Sport | 16:29 / 03.08.2022
13125
12 daqiqa o‘qiladi

Fabregas «Komo»da va futbol tarixidagi eng kutilmagan boshqa transferlar 

Ispaniya milliy jamoasi bilan jahon va Yevropa chempionatida g‘alaba qozongan yarimhimoyachi Sesk Fabregas kutilmaganda Italiya B Seriyasi vakili «Komo» bilan shartnoma imzoladi. Shu va shunga o‘xshash kutilmagan transferlarni sanab o‘tamiz. 

Foto: Getty Images/Goal

O‘tgan mavsumda Fabregas «Monako» tarkibida edi va o‘zining ta’biri bilan aytganda «nafaqat faoliyatidagi eng yomon mavsumni, balki hayotidagi eng yomon yilni» o‘tkazdi. 

Hamma 35 yoshli futbolchining faoliyatini yakunlashini kutgan bir paytda, u nufuzi jihatidan ikkinchi o‘rinda turuvchi Italiya ligasida o‘ynashga kuch topa oldi. 

GOAL nashri Fabregas tanlovini «g‘alati» deb topdi va futbol tarixidagi boshqa kutilmagan transferlarni sanab o‘tdi. 

Foto: Getty Images

Bebe: «Vitoriya» - «Manchester Yunayted»  

2010 yil avgust oyida «Manchester Yunayted» Portugaliyaning «Vitoriya de Gimaraynsh» klubidan 20 yoshli futbolchini 7,2 million funtga (9,4 million dollarga) sotib oldi. 

Bu chinakam g‘alati kelishuv edi. «Qizil iblislar» bosh murabbiyi Aleks Fergyuson hujumchining o‘yinini hech qachon ko‘rmaganini, uni sobiq yordamchisi Karlush Keyrushning maslahati bilan xarid qilganini aytdi. 

Portugaliya politsiyasi kelishuv bo‘yicha tekshiruvni ham o‘tkazdi. Aniqlanishicha, Bebening agenti Jorjye Mendesh transfer qiymatining 40 foizini (2,9 million funt sterling / 3,8 million dollar) «cho‘ntagiga urgan». Biroq, yakunda hech kimga ayblov e’lon qilinmadi. 

Bebe «Manchester Yunayted»dagi to‘rt mavsumning uchtasini ijarada o‘tkazdi. Premer-Liga doirasida atigi 2 ta o‘yinda maydonga tushdi. 2014 yilda «Benfika»ga o‘tib ketdi. 

Foto: Getty Images

Kevin-Prins Boateng: «Sassuolo» - «Barselona» 

2019 yil yanvarida «Barselona» zaxira hujumchisini izlay boshladi. Kataloniyaliklarning nazari «Milan»ning sobiq hujumchisi, «Sassuolo»da o‘ynayotgan 31 yoshli Kevin-Prins Boatengga tushdi. Futbolchi yozda 8 million yevroga to‘liq sotib olish sharti bilan ijaraga olindi. 

Boateng 2018/19 mavsumining birinchi yarmida «aldamchi to‘qqizlik» nuqtasida o‘ynagan edi. «Barselona»ga o‘tib, atigi 4 ta o‘yinda maydonga tushdi. Mavsum oxirida esa «Fiorentina»ga o‘tdi. 

Foto: Getty Images

 Endi Kerroll: «Nyukasl» - «Liverpul» 

«Men ketishga tayyor emas edim», deb tan oldi Endi Kerroll. «Bu menga zarba bo‘ldi. «Nyukasl» mening klubim edi. 22 yoshda edim. «Liverpul»da o‘zimni qo‘lga ololmadim». 

Kerroll hatto yangi jamoadoshlari kim ekanini bilmaganini, ular haqidagi ma’lumotni Mersisaydga borayotganida, yo‘lda internetdan izlaganini aytdi. 

Futbolchi Luis Suares va uning kompaniyasi bilan til topishib keta olmadi. Shuningdek, jarohatlar girdobida qoldi. Uch yil davomida Premer-Ligada atigi 6 ta gol urdi. Bu bilan o‘ziga 35 million funt sterling behuda sarflanganini isbotladi. 

