yaxshi tomonga o‘zgarishi shart! “Bunyodkor” O‘zbekiston chempionatida yuqori o‘rinlarda yurishga loyiq. O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritish vaqti ham keldi. Yodda tutinglar, Osiyo Chempionlar ligasiga yo‘llanma beradigan o‘rinlarning birini egallash - bu yilgi asosiy vazifalaring. Vazifa bajarilsa, biz tarafdan rag‘bat shunga mos bo‘ladi. “Bunyodkor” yurtimizdagi o‘z akademiyasiga ega kamsonli klublardan biri hisoblanadi. Demak, tarkibni shakllantirishda, eng avvalo, tarbiyalanuvchilarimizga e’tibor qaratish lozim. Chetdan futbolchi taklif qilinishida tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yilmasligi kerak”, - dedi Mehriddin Abdullayev.

Foto: Bunyodkor

Shundan so‘ng bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi Viktor Karpenko so‘zga chiqib, avvalo, klub prezidentiga yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorchilik bildirdi. Viktor Aleksandrovich jamoada mehnat qilayotgan hamma insonlar e’tibor va mas’uliyatni his qilayotganini ta’kidlar ekan, mavsumning ikkinchi qismidagi barcha uchrashuvlarda g‘alaba uchun maydonga tushib, qo‘yilgan vazifani bajarish yo‘lida qattiq mehnat qilishlarini aytib o‘tdi.

Foto: Bunyodkor

Jamoa sardori Davronjon Ergashev ham so‘z olib, Minsk yig‘ini va e’tibor uchun Mehriddin Razzoqovichga minnatdorchilik bildirdi. Futbolchilar albatta ishonchni oqlashlari va faqat g‘alaba uchun maydonga tushishlarini ta’kidlab, sardor sifatida jamoadoshlariga bosh bo‘lishini ma’lum qildi.

Foto: Bunyodkor

Mavzuga oid