Iqtisodiyot | 21:42 / 05.08.2022
36502
3 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolarning davlat obligatsiyalarini sotib olishiga cheklovlar olib tashlanishi aytildi

Moliya vazirligi yaqin yillarda jismoniy shaxslar uchun mo‘ljallangan davlat g‘aznachilik obligatsiyalarini chiqarishni rejalashtirmoqda, deya ma’lum qildi vazir o‘rinbosari Odilbek Isoqov.

O‘zbekiston Moliya vazirligi davlat g‘aznachilik obligatsiyalari chiqarishni ko‘paytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda vazir o‘rinbosari Odilbek Isoqov 4 avgust kuni Senat yalpi majlisida ma’lum qildi.

Isoqovga ko‘ra, 2019 yilda qariyb 600 mlrd so‘mlik davlat g‘aznachilik obligatsiyalari chiqarilgan, 2020-2021 yillarda esa bu raqam 5 trln so‘mga yetgan.

“Bu yilgi marramiz – sof 6 trln so‘m. Markaziy bank bilan hamkorlikda davlat g‘aznachilik obligatsiyalariga nafaqat banklar, balki boshqa, jumladan xorijiy investorlarni ham jalb qilish ustida tizim ish olib boryapmiz”, – dedi u.

Ma’lum qilinishicha, yuridik shaxslar emas, jismoniy shaxslar uchun chiqariladigan obligatsiyalar bo‘yicha ham ishlar olib borilyapti.

“Bu bo‘yicha ham keyingi yillarda rejalarimiz bor. Faqat bitta narsani inobatga olish kerak. Jismoniy shaxslarga mo‘ljallangan obligatsiyalarning foiz stavkasi yuridik shaxslarnikidan ancha yuqori bo‘lishi kutilyapti. Sababi biz kamida banklardagi depozit stavkalari bilan tenglashishimiz kerak. Shuning uchun mana shu 3-4 foizlik farq bizni bu rejalardan tiyib turibdi, lekin albatta, bu rejalarimizda bor”, – dedi vazirlik moliya vaziri o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil oxirida Moliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda uzoq tanaffusdan keyin davlat qimmatli qog‘ozlari bilan operatsiyalarni qaytadan boshladi, ammo ularni qonun bo‘yicha O‘zbekistonning faqat yuridik rezident-shaxslari sotib olishlari mumkin.

2019 yilda Kapital bozorini rivojlantirishning besh yillik strategiyasi loyihasi e’lon qilindi. Unda jismoniy shaxslarga davlat qimmatli qog‘ozlarini sotib olish imkoniyati berilishi borasida dastlabki daraklar berildi. 2021 yilda esa Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tugatilib, uning barcha vazifalari Moliya vazirligiga qaytarildi.

2020 yilda Markaziy bank jismoniy shaxslarga davlat obligatsiyalarini sotishga hali ertaligini ma’lum qildi. Regulyator rahbarining o‘sha paytdagi o‘rinbosari Ilhom Norqulov (hozirda iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari) past daromadlilik sababli qimmatli qog‘ozlar aholi orasida talabgir bo‘lmasligini aytgandi.

“O‘z navbatida, banklar bu qog‘ozlardan likvidlikni ushlab turishda foydalanadi”, – deya tushuntirgandi Norqulov. 

Mavzuga oid