O‘zbekiston | 15:12 / 29.07.2022
26479
6 daqiqa o‘qiladi

“Toza suv yo‘qligi kasalliklarni keltirib chiqargan, imkoniyatlardan mahrum qilgan” - Jahon banki O‘zbekiston qishloqlari haqida

Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlarida ichimlik suvi ta’minoti bo‘lmagani sabab suv orqali yuqadigan kasalliklarning eng yuqori ko‘rsatkichlari qayd etilgan, bundan bolalar va qariyalar eng ko‘p jabr ko‘rgan. Ko‘plab oilalarda uzoqdan suv tashib kelish ayollar zimmasiga yuklangan. Bu ikki tumanda yashovchi 232 ming aholini toza ichimlik bilan ta’minlash bo‘yicha Jahon bankining loyihasi vaziyatni o‘zgartirmoqda.

Foto: Kun.uz

Qirg‘izistonda aholining 60% dan ortig‘i, O‘zbekistonda esa taxminan 50 foizi qishloqlarda yashaydi. Bu qishloqlar ko‘pincha sovet davrida qurilgan va toza, oqar suv ta’minoti tizimlariga ega emas.

Bu haqda Qirg‘iziston va O‘zbekistonning ayrim hududlaridagi suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha loyihalar natijasini o‘rgangan Jahon banki tadqiqotchilari xulosasida qayd etilgan.

Loyiha doirasida O‘zbekistondan Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlari tanlab olingan. Ta’kidlanishicha, bu ikki tuman aholisining aksariyati yillar davomida mamlakatda suv ta’minoti bilan bog‘liq eng xavfli vaziyatlarni boshdan kechirgan.

Olot va Qorako‘lda aholining 80 foizi qishloq joylarda istiqomat qiladi va ular sug‘orish kanallari hamda sho‘rlangan quduqlardan olinadigan xavfli suvga bog‘lanib qolishgan yoki tankerlar orqali yuqori narxga suv olib kelishgan, deyiladi hisobotda.

Quvurli suv taqsimlash tarmoqlari Olotning 23 foiz va Qorako‘l tumani aholisining bor-yo‘g‘i 15 foiziga yetib borgan, biroq mavjud bo‘lganda ham xizmat vaqti-vaqti bilan uziladi va odamlar filtrsiz, loyqa suvdan foydalanishga majbur bo‘ladi.

Salomatlikni xavf ostiga qo‘yish, imkoniyatlarni yo‘qotish

Olotdagi xonadonlarning biridagi suv sisternasiFoto: Jahon banki

Olot, Qorako‘l va Tamg‘a (Qirg‘iziston) tumanlarida suv ta’minoti tizimi yetarli darajada emasligi va toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmaganlik suvdan yuqadigan kasalliklar va parazitlar ko‘payishiga olib kelgan.

Tamg‘a qishlog‘i oilaviy shifokorlar guruhi bosh shifokori Elmira Imanovaning so‘zlariga ko‘ra, 2020 yilda 100 dan ortiq bola ana shunday kasallikka chalingan. Uning ta’kidlashicha, toza suv yo‘qligi sababli yomon gigiyena sharoitlari bunday epidemiyalarga olib kelgan.

Olot va Qorako‘ldagi bolalar ham suv ta’minoti tizimi noto‘g‘riligidan zarar ko‘rgan. Tadqiqotdan ma’lum bo‘lishicha, bu yerdagi aholi O‘zbekistonda suv orqali yuqadigan kasalliklarning eng yuqori ko‘rsatkichlariga duch kelgan, bolalar va qariyalar eng ko‘p jabrlangan. Olotdagi uy xo‘jaliklarining 83 foizi o‘z farzandlari to‘g‘ridan to‘g‘ri kanallardan keladigan ichimlik suvidan kasal bo‘lib qolganini ma’lum qilgan.

“Aholi sog‘lig‘iga zarar yetkazishdan tashqari, bu hudud aholisida suv yetishmasligi ayollarning iqtisodiy va ijtimoiy salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qilmoqda”, – deydi Jahon banki ekspertlari.

Ularga ko‘ra, O‘zbekistonda ham, Qirg‘izistonda ham maishiy ehtiyojlar uchun suv olib kelish va taqsimlashda ayollar asosiy rol o‘ynaydi. O‘zbekistonda gender va suv tadqiqoti shuni ko‘rsatadiki, ichimlik suvi ta’minlanmagan uy xo‘jaliklarining 61 foizida suv olib kelish kabi jismoniy kuch va ko‘p mehnat talab qiladigan potensial xavfli ishlar ayollar zimmasiga yuklangan.

Suv olib kelishga vaqt sarflash esa ta’lim olish, daromad qilish, malaka oshirish va bo‘sh vaqtda dam olish uchun kamroq vaqt ajratilishini anglatadi.

Xalqaro donorlar minglab odamlarning uyiga suv olib kirdi

Jahon banki ko‘magida ichimlik suvi bilan ta’minlangan Olotdagi maktablardan birida bolalar qo‘llarini yuvmoqda. / Foto: Jahon banki

Jahon banki bu uchta hududda aholini toza suv bilan ta’minlashga yordam beradigan loyihalarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Natijada Olot va Qorako‘lning 232 ming nafardan ortiq aholisi ishonchli toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan va turmush sharoiti yaxshilangan.

“Ayolim sisternalardan suvni chelaklarda tashib olib kelardi. Uyimiz oldiga suv (“vodoprovod”) keltirilgach, biz uni uy ichidagi jo‘mrakga uladik, bu bizga oqayotgan suv bilan idishlarni yuvish va kir yuvish mashinasidan foydalanish imkonini berdi. Menimcha, bu ayolimning hayotini osonlashtirdi. Qolaversa, hozir “vodoprovod” suvini qaynatmasdan ichishimiz mumkin”, – deydi Olot shaharchasida yashovchi Asror Hamdamov.

Asror Hamdamov / Foto: Jahon banki

Olot va Qorako‘l tumanlari va Tamg‘a qishlog‘i qishloqlari ushbu loyiha natijalaridan bahramand bo‘lsa-da, Markaziy Osiyo bo‘ylab suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlarini yaxshilash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish zarur, deyiladi hisobotda.

Buning uchun Yevropa Ittifoqi, Shvetsariya va Buyuk Britaniya tomonidan moliyalashtirilgan Markaziy Osiyo suv va energetika dasturi (CAWEP) Qirg‘iziston Respublikasida muhim sektor islohotlarini qo‘llab-quvvatlamoqda. CAWEP yangi suv ta’minoti va kanalizatsiya qonunchiligini tayyorlash, qurilish me’yorlari va standartlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ekspertiza olib boradi, bu esa sohaga oid rivojlanish maqsadlariga erishishni cheklovchi asosiy muammolarni hal qilishga yordam beradi.

“O‘zbekiston va Qirg‘iziston Respublikasidagi bu sa’y-harakatlar ushbu mamlakatlar va Markaziy Osiyodagi boshqa qishloq jamoalari hayotni o‘zgartiruvchi suv infratuzilmasi bilan qanday bog‘lanishi mumkinligi haqida namuna bo‘lib xizmat qiladi, bu esa qishloqlarni qaytadan jonlantiradi va yanada adolatli va farovon qishloq iqtisodiyotini ta’minlaydi”, – deyiladi Jahon banki saytidagi maqolada.

Mavzuga oid