Jahon | 10:50 / 31.07.2022
15456
2 daqiqa o‘qiladi

Jo Baydenda yana koronavirus aniqlandi

AQSh prezidenti Jo Bayden koronavirus uchun topshirgan test yana musbat natija berdi. Bu haqda prezidentning shaxsiy shifokori Kevin O'Konnorning xati orqali ma’lum bo‘ldi. Doktor buni kasallikning qaytalanishi deb atagan: o‘tgan safar 21 iyul kuni Baydenning kovid-testi musbat natija ko‘rsatgandi.

Foto: Getty Images

Baydenda hech qanday alomatlar kuzatilmayapti va o‘zini «juda yaxshi» his qilmoqda. O'Konnorning xatida aytilishicha, uning seshanbadan jumagacha topshirgan testlari manfiy natija berayotgandi, shanba kuni kechqurun esa yana musbat natija chiqqan.

Shifokorning aniqlik kiritishicha, prezident Oq uy xodimlari va ularning yaqinlariga kasallik yuqtirib qo‘ymaslik uchun ma’lum vaqtga ihotalanadi. Xususan, uning Delaver va Michigan shtatlariga rejalashtirgan safarlari bekor qilinadi.

Baydenning o‘zi ham tvitterida testi musbat natija bergani haqida yozgan va virusning qaytalanishi «juda kamchilik odamlarda» kuzatilishini qayd etgan.

«Men ishlayapman va tez orada yana yo‘lda bo‘laman», deya qo‘shimcha qilgan u.

Bayden doimiy ravishda koronavirusga test topshirib turadi va pandemiya davrida ilk bor iyul oyi oxirida virusga chalindi.

O‘shanda Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per to‘liq vaksina qabul qilgan 79 yoshli prezidentda «juda yengil» alomatlar kuzatilayotgani va o‘z majburiyatlarini bajarishda davom etayotganini aytgandi.

Xabar qilishlaricha, prezident Paxlovid preparatini qabul qilmoqda. Bu Pfizer kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan virusga qarshi dori bo‘lib, bu tabletka virus ko‘payishining oldini oladi, immun tizimi infeksiyaga qarshi kurashayotganida organizmda koronavirus kam miqdorda bo‘lishini ta’minlaydi.

Mavzuga oid