O‘zbekiston | 10:07 / 03.08.2022
15789
3 daqiqa o‘qiladi

MB karta egalari qanday xavfsizlik qoidalariga rioya etishi zarurligini eslatdi

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolar bank kartasidan pul yechib olinishi bilan bog‘liq tarqatilayotgan ovozli xabarlar yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi.

Foto: Kun.uz

Markaziy bank xabariga ko‘ra, bank kartasi egasiga, uning ro‘yxatdan o‘tgan telefon raqamiga SMS orqali yuborilgan bir martalik tasdiqlovchi kodni kiritmasdan turib mobil ilovadan ro‘yxatdan o‘tish yoki kartani mobil ilovaga biriktirish mumkin emas.

Bank kartalari xavfsizligini ta’minlash uchun hozirgi kunda yetarlicha choralar ko‘rilgani aytiladi. Bank kartasi to‘g‘risidagi ma’lumotlari va uning pin-kodini ishlatmasdan, uni mobil ilovalarga biriktirmasdan turib, bank kartasidagi pul mablag‘ini yechib olish yoki uni boshqarish imkoniyati yo‘q. Bank kartasidan mobil ilovalar orqali foydalanish uchun bank kartasi egasiga bir martalik tasdiqlovchi kod yuboriladi. Mazkur kodni belgilangan vaqt oralig‘ida tizimga kiritmasdan turib kartani mobil ilova akkauntiga biriktirish mumkin emas.

Bank kartalaridan pul yechib olish holatlari bank kartasidan foydalanishda ayrim fuqarolarni firibgarlar aldoviga ishonib, o‘ziga tegishli bo‘lgan shaxsiy yoki karta ma’lumotlarini oshkor etishi natijasida kuzatilmoqda.

Bildirilishicha, karta foydalanuvchilari firibgarlik holatlari oldini olish uchun quyidagi xavfsizlik qoidalariga rioya etishi zarur:

bank plastik kartani olgandan so‘ng faqat o‘z telefon raqamingizga SMS-xabarnoma xizmatini ulang;

SMS-xabarnoma orqali kelgan bir martalik tasdiqlash kodini hech kimga oshkor etmang. Unutmang, bank yoki to‘lov tashkiloti xodimlari hech qachon sizga yuborilgan tasdiqlash kodlarini, kartangiz to‘liq raqami va amal qilish muddatini so‘ramaydi.

SMS orqali kelgan xabarni diqqat bilan o‘qish lozim. Unda karta bilan bog‘liq amaliyot to‘g‘risida ma’lumot va tasdiqlash uchun kod keltiriladi. Ushbu kodni har qanday holatda birovga oshkor etmaslik darkor.

Bundan tashqari, bank yoki to‘lov tashkiloti mobil ilovalaridan foydalanganda murakkab parollarni qo‘llash lozim. Mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tkazilgan akkauntga kirish uchun faqat o‘z qurilmasidan foydalanish kerak.

Internet orqali tovar yoki xizmatlarni xarid qilish uchun faqat rasmiy, ishonchli saytlardan foydalanish darkor. Agar to‘lovni amalga oshirish yoki kartaga pul o‘tkazish maqsadida havola taqdim etilgan bo‘lsa, uni qayta tekshirib ko‘rish lozim. Taklif etilayotgan veb-sahifaning rasmiy ekanini tekshirish darkor.

Ijtimoiy tarmoqlar va turli messenjerlar orqali jo‘natilgan shubhali havolalarni ochmaslik kerak. Pul o‘tkazish uchun karta raqamlari va amal qilish muddatini yoki tekshirish maqsadida kod yuborilganini ma’lum qilib, uni aytishni so‘raganlarida hech qanday ma’lumot bermaslik lozim.

Mavzuga oid