Jahon | 10:40 / 01.08.2022
7110
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Pelosining turnesi fonida suverenitetni qat’iy himoya qilishga va’da berdi

Pekin «Xitoy milliy suverenitetini qat’iy himoya qiladi», deya ma’lum qildi XXOA Tayvan qirg‘oqlari yaqinidagi manyovrlar tufayli. Nensi Pelosining matbuot xizmati turne marshrutini e’lon qildi, bayonotda Tayvan tilga olinmagan.

Foto: dpa

Pekin «Xitoy milliy suvereniteti va hududiy yaxlitligini qat’iy himoya qiladi», deya ma’lum qildi 31 iyul, yakshanba kuni Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi (XXOA) harbiy-havo kuchlari vakili Shen Tszinke HHKning Tayvanga parvozlariga izoh berib. Shen Tszinke so‘zlariga ko‘ra, «ona vatanning qimmatbaho oroli» atrofida ko‘plab turdagi samolyotlar uchyapti.

Xitoy aviatsiya manyovrlari AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri, Amerika rahbariyatidagi hokimiyat iyerarxiyasida prezident va vitse-prezidentdan keyin uchinchi shaxs bo‘lgan Nensi Pelosining Hind-Tinch okeani mintaqasiga safari fonida amalga oshirilmoqda. Avvalroq OAVda Pelosi Tayvanga tashrif buyurishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi. 

Ayni paytda, Amerika parlamenti quyi palatasi spikeri matbuot xizmati 31 iyul kuni bayonot berib, unda AQSh Kongressi delegatsiyasi Singapur, Malayziya, Janubiy Koreya va Yaponiyaga tashrif buyurishini ta’kidladi. Tayvan ro‘yxatga kiritilmagan. «Safarda mintaqadagi o‘zaro xavfsizlik, iqtisodiy sheriklik va demokratik boshqaruv masalalari muhokama qilinadi», deya tushuntirdi Pelosining vakillari.

Samolyot Havayiga yonilg‘i quyish uchun qo‘ngach, delegatsiya AQShning Hindiston-Tinch okeani mintaqasidagi qurolli kuchlari qo‘mondonligi (USINDOPACOM) rahbariyati brifingini tingladi, shuningdek, Perl-Harbor memoriali va USS Arizona jangovar kemasiga tashrif buyurdi. 

Avvalroq, 30 iyul kuni Xinhua agentligi XXOA qo‘shinlari Tayvandan bo‘g‘oz orqali ajratilgan Pintan oroli (Futszyan provinsiyasi) yaqinida o‘q otish mashqlarini o‘tkazayotgani haqida xabar bergan edi. Kemalarning belgilangan hududga kirishi taqiqlandi. 

AQSh prezidenti Jo Bayden va Xitoy raisi Si Tszinpin 28 iyul kuni 3 soat davomida telefon orqali muloqot qildi. Suhbatning g‘ayrioddiy tarzda uzoq davom etishiga qaramay, savdo, texnologik hamkorlik va ikki tomonlama munosabatlardagi asosiy salbiy omillarni bartaraf etish bo‘yicha hech qanday muvaffaqiyatga erishilmadi, deb yozadi AP agentligi. 

23 may kuni Bayden agar Xitoy qurolli tajovuz qilsa, Tayvanga harbiy yordam berishga va’da bergan edi. «Biz shunday mas’uliyatni o‘z zimmamizga olamiz», dedi Oq uy rahbari Tokioda Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida bilan uchrashuv chog‘ida jurnalistning savoliga javob berar ekan. 

Mavzuga oid