Foto: Daily Star

Sol Kempbell: erkin agent - «Nots Kaunti» 

Sol Kempbell 2009 yilda 35 yoshida edi. U Angliyaning ikkinchi ligasi vakili «Nots Kaunti» juda foydali, haftasiga 40 ming funt maoshni ko‘zda tutuvchi shartnoma taklif qilganida omadi kelganiga ishondi. Bu Sol faoliyatidagi eng yaxshi shartnoma edi. 

Klubning sport direktori Sven-Yoran Eriksson uni olamshumul rejalarga, jumladan, «Nots Kaunti» xo‘jayinlari jamoani Premer-Ligaga olib chiqish imkoniyatiga ega ekaniga ishontira oldi. 

Biroq, Kempbell birinchi o‘yindan keyin klubda hatto maoshini to‘lashga ham pul yo‘qligini tushundi. Shuning uchun u «Nots Kaunti»da o‘ynash uchun jismoniy holati maromida emasligini aytdi va narsalarini yig‘ishtirib, jo‘nab qoldi. Keyinchalik, Eriksson, ijrochi direktor Piter Trembling va Yaqin Sharqning Munto Finance kompaniyasi o‘zini aldaganini tushundi. 

Foto: Getty Images

Klaudio Kanijia: erkin agent – «Dandi»  

Shotlandiya futbol ishqibozlari va jurnalistlari Ivano Bonetti 2000 yil sentabr oyida aytgan: «Mening maqsadim Klaudio Kanijiani Dens Parkka olib kelish», degan so‘zlarini avvaliga bema’nilik deb qabul qilishdi. 

Biroq, bir necha hafta o‘tgach, «Dandi» xo‘jayini 1990 yilgi jahon chempionati yulduzlaridan biri bilan qisqa muddatli shartnoma imzoladi. 

«Men klubga xizmat qilish niyatidaman va umid qilamanki, ular ko‘rsatgan ishonchni oqlay olaman», - dedi hujumchi tanishtirish marosimida. 

Darhaqiqat, Kanijia shu qadar yaxshi o‘ynadiki, keyinchalik Shotlandiya Premer-Ligasi giganti «Reyndjers»ga o‘tishga muvaffaq bo‘ldi va u bilan beshta sovrin yutib oldi. 

Foto: Getty Images

Edgar Davids: erkin agent - «Barnet» 

Edgar Davids uzoq va yorqin faoliyati davomida dunyoning eng katta klublarida o‘ynagan. 2012 yilda u «Barnet»da futbolchi-murabbiy sifatida paydo bo‘ldi. 

Uning «Barnet»dagi davri sarguzashtlarga boy bo‘ldi: ko‘plab sariq va qizil kartalarni oldi, bir kun yotib qolishni talab qiladigan safar o‘yinlariga borishdan bosh tortdi. 2013/14 mavsumida 1-raqamli formada o‘ynadi. «Buni an’anaga aylantiraman», dedi u g‘urur bilan. Bir holatda o‘z yordamchisini avtobusi buzilib qolgan muxlislarga ko‘mak berish uchun jo‘natdi. 2014 yil yanvar oyida iste’foga chiqarildi va sarguzashtlari yakunlandi. 

Foto: Getty Images

Jyulen Fober: «Vest Hem» - «Real Madrid» 

2009 yil yanvar oyida «Real» Angliyaning «Vest Hem» klubidan himoyachi Jyulen Foberni ijaraga olganida, hammani hayratga soldi. 

Shartnomada uni to‘liq sotib olish bandi ham bor edi. Biroq, Fober Madridda uzoq ushlanib qolmadi. U mashg‘ulotlardan biriga kelmadi, keyinchalik buni «dam olish kuni deb o‘ylagani» bilan izohladi. «Vilyarreal»ga qarshi o‘yinda esa zaxira o‘rindig‘ida mizg‘ib olganga o‘xshadi. Fransuz buni rad etdi - «Men zaxira o‘rindig‘ida uxlamadim, uxlash uchun to‘shakni afzal ko‘raman», dedi u. 

Foto: Getty Images

Roberto Manchini: erkin agent – «Lester» 

«Latsio»ni boshqarayotgan Sven-Yoran Eriksson Angliya milliy jamoasini boshqarish uchun ketganida, uning o‘ynovchi-yordamchisi Roberto Manchini A Seriya klublaridan bir qancha taklif oldi. 

Biroq 36 yoshli futbolchi «Lester»ga o‘tib barchani hayron qoldirdi. 1992 yilda «Sampdoriya» bilan Yevropa Chempionlari Kubogini qo‘lga kiritgan hujumchi Filbert-stritda ko‘tarinki ruhda kutib olindi. 

