Jamiyat | 17:40 / 06.08.2022
26854
8 daqiqa o‘qiladi

“Boshida ko‘pchilik ishonmagan edi” - O‘zbek qizi taekvondoda ilk marta jahon chempioni bo‘ldi

14 yashar Laylo Hasanova o‘zbek sportida yangi sahifa ochdi: u taekvondo WT bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan ilk o‘zbekistonlik bo‘ldi. “Musobaqada qatnashmaslikka ham rozi edim, boshida yutqazib qo‘ysam-chi deb rosa qo‘rqdim”, – deydi yosh chempion Kun.uz'ga bergan intervyusida.

Taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi 1992 yildan boshlab jahon musobaqalarida qatnasha boshlagan. Shu vaqtgacha ko‘plab g‘alabalar qo‘lga kiritilgan, ammo hech bir o‘zbek qizi jahon chempioni bo‘lmagan edi.

2022 yil 28-31 iyul kunlari Bolgariyaning poytaxti Sofiya shahrida taekvondoning WT bo‘yicha kadetlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida 14 yoshli Laylo Hasanova oltin medal sohibasiga aylandi. Boz ustiga, u musobaqaning “Eng yaxshi taekvondochi qizi” deb ham topildi.

Kun.uz yaqindagina musobaqadan qaytib kelgan Laylo va uning murabbiylari – Rixsitilla Sobirov hamda Muhammadma’sum Nazaraliyev bilan suhbatlashdi.

“Qo‘rqdim, lekin ishonch bildirishdimi, endi harakat qilishim kerakligini tushundim”

Toshkentlik sportchi musobaqa taassurotlari haqida shunday deydi:

— 4 yoshligimda televizorda taekvondochilarni ko‘rib, ularning kiyimiga qiziqib qolganman. Keyinchalik oyimga shu sport bilan shug‘ullanmoqchiligimni aytganman va shu bilan maktabimizda ochilgan to‘garakka borishni boshlaganman. Qarasam, mashg‘ulotdagilarning barchasi chiroyli shug‘ullanishyapti, tepishyapti. Buni ko‘rib, men ham qiziqib ketganman.

Jahon chempionati bo‘lishini, u yerga faqat yaxshi tayyorlanganlar borishini terma jamoamiz bosh murabbiyi Sobir aka Nazaraliyev aytdilar. Keyin hamma sportchilar shug‘ullanishga kirishib ketdik. Saralash jarayonlari boshlandi, bunga boshqa viloyatlardan ham bir qancha sportchilar kelishdi. Orada murabbiylarimiz bizni pishitishdi.

Jahon chempionatiga 1 oycha vaqt qolganida, ro‘yxat e’lon qilindi. Qarasam, mening ham ismim bor ekan, juda xursand bo‘lib ketdim. To‘g‘risi, juda orzu qilardim, jahon chempionatiga chiqishni, lekin rostdan ham chiqishimga ishonmasdim.

Boshida musobaqaga tushmasam-chi, meni tanlashmasa ham mayli, degan fikr ham o‘tdi. Keyin yo‘q, shuncha ishonch bildirishdimi, endi harakat qilishim kerakligini tushundim. Lekin yutqazib qo‘yishdan qo‘rqqandim.

Bolgariyaga borib qo‘nganimizdan keyin, 4 kun musobaqa bo‘ldi. Birinchi kuni boshqa 5 nafar sportchilarimiz tushdi, o‘sha kunning o‘zida medallar olib, o‘zlarini ko‘rsata olishdi. Men shuning ertasiga tushdim. O‘zi birinchi kundagilarni ko‘rib, hayajonlanib bo‘lgandim. Maydonga chiqib, hakamni ko‘rganimdan keyin sal bosildim. Shundan so‘ng birinchi raundda yutdim, ancha xursand bo‘ldim.

“Chempionatdan oldin qo‘lidagi jarohatiga qaramay mashg‘ulotlarni davom ettiraverdi”

Rixsitilla Sobirov, Layloning ilk murabbiyi:

— Shayxontohur tumanidagi 45-maktabda (Laylo shu maktabda o‘qiydi – tahr.) Nazaraliyevlar jamoasining filialini ochganman. O‘sha ochgan filialimizga birinchi shogirdlardan bo‘lib Laylo kelgan. Laylo – berilgan vazifalarni a’lo darajada bajaradigan, mehnatkash qiz.

Boshida Sobir aka Nazaraliyev bizga ishonch bildirganlaridan keyin, biz shogirdimiz ustida yanayam qattiqroq ishlashni boshladik. Sobir akaning ham alohida mashg‘ulotlari bo‘lar edi, terma jamoa yig‘ini bilan ertalab soat 10da va kechki vaqt soat 4da shug‘ullanar edi. Jarayonda bizni ham biriktirib, vazifalarni taqsimlab turdi. Umuman olganda, asosiy ishni ular qildi, biz to‘ldirib turdik, xolos.

Barchasi terma jamoaga kirishimizdan boshlandi. Biz ishongandik, kutgandik, terma jamoaga yo‘llanmani qo‘lga kiritib, bittadan vazifalarimizni amalga oshirdik. Keyin jahon chempionatiga yo‘llanma olamizmi yoki yo‘q, yana hayajonimiz boshlandi. Shu bilan jahon chempionatiga ham yo‘llanmani oldik, yana bir yutuqqa erishdik. Har bir chiqishimizdagi taassurotlarni aytib berish qiyin.

Jahon chempionatidan oldin mashg‘ulotlardan birida Laylo qo‘lidan jarohat oldi. Qo‘li o‘ralgan bo‘lishiga qaramay, bir kun ham “trenirovka”ni qoldirgani yo‘q. Singan qo‘li bilan shug‘ullanishda davom etaverdi, bu narsa unga to‘sqinlik qilmadi, chunki Laylo haqiqatan ham jahon chempionatida qatnashishni, yutishni istagan edi. Niyatiga yarasha O‘zi ham yetkazdi.

Har bitta jangdan keyin birinchi navbatda Muhammadma’sum akamga qo‘ng‘iroq qildim, biz har bir jangni tahlil qildik, keyingi raqiblarini o‘rganib, nimalar ustida ishlanishi kerakligi bo‘yicha rejalar tuzdik. Men, Muhammadma’sum aka juda hayajonlandik, lekin Layloning yoniga kelganda, o‘zimizni boshqacha tutdik. Chunki bu narsalar unga ta’sir qilishi kerak emasdi.

“Hech kim boshida bu qizning yutishiga ishonmadi”

Muhammadma’sum Nazaraliyev, Layloning murabbiyi:

Layloning fe’li juda ham yaxshi, insoniyligi bor. Kamgapligi uchun uning bor-yo‘qligi ham bilinmaydi. Laylo bilan ishlashda qiyinchilik bo‘lmaydi, chunki u hamma vazifalarni vaqtida bajaradi, mashg‘ulotlarga ham vaqtida keladi. Mabodo kelolmay qolsa ham, bir-ikki kun oldin ogohlantirib qo‘yadi. Shu sababli biz bu qiz bilan yaxshi ishlab ketdik.

Aslida Rixsitilla bilan 2021 yildan birga ishlashni boshladik. O‘shanda aprel oyi Navoiy viloyatida bir musobaqa bo‘lgan edi, shunda Rixsitilla Layloning ustida birgalikda ishlashimizni taklif qildi. Shu bilan reja tuzdik va may oyidan mashg‘ulotlarni boshlab yubordik. O‘sha yilning o‘zida dekabr oyida respublika g‘olibi, keyin xalqaro turnirlarda – Fujayra, Qozog‘istondagi musobaqalarda yaxshi natijalarni ko‘rsatib keldi.

Ochig‘i, boshida ko‘pchilik bu qizning yutishiga ishonmadi. Qizning harakatlari sekin, arsenali kam deyishdi. Biz nima uchun stavka qildik, chunki Laylo hamma raqiblari uchun noqulay taekvondochi hisoblanadi, uning mana shunday o‘ziga xosligi bor. Aytaylik, raqiblari tezkor, egiluvchan bo‘lsa ham, lekin Layloga kelganda ular o‘z uslubini qo‘llay olisholmaydi, chunki u tempni buzadigan sportchi sanaladi. Shuning uchun Laylo bilan ishlash maroqli.

Eng katta stressimiz respublika musobaqasida bo‘ldi. O‘sha musobaqada yutmasa, jahon chempionatiga ketmasdi, chunki terma jamoaga yig‘in bo‘layotgandi. Kadet divizionidagi bu musobaqa Laylo uchun oxirgisi edi. Ungacha u bu kabi turnirda yutmagandi.

Jahon chempionatida Rixsitilla juda qattiq hayajonlandi. Ammo shunga qaramay, biz musobaqaning birinchi kunidanoq oltinni olishga ishondik. Mana shu yerda katta bosim bo‘ldi, biz buni sportchimizga ko‘rsatmaslikka harakat qildik. Ochko yutqazsa ham, “xavotir olma, shunaqa bo‘lishi kerak edi, keyingi raundlarda yutamiz”, deb Layloning ham hayajonini bosdik.

Intervyuni to‘liq holda YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz, chempionatda O‘zbekiston terma jamoasi 16 nafar taekvondochi bilan ishtirok etdi, ulardan 10 nafari sovrindor bo‘ldi:

  • Oltin – Laylo Hasanova
  • Kumush – Dilmurod Ma’rufjonov
  • Bronza – Sofiya Xan, Ahadjon Muxtorov, Javohir Hidoyatov, Nigora A’zamjonova, Omina Ergasheva, Rozalina Tolibjonova, Ominaxon Kamolova, Mubina Bobosaidova.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Aziz Kuryazov.

Mavzuga oid