Fan-texnika | 22:41 / 06.08.2022
53386
6 daqiqa o‘qiladi

“Aqlli” ko‘zoynak, suzuvchi shahar va dunyodagi eng yengil noutbuk – hafta texnodayjesti

Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi texnologiya va ilm-fanga oid eng qiziqarli xabarlarni jamladi.

Suzuvchi shahar

Foto: Waterstudio/Dutch Docklands Maldives

Maldiv orollari poytaxti Male shahridan uncha uzoq bo‘lmagan hududdagi suv havzalarida 20 ming kishini sig‘dira oladigan suzuvchi shahar qurilmoqda.

Ushbu loyiha Gollandiyaning Waterstudio arxitektura firmasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, 2009 yilda boshlangan va 2027 yilgacha to‘liq yakunlanishi kutilmoqda.

Suzuvchi shaharda asosiy transport vositasi sifatida qayiqlardan foydalanish ko‘zda tutilgan. Bu yerda mashinalar umuman bo‘lmaydi, ularning o‘rniga velosiped, elektr samokat va skuterlardan foydalaniladi.

Qurilayotgan suzuvchi shahardagi ko‘chmas mulk narxi 150 ming dollardan 250 ming dollargacha baholanmoqda. Ilk xaridorlar 2024 yilda orolga ko‘chib o‘tishlari mumkin bo‘ladi. 

Dunyodagi eng yengil noutbuk

Foto: aroged.com

Yaponiyaning Fujitsu kompaniyasi og‘irligi 634 grammga teng Lifebook WU-X/G2 noutbukini taqdim etdi.

Noutbukning displeyi 13 dyuym bo‘lib, qurilmaga Intel Core i5-1235U yoki i7-1255U protsessori o‘rnatilgan. Fujitsu Lifebook noutbukining tezkor xotirasi 32 GB, ichki xotirasi esa 256 GBdan 2 TBgacha yetkazilishi mumkin. U Bluetooth 5.1 va Wi-Fi 6 simsiz modullari, SD-kartalar uchun tirqish va veb-kamera bilan jihozlangan. 

Noutbuk korpusi uglerod tolasidan ishlangan. U Windows 11 operatsion tizimida ishlaydi. 

Fujitsu Lifebook WU-X/G2 bazaviy modeli narxi 1,3 ming dollardan boshlanadi. 

“Aqlli” ko‘zoynak

Foto: Xiaomi

Xiaomi kompaniyasi videotasvirga tushirish imkoniyatini beruvchi Mijia Glasses Camera aqlli ko‘zoynaklarini namoyish etdi. Ishlab chiqaruvchilarning so‘zlariga ko‘ra, qurilma ustida 2 yil ish olib borilgan.

Aqlli ko‘zoynak 50 megapikselli keng burchakli kamera, shuningdek, tasvirni 5 martagacha kattalashtirish imkoniyatini beruvchi 8 megapikselli periskop telefoto linzasi bilan jihozlangan. Qurilma 100 daqiqagacha to‘xtovsiz videoga olishi mumkin, akkumulyator quvvati 1020 mA/soat.

Mijia Glasses Cameraʼning taxminiy narxi 375-400 dollarni tashkil etishi mumkin.

Smartfonlar bozorida pasayish kuzatildi

2022 yilning ikkinchi choragida global miqyosda smartfonlar yetkazib berish 287 million donaga qisqargan, bu 2020 yilning ikkinchi choragidan beri qayd etilgan eng past choraklik ko‘rsatkichdir.

Ushbu davrda Samsung 61,8 million dona smartfon yetkazib berib, umumiy bozorning 21 foiz ulushiga egalik qilgan.

Apple bozorning 17 foiz ulushini egallab, 49,5 million dona smartfon yetkazib bergan. Keyingi pog‘onalarda Xiaomi, Oppo va Vivo kompaniyalari qayd etilgan.

Oziq-ovqat chiqindilaridan sement ishlab chiqarildi

Foto: The University of Tokyo

Tokio universiteti qoshidagi Sanoat fanlari instituti olimlari qurilish materiallari ishlab chiqarish uchun oziq-ovqat chiqindilaridan foydalanadilar. Bu usul faqat karam barglari va apelsin po‘stlog‘i kabi meva va sabzavot qoldiqlaridan sement ishlab chiqarishni nazarda tutadi. Tadqiqot natijalari umid baxsh etmoqda: oziq-ovqat chiqindilarining samarali bog‘lovchi modda ekani isbotlangan.

Professor Yuya Sakai rahbarligidagi tadqiqotchilar guruhi yog‘och kukunidan qurilish materiallarini tayyorlashda keng qo‘llaniladigan «issiq presslash» usulidan foydalanmoqda. Bunda dengiz o‘tlari, karam barglari, apelsin, piyoz, qovoq va banan po‘stlog‘i quritiladi va kukun holatiga keltirilib, presslanadi. Olingan sement mustahkamligi bo‘yicha tijoriy portland sementdan qolishmagan. 

Tokio universiteti jamoasi tomonidan ixtiro qilingan usul qurilish sanoati va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashga ham katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Agar texnologiya keng miqyosda joriy qilinsa, insoniyat an’anaviy sementga bog‘liqlikdan qutulishi mumkin. Hozirgi vaqtda global karbonat angidrid chiqindilarining qariyb 8 foizi sement ishlab chiqarish sanoati ulushiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, ushbu usul issiqxona gazlari chiqindilarining eng katta manbalaridan biri bo‘lgan oziq-ovqat chiqindilaridan oqilona foydalanish imkonini beradi.

Muzeyda ekskursiya tashkillashtiruvchi robot

Rossiyaning Promobot kompaniyasi yangi robot qo‘llanmasini ishlab chiqdi. Keng lingvistik baza tufayli robot o‘zi ishlayotgan joy haqida hamma narsani biladi va bu ma’lumotlarni unutmaydi.

Qayd etilishicha, robotlar muassasaga yangi tashrif buyuruvchilarni jalb qilishi va xodimlarning ishini osonlashtirishi kerak.

Robot o‘z yo‘riqnomasida ham muzey xodimi, ham eksponat sifatida ko‘rsatiladi. Yangi texnologiya bir qancha vazifani bajara oladi: o‘z ekranida reklama materiallarini ko‘rsatish, mehmonlarning savollariga javob berish, guruhlarga muzey eksponatlari haqida aytib berish.

O‘zbekistonda bir qator ijtimoiy tarmoqlar blokdan chiqarildi

Foto: Dado Ruvic / Reuters

O‘zbekistonda 1 avgustdan boshlab Twitter, WeChat va “Vkontakte”  ijtimoiy tarmog‘iga qo‘yilgan to‘siq olib tashlandi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, TikTok platformasi bilan muzokaralar davom etmoqda, natijalari yuzasidan qo‘shimcha xabar berilishi aytilgan.

Ma’lumot uchun, mazkur ijtimoiy tarmoqlar 2021 yilning 2 iyul kuni bloklab qo‘yilgan edi.

Mavzuga oid