«Hamma Robbini dunyo miqyosidagi yulduz demoqda», dedi «tulkilar» bosh murabbiyi Piter Teylor. - Mustafo Izzet esa unga hashamatli uyini berib, o‘zi treylerda yashamoqchi!». 

Afsuski, unga hashamatli uy kerak bo‘lmadi, chunki Manchini hech qachon Lesterda yashamadi va atigi 5 ta o‘yinda maydonga tushdi. Mavsum yakunlangach u «Fiorentina»da murabbiylik faoliyatni boshladi. 

Foto: Getty Images

Xaver Maskerano va Karlos Teves: «Korintians» - «Vest Hem» 

2006 yilda Karlos Teves va Xaver Maskerano «Korintians» klubi bilan Braziliya chempionligini qo‘lga kiritishdi. Futbolchilar darhol dunyo grandlari e’tiboriga tushib qolishdi. «Barselona», «Real» va «Yuventus» ularga da’vogarlik qila boshladi. 

Ammo juftlik o‘rtamiyona «Vest Hem» bilan shartnoma imzolab, barchani lol qoldirdi. 

Transferga uchinchi shaxslar aralashgani haqida xabarlar paydo bo‘lgach, bitimning mohiyati darhol so‘roq ostida qoldi. Ammo oxir-oqibat ikkalasiga ham London jamoasida o‘ynashga ruxsat berildi. Keyinchalik «Vest Hem» transferda Premer-Liga qoidalarini buzgani uchun 5,5 million funt sterling miqdorida jarimaga tortildi.  

Mavsumning so‘nggi turida Teves gol urib, klubni quyi ligaga tushib ketishdan saqlab qoldi. 

Mavsum yakunlangach, Teves «Manchester Yunayted»ga, Maskerano esa «Liverpul»ga o‘tdi. 

Foto: Getty Images

Viktor Valdes: «Manchester Yunayted» - «Standart» 

«Barselona»ni tark etgach, darvozabon Viktor Valdes muvaffaqiyatga erisha olmadi. Chempionlar Ligasining uch karra g‘olibi o‘zining «Kamp Nou»dagi so‘nggi, 2013/14 mavsumi oxirida jarohat oldi. Oqibatda «Monako» u bilan shartnoma imzolamadi. 

Unga «Manchester Yunayted» yordamga keldi, biroq, Valdes tez orada bosh murabbiy Lui van Gal bilan kelisholmay qoldi. 2016 yil yanvarda esa qanday qilib bo‘lsa-da o‘yin vaqtiga ega bo‘lish uchun Belgiyaning «Standard» klubiga o‘tdi. 

Valdes Belgiya Kubogida g‘alaba qozondi. Shundan so‘ng, yosh futbolchilarga imkoniyat berish bahonasida klub u bilan tuzilgan shartnomani bekor qildi. 

Oxir-oqibat u Chempionship ishtirokchisi «Midlsbro» bilan shartnoma imzoladi. Ammo bir yil o‘tgach, faoliyatini yakunladi. 

Foto: Getty Images

Jonatan Vudgeyt: «Nyukasl» - «Real»  

«Real» nima uchun Jonatan Vudgeyt bilan shartnoma imzolaganini faqat taxmin qilish mumkin. Ha, ingliz o‘z vaqtida yaxshi himoyachi edi, ammo kamdan-kam hollarda yaxshi formada bo‘lardi. 

2004 yilda «Real»ga o‘tganida ham jarohati bor edi. Klub shifokorlari uning sonidagi og‘riq sababini top olishmadi va futbolchi bir mavsumni o‘tkazib yubordi. 

Maydonga tushishga tayyor bo‘lganida esa eng yomon debyutni o‘tkazdi. 

«Yaxshi, mana endi maydonga qaytdim. O‘zimni nimalarga qodir ekanimni ko‘rsatishim kerak, deb o‘yladim», deb esladi u «Atletik Bilbao»ga qarshi o‘yinidagi ishtirokini. 

Vudgeyt o‘z darvozasiga gol urdi va maydondan chetlatildi. 2006 yilda u Angliyaga qaytarib yuborilganida hech kim afsuslanmadi. Futbolchi «Real» tarkibida jami 8 ta o‘yin o‘tkazdi.

Mavzuga oid