Jahon | 14:51 / 14.08.2022
53286
10 daqiqa o‘qiladi

Kinoga ko‘chgan hayot: Bedarak yo‘qolgan hindistonlik bola 25 yildan so‘ng onasini qanday topgandi?

Hayotda chigal taqdirga duch kelgan insonlar juda ko‘p. Kelib chiqishi hind bo‘lgan avstraliyalik tadbirkor va yozuvchi Saru Brayyerli ham ana shundaylardan biri. Saru 5 yoshda uyidan adashib boshqa shaharga borib qoladi va uni avstraliyalik oila boqib oladi. Oradan 25 yil o‘tgach Saru uyini topib kelib, onasi bilan yuz ko‘rishadi.

Foto: Kun.uz

Hindiston aholi soni bo‘yicha dunyoda Xitoydan so‘ng ikkinchi o‘rinda turadi. Uning aholisi soni 1,4 milliard nafardan oshgan. Bugun Hindiston aholisining qariyb 30 foizini 15 yoshdan kichik bo‘lganlar tashkil etadi.

Bolalar soni ko‘pligi, qashshoqlik tufayli voyaga yetmaganlarning mehnat bilan shug‘ullanishi ortidan Hindistonda ko‘plab bolalarning umri ko‘chada o‘tadi. Bunday sharoitda har yili o‘n minglab bolalar bedarak yo‘qoladi.

Ularning bir qismi noqonuniy tarzda inson ichki a’zolari savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhlar qurboni bo‘lsa, yana bir qismi mamlakatning boshqa joylariga adashib ketib qoladi. Kelib chiqishi hindistonlik bo‘lgan avstraliyalik taniqli tadbirkor Saru Brayyerlining taqdiri ham shunday kechgan.

www.filmbiz.asia

Saru 5 yoshida poyezdga chiqib yashab turgan joyidan 2 ming kilometr uzoqlikdagi boshqa shaharga borib qoladi va shu tariqa bedarak yo‘qoladi.

Bedarak yo‘qolgan o‘g‘il

1986 yil, Hindistonning Burhonpur shahri yaqinidagi Xandva shaharchasidagi Ganesh Talay mahallasi. Kambag‘al oila a’zosi bo‘lgan Gudu 5 yoshli ukasi Saru bilan ishlash uchun temiryo‘l stansiyasiga borishadi.

Bolalarning otasi tashlab ketgan, ular singlisi va yana bir akasi bilan onasining qo‘lida qolgan edi. Ona arzimagan maosh evaziga qurilishda ishlar, uning topgani oilani boqishga yetmasdi.

Gudu akasi Kallu va ukasi Saru bilan temiryo‘l stansiyasiga chiqib vagonlarni tozalashar, yo‘lovchilarning sumkasini tashib berishar, shu yo‘l bilan pul topib onalariga yordam berishardi.

Kunlardan bir kun Gudu ukasini bilan birga tunda Burhonpur shahridagi temiryo‘l stansiyasiga boradi. Gudu ukasini o‘rindiqda uxlatib qo‘yib, bir o‘zi ishga ketadi.

www.alamy.com

O‘sha tunda Guduni poyezd urib yuboradi va u halok bo‘ladi. Saru uyg‘onib akasini izlay boshlaydi. Hech qayerdan topa olmagach stansiyada to‘xtab turgan bo‘sh poyezdga chiqadi.

Poyezdni boshidan oxirigacha qidirib akasini topa olmagan Saru qattiq charchaydi va vagonlardan birining o‘rindig‘iga o‘tirib, uxlab qoladi. Uyg‘onganida o‘zini boshqa joyda ko‘radi.

Shundan so‘ng Saru uyga qaytish uchun yana ko‘plab poyezdlarga o‘tiradi. Ammo ularning birontasi uni Burhonpurga olib bormaydi, aksincha tobora uzoqlashib ketaveradi.

Shu tariqa u yashagan shaharchasidan 2 ming kilometr uzoqlikda joylashgan Kalkutta shahriga borib qoladi. Kalkuttada asosan bengallar yashaydi. Ona tili hindi bo‘lgan Saru bu shaharda notanish tilda so‘zlashuvchi odamlar orasiga tushib qolib juda qiynaladi.

www.alamy.com

Saru Kalkuttada daydiga aylanadi va qornini to‘qlash uchun tilanchilik qiladi. Gohida majbur bo‘lib yegulik o‘g‘irlaydi. Ana shunday holatda yurganida ko‘chada o‘rta yoshdagi ayollardan biri unga mehribonlik ko‘rsatadi.

Ayol bolani uyiga olib borib ovqat beradi va boshqa bir ayol bilan tanishtirishini, u Saruga uyini topishda yordam berishini aytadi. Ayol kelgach Saru ular bolalarning ichki a’zolarini sotish bilan shug‘ullanadigan jinoiy guruh a’zolari ekanini biladi va u yerdan qochib ketadi.

Oradan biroz o‘tib Saru politsiya qo‘liga tushib qoladi. Politsiya yashash manzilini so‘raganda u mahallasining nomini aytadi. Ammo politsiyachilar bola aytgan mahallani aholi manzillari yozilgan ro‘yxatdan topa olishmaydi. Sarudan yashash joyi haqida jo‘yali javob ololmagach politsiya uni bolalar uyiga topshirib yuboradi.

Avstraliya sari

Saru bolalar uyida yashar ekan, u yerga ijtimoiy yordam tashkilotlarida xizmat qiluvchi xorijliklar tez-tez kelib turardi. Ana shulardan biri Sut xonim kunlardan bir kun Saruga o‘rta yoshdagi avstraliyalik er-xotinning rasmini ko‘rsatadi. Ular Hindistondan o‘zlariga farzand tanlab olish uchun murojaat qilishganda Saruning fotosuratini ko‘rib, yoqtirib qolishgandi.

