O‘zbekiston | 09:07 / 13.08.2022
9396
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda 16 yoshli yigit “moyka”da qoldirilgan Matiz’ni o‘g‘irlab ketdi

Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari davomida u Qashqadaryo viloyati hududida qo‘lga olingan.

Buxoro viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, holat 2022 yil 4 avgust kuni soat 01:30larda Buxoro shahridagi “Airobus” avtomashinalarni yuvish shoxobchasida sodir etilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanida yashovchi, 2006 yilda tug‘ilgan Z.L. yuvish uchun qoldirilgan, fuqaro O.Sh.ga tegishli bo‘lgan Matiz mashinasini olib qochib, noma’lum tomonga yashiringan. 

Holat yuzasidan Buxoro shahar IIO FMB tomonidan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tezkor qidiruv hamda tergov harakatlari olib borilgan. “To‘sib ushlash” maxsus tezkor rejasi asosida o‘tkazilgan qidiruv tadbirlari davomida olib qochilgan mashina Buxoro-Qashdaryo viloyatlarini bog‘lab turuvchi “Shirinbuloq” YPX maskanidan o‘tib ketganligi aniqlangan hamda Z.L. Qashqadaryo viloyati hududida qo‘lga olingan.

Hozirda jinoyat ishida gumon qilinuvchi Z.L.ga nisbatan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid