Sport | 04:46 / 17.08.2022
27459
6 daqiqa o‘qiladi

Islom birdamligi o‘yinlari. Og‘ir atletikachilarning oltin medallar shodasi O‘zbekistonni 2-o‘ringa olib chiqdi

Turkiyaning Konya shahrida o‘tayotgan V Islom birdamligi o‘yinlarining 15-16 avgust kungi bahslari O‘zbekiston delegatsiyasi uchun juda omadli keldi.

Bungacha turnirdagi medallar soni bo‘yicha 3-o‘rinda borayotgan vakillarimiz so‘nggi ikki kundagi natijalar evaziga 4-5-o‘rindagi Ozarboyjon va Qozog‘iston ta’qibidan uzoqlashish bilan birga Erondan ham o‘zib, mezbon va peshqadam Turkiyadan keyingi 2-o‘ringa ko‘tarilib olishga erishdi.

Bunday natijaga erishilganiga ayniqsa, og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi a’zolarining oltin medallari muhim o‘rin tutdi.

Ruslan Nurudinov – mutlaq chempion

15 avgust kuni o‘zbekistonlik og‘ir atletikachi, Olimpiada chempioni Ruslan Nurudinov chempionlikka erishgan musobaqalari sonini yana bittaga ko‘paytirdi.

Islom birdamligi o‘yinlarida -109 kg vazn toifasida ishtirok etgan Nurudinov dast ko‘tarishda 187 kg, siltab ko‘tarishda 230 kg va ikki kurash bo‘yicha 417 kg tosh bilan o‘yinlar rekordini o‘rnatgan holda g‘alabani tantana qildi va delegatsiyamiz hisobiga 3ta oltin medalni qo‘shib qo‘ydi.

Akbar Jo‘rayev – rekordchi va 3ta «oltin» sohibi!

Ruslanning benefisidan ko‘p o‘tmay, yana bir og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev katta sahnaga chiqdi. +109kg vazn toifasida yurtimiz sharafini Akbar Jo‘rayev himoya qildi va dast ko‘tarishda 200 kg tosh bilan Islom birdamlik o‘yinlari rekordini o‘rnatib, oltin medal sohibi bo‘ldi.

Foto: Sportni rivojlantirish vazirligi

Siltab ko‘tarish mashqida ham Akbar raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. O‘zbekistonlik Olimpiada-2020 chempioni uchala urinishidan unumli foydalandi (23, 242, 246) va yangi rekord hamda ikkinchi oltin medalini yutdi.

Ikkikurash natijasi (446kg) bo‘yicha esa yurtdoshimiz mutlaq chempionlikni qo‘lga kiritish barobarida O‘zbekiston delegatsiyasi uchun muhim bo‘lgan 3ta oltin medalni taqdim etdi.

Carvarbek Zafarjonovdan ham 3ta «oltin»

-89 kg vazn toifasida ham uchta oltin medal O‘zbekiston hisobiga yozildi. Og‘ir atletikachimiz Sarvarbek Zafarjonov dast ko‘tarish mashqida o‘z g‘alabasini tantana qilgach, siltab ko‘tarishda 199 kg, ikki kurashda esa 366 kg tosh bilan mutlaq chempionlikni rasmiylashtirdi.

Foto: Sportni rivojlantirish vazirligi

Adhamjon Ergashevdan 2 oltin, bitta kumush medal

-67 kg vazn toifasidagi bellashuvlarda ham O‘zbekiston vakili zafar quchdi. Adhamjon Ergashev dast ko‘tarish va ikki kurash dasturida oltin, siltab ko‘tarish mashqida kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Foto: Sportni rivojlantirish vazirligi

Muhammadqodir Toshtemirovdan oltin va bronza medali

Og‘ir atletikaning -81 kg vazn toifasidagi dast ko‘tarish mashqida oltin medalga yana bir atletimiz Muhammadqodir Toshtemirov ega chiqdi. Ikki kurash hisobida esa u 354 kg bilan bronza medali bilan taqdirlandi.

Foto: Sportni rivojlantirish vazirligi

Turnir kashfiyoti – Tursunoy Jabborova mutlaq chempion!

Og‘ir atletikada faqat erkak sportchilar emas, ayollar o‘rtasida ham oltin medallar qo‘lga kiritildi. Endigina 20 yoshga qadam qo‘ygan og‘ir atletikachi Tursunoy Jabborova 15 avgust kuni Islom birdamligi o‘yinlarida -87 kg vazn toifasida kechgan bahslarda mutlaq chempionlikni qo‘lga kiritdi. Dast ko‘tarishda 109 kg, siltab ko‘tarishda 126 kg, ikki kurashda 235 kg natija ko‘rsatgan Tursunoy barcha yo‘nalishda oltin medallarni o‘ziniki qildi. Tursunoy ushbu turnir kashfiyotlaridan biriga aylandi.

Foto: Sportni rivojlantirish vazirligi

Og‘ir atletika: O‘zbekiston milliy jamoasi turnirda mutlaq g‘olib

E’tiborlisi, og‘ir atletikachilarimiz barcha sport turlari orasida O‘zbekiston delegatsiyasi jamg‘armasiga eng ko‘p – 24ta medal taqdim etishdi. Shundan 15tasi oltin, 3tasi kumush, 6ta esa bronza medalidir.

Foto: Sportni rivojlantirish vazirligi

Shu tariqa, O‘zbekiston Islom birdamligi o‘yinlarining og‘ir atletika sport turi bo‘yicha tengsiz ekanligini ko‘rsatdi. Milliy jamoamiz 15ta oltin bilan umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2-o‘rin 12ta oltinga ega chiqqan Indoneziyaga, 3-o‘rin esa Turkiyaga nasib qildi. Mezbonlar 11ta oltin, 11ta kumush va 28ta bronzaga egalik qilgan.

 

Bundan avval, 2017 yil Bokuda o‘tkazilgan ushbu turnirda og‘ir atletikachilarimiz 1ta oltin, 3ta kumush, 5ta bronza bilan umumjamoa hisobda 5-o‘rinni egallaganini inobatga olsak, bu boradagi katta o‘sish quvontirmay qo‘ymaydi.

Umumjamoaviy reyting: O‘zbekiston Erondan o‘zib, 2-o‘ringa ko‘tarildi

Tosh ko‘taruvchi atletlarimizning g‘olibona yurishi O‘zbekiston delegatsiyasining Islom birdamligi o‘yinlarining umumjamoaviy reytingiga yaxshigina ta’sir qildi. 17 avgust holatiga ko‘ra, Turkiya jami 106ta oltin bilan peshqadam, O‘zbekiston esa oltinlari sonini 43taga yetkazib, Erondan o‘zgan holda 2-o‘ringa ko‘tarildi. Turnir yakunlanishiga ikki kun vaqt qolganda forslar jamg‘armasida 37ta oltin medal bor. Kuchli beshlikdan Ozarboyjon va Qozog‘iston ham joy olgan.

Islom birdamligi o‘yinlari. Konya-2021 medallar jamg‘armasi (17 avgust holatiga ko‘ra, top-15lik):

Usmon Ibodov

Mavzuga oid