Saru rozi bo‘lgach er-xotin kelib hujjatlarni rasmiylashtirishadi va bolani Avstraliyaga olib ketishadi. O‘shanda 1987 yil edi.

Saru Avstraliyadagi oilasiga tez ko‘nikadi. U o‘rta maktabda a’lo baholarga o‘qiydi. Maktabni bitirgach mehmonxona biznesi bo‘yicha ta’lim ola boshlaydi.

Saruning kursdoshlari orasida hindistonlik talabalar ham bor edi. Kunlardan bir kun ular Saruni mehmonga chaqirishadi. Mezbonlar dasturxonga tortgan taomlar orasida jalebi deb ataluvchi shirinlik ham bor edi.

Ana shu joyda Saru o‘ziga jalebi pishirib bergan onasini va akasini eslaydi va qanday qilib bo‘lsa ham ularni topishga qaror qiladi. Bu paytda 2007 yil, uydan chiqib ketganiga roppa-rosa 20 yil bo‘lgandi.

Saru do‘stlariga asli Kalkuttadan emasligini, u yerga adashib borganini aytib beradi. Do‘stlari unga yashagan shaharchasini Google Earth xaritasi orqali qidirishni maslahat berishadi.

Tug‘ilgan manzilni qidirib topish

Shundan so‘ng Saru tinimsiz ravishda sun’iy yo‘ldoshdan olingan karta orqali yashagan shaharchasini qidira boshlaydi. U qidiruv davomida poyezdda necha kun yurganini eslab, asosan temiryo‘llar atrofidagi manzillarni sinchkovlik bilan ko‘zdan kechiradi.

U tug‘ilgan shaharchasini topish uchun soatlab kompyuter oldida o‘tiradi. Saru adashib ketmaslik uchun ko‘zdan kechirgan joylarini qayd etib boraveradi.

2011 yilda Saru xaritada Burhonpur deb yozilgan temiryo‘l stansiyasini ko‘rib qoladi. Stansiyadagi va uning atrofidagi binolar tanish edi. Shundan so‘ng stansiya yaqinidagi Xandva shaharchasini ko‘zdan kechirayotib Ganesh Talay deb yozilgan manzilda tanish ko‘chalarni ko‘rib qoladi.

Shunda u Kalkutta politsiya xodimi yashash manzilini so‘raganda Ganesh Talayni yanglishib Ganeshtali deganini va xodim bu manzilni topa olmaganini eslaydi.

2012 yilda Saru Hindistonga kelib, Xandva shaharchasiga boradi va odamlardan 25 yil avval o‘g‘lini yo‘qotgan oila haqida surishtira boshlaydi. Odamlar uni onasining oldiga olib borishadi. Saru onasi, singlisi va akasi Kallu bilan uchrashadi.

Onasining sochlari oqarib, ancha keksayib qolgan edi. Ona va bola uzoq vaqt bir-birini bag‘ridan qo‘yib yubormay ko‘zyosh to‘kishadi. Shundan so‘ng Saru undan akasi Guduni so‘raydi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha kecha Guduni poyezd urib yuborgan va halok bo‘lgan ekan.

Onaizor esa bir kunda ikki o‘g‘lidan ayrilib, g‘amga botib qolgan ekan. Saruning topilganidan barcha xursand bo‘ladi.

Ana shu yerda Saruning haqiqiy ism-sharifi Sheru Munshiy Xon ekani, Saru ismini unga Kalkuttada qo‘yishgani va keyinchalik avstraliyalik ota-onasi unga Brayyerli familiyasini berishgani oydinlashadi.

Mashhurlik, avtobiografik asar va film

Yaqinlarini qidirib topganidan keyin Saruning ajabtovur taqdiri haqida avvaliga Hindistonda, keyin esa dunyodagi ko‘zga ko‘ringan gazeta va jurnallarda va telekanallarda xabarlar e’lon qilinadi.

www.eveyo.com

Shundan so‘ng Saru ko‘plab intervyular beradi va mashhur odamga aylanadi. Shundan so‘ng Brayyerli boshidan o‘tkazganlarini yozib, kitob qilib chop ettiradi. Kitobning nomi «Uygacha olis yo‘l» deb nomlanadi.

2016 yilda avstraliyalik mashhur rejissyor Gart Devis Saruning kitobini o‘qib qoladi va uni film qiladi. Film ilk bor 2016 yil sentabr oyida Toronto kinofestivalida namoyish etiladi va tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olinadi.

deadline.com

Film 2016 yil noyabr oyida AQSh, 2017 yil yanvar oyida Avstraliya kinoteatrlarida namoyish etila boshlanadi.

Filmda bosh rolni «Xarobadan chiqqan millioner» filmidagi roli orqali jahonga tanilgan britaniyalik, kelib chiqishi hind bo‘lgan aktyor Dev Patel o‘ynagan.

Bundan tashqari, Hollivudning mashhur yulduzi Nikol Kidman Saruning onasi rolini ijro etgan. Filmga Saruning haqiqiy ismidan kelib chiqib «Sher» deb nom berilgan.

www.yahoo.com

Film prodyuserlari unga 12 million dollar mablag‘ sarflashadi. Film juda qiziqarli chiqqani uchun u tomoshabinlar orasida ancha muvaffaqiyat qozonadi va ijodkorlariga 140 million dollar mablag‘ ishlab beradi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid