O‘zbekiston | 07:58 / 11.08.2022
9891
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda juda ko‘p miqdorda pullarni o‘zlashtirgan MChJ mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Poytaxtda «Rayyona Qutlug‘» nomli mas’uliyati cheklangan jamiyat mansabdorlariga jinoyat ishi ochildi.

Foto: Toshkent shahar IIBB

1991 yilda tug‘ilgan E.E. va 1988 yilda tug‘ilgan Z.G. 2022 yil 10 yanvar kuni «Rayyona Qutlug‘» nomli mas’uliyati cheklangan jamiyatni tashkil qilib, 1 avgust kuniga qadar faoliyat olib borgan. 

Toshkent shahar IIBB xabariga ko‘ra, ular shu davrda fuqarolarga avtomashina hamda uy-joylarni boshlang‘ich to‘lovni 10 foizdan 50 foizgacha miqdorda to‘lab, qolgan pullarni 40 ish kunidan 3 yilgacha bo‘lgan muddatda bo‘lib to‘lash imkonini beruvchi shartlar asosida olib berishi mumkinligini bildirgan. 

Mijozlarni ishontirish maqsadida ular bilan shartnoma tuzgan. Biroq MChJ mansabdor shaxslari fuqarolar tomonidan boshlang‘ich to‘lov sifatida to‘langan pullarni, dastlabki ma’lumotga ko‘ra - 2 000 000 000 (ikki milliard) so‘mdan ortiq miqdordagi pullarni noqonuniy ravishda o‘zlashtirgan.

Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksi 167-moddasi (“